Arxaizm-semema-hozirgi tilda mavjud bo'lgan leksemaning eskirgan nomi.
Mas., g'am so'zi hozirgi o'zbek tilida «qayg'u», «xasrat», «alam», «tashvish»,
«kulfat» ma'nolarida qo'llanadi, o'tmishda (eski o'zbek tilida) esa bu so'z «ishq»,
«muhabbat», «sevgi» ma'nolarini ham ifodalagan: «Bir yuzi gulgun g'amidin yuz
tugon ko'nglumdadur, Xor-xorimning iloji bodan gulgun dengiz»- «Xazoyinul-
maoniy»dan. Hozirgi g'am so'zining «ishq», «muhabbat» ma'nolari eskirgan bo'lib,
arxaizm-semema sanaladi. Bunday holni harf so'zi ma'nolarida ham ko'ramiz. Bu
so'z hozirgi o'zbek tilida «alifbodagi grafik belgi» ma'nosini anglatadi, eski o'zbek
tilida esa harf so'zining «so'z», «nutq» ma'nolari ham bo'lgan: «Har harfi oning
tanimda jon bo'ldi yana, Har lafzi hayoti jovidon bo'ldi yana»- «Xazoyinul-
maoniy»dan. «...Ul masal borkim: «On guzarro burd». Aning davlatining va
navkarining intiqomida bu harfni aning tiliga tengri soldi»- «Boburnoma»dan.
Harf so'zining ana shu ikki ma'nosi hozirgi o'zbek tiliga nisbatan arxaizm-semema
hisoblanadi.
Ba'zan so'zning o'zi yoki ma'nolaridan biri emas, balki talaffuzi eskiradi,
natijada shu so'zning eskirgan talaffuz varianti, demak, leksik-fonetik (yoki
fonetik-leksik) arxaizm yuzaga keladi. Qiyos qiling: qo’biz (g’ijjakka o’xshash
cholg’u asbobi) – qo’buz (shu asbob nomining eskirgan talaffuz varianti, leksik-
fonetik arxaizm: “yana biri Sayid Yusuf o’g’loqchi edi... Mardonalig’i ham bor
edi... Qo’buzni yaxshi cholur edi”. “Boburnoma”dan); bugun (payt ravishi) –
bukun (shu so’zning eskirgan talaffuz varianti, leksik-fonetik arxaizm: Bukun
sendin xabar topa olmaduq.-“Holoti Sayyid Hasan Ardasher”dan); ilon (“sudralib
yuruvchi jonivorning bir turi”) – yilon (shu jonivor nomining eskirgan talaffuz
varianti, leksik-fonetik arxaizm: “muloyim takallum vahshiylarni ulfat sari
boshqarur, fusungar afsun bilan yilonni to’shukdin chiqarur”-“Mahbubul-
qulub”dan).
Talaffuzdagi arxiaklashish leksemalardagina emas, balki leksik ma’noga ega
bo’lmagan so’zlarda (olmoshlarda, ko’makchilarda) ham uchraydi. Mas., u, bu,
shu, o’sha (kishilik va ko’rsatish olmoshlarining hozirgi fonetik- orfoepik
shakllari) – ul, bul, shul, o’shal, o’shul (shu olmoshlarning eskirgan talaffuz
variantlari). M i s o l l a r: Ahli irfon soliki atvori ul, Ma’rifat bozorining Attori ul.
(“Lisonut-tayr”dan); Bul Rustamdurkim, amirul-mo’minin Umar... Madoying’a
Sa’d Vaqqosni arab cherikin boshlatib yibarganda... (“Tarixi mulki ajam”dan);
Janobi o’shal Hodixo’ja eshon, Olur o’zlarin ag’niyon zamon (Muq.); Fath tolibga
etishmas, agar ermas muxlis, Kim o’shul fotihaning lozimasidur ixlos.
(“Xazoyinul-maoniy”dan). Bunday arxiaklashish bilan ko’makchisida ham
kuzatiladi: Xoh tanobingni duchandon qilay, Xoh karam birla boshingni silay.
(Muq.). Bu gapdagi birla hozirgi bilan so’zining arxiaklashgan talaffuz variantidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |