Vatanparvarlik – yetuk ma’naviyatlilik mezoni
Milliy mustaqillik- halqimizda, ayniqsa o‘sib kelayotgan yosh barkamol avlodimizda
vatanparvarlik tuyg‘ularining tiklanishida muhim ahamiyat kasb etdi. Hozirda
vatanparvarlik o‘zining qanday qirralari bilan namoyon bo‘layotir? Vatanparvarlikning
mohiyati nimalarda, qanday amaliy ishlar faoliyatida namoyon bo‘ladi? Umuman
vatanparvarlik nima, uni qanday tushunmoq kerak, u haqda donishmandlar nima
deganlar? Quyida ana shular haqida bahs yuritmoqchimiz.
Vatanparvarlik- Vatanga nisbatan sadoqat, unga xizmat qilish, yurt tinchligini asrash,
Vatan ravnaqi uchun faol bo‘lishga undaydigan ijtimoiy, ma’naviy-axloqiy fazilat. Uning
mazmuni-Vatanga mehr-muhabbat va sodiq bo‘lishdan, yurtning o‘tmishi va hoziri uchun
fahrlanishdan, mamlakat manfaatlarini himoya qilishga intilishdan iborat. Vatanparvarlik
ota-bobolardan meros qolgan zaminni sevish, halq urf-odatlarini, qadriyatlarini asrash va
rivojlantirish, o‘z ona Vatanini dushmanlardan, yot va begona g‘oyalardan himoya qilish,
uning ozodligi va mustaqilligi uchun jonini ham ayamasligi nazarda tutiladi.
Vatanparvar insongina hozirgi kunda o‘zlarining g‘arazli va jirkanch niyatlarini
amalga oshirish maqsadida yurtimizga har-xil yo‘llar bilan kirib kelayotgan, mustaqil
dunyoqarashi shakllanib ulgurmagan yoshlarimizni qalbi va ongini qandaydir zararli va
buzg‘unchi g‘oyalar bilan egallashga harakat qilayotgan yovuz kuchlarga qarshi kurasha
oladi va o‘z yurtini g‘animlardan himoya qiladi.
Jamiyat rivojlangani sari katta ijtimoiy ahamiyat kasb etadigan ma’naviy
qadriyatlardan biri vatanparvarlik tuyg‘usidir. Vatanparvarlik ona yurtining, halqining
tarixi va taqdiriga chuqur hurmat bilan qaraydigan, vatan manfaatlari yo‘lida fidoyilik
namunalarini ko‘rsatishga qodir bo‘lgan shaxslarga xos fazilat.
Vatanparvarlik-o‘z taqdirini vatan, millat taqdiri bilan bog‘lagan barcha kishilarga
xos fazilat. Mamlakat, millat taraqqiyotining imkoniyatlari, shon-shuhrati, obro‘-e’tibori
ham shu millat kishilari vatanparvarlik tuyg‘usining darajasi bilan bog‘liq bo‘ladi.
Ota-bobolarimiz, avlod-ajdodlarimiz uchun Vatanga, eliga muhabbat muqaddas
tuyg‘u bo‘lgan. Ular vatan, halq manfaati, milliy qadr-qimmat, or-nomus masalasini
hamma narsadan ustun qo‘yganlar, kerak bo‘lganda bu manfaatlar yo‘lida o‘z jonlarini,
hayotlarini qurbon qilishni o‘zlari uchun sharaf deb bilganlar.
Agar har bir odam o‘zi tug‘ilgan qishloq yoki shaharnigina vatanim deb tushunsa, bu
mahalliychilik kayfiyatlarini kuchaytiradi, kishilarni muayyan hududda yashayotgan
ijtimoiy-etnik birlik sifatida uyushishiga, birlashishiga, butun mamlakat, millat
manfaatlarini bir yoqadan bosh chiqarib himoya qilishga to‘sqinlik qiladi. Yahlit yagona
vatanni tan olmaslik milliy parokandalik, vatan tanazzulining belgisidir.
Vatanparvarlik muayyan mamlakatda yashovchi barcha millat va elatlarning
vakillarini aniq maqsad va manfaatlar yo‘lida birlashtiruvchi umummilliy g‘oya hamdir.
Agar biror mamlakatda yashovchi barcha fuqarolar tarqoq, uyushmagan, umummilliy
manfaatlar birligini anglamagan, qabila-urug‘chilik, mahalliychilik, guruhbozlik girdobiga
o‘ralib qolgan bo‘lsa, ularda mushtarak vatanparvarlik tuyg‘usi, hamda
e’tiqodi bo‘lmaydi. Bunday millat kishilarini bir-biriga qarama-qarshi qilib qo‘yib,
asoratga olish oson kechadi. Vatanparvarlik tuyg‘usi va e’tiqodi bilan sug‘orilgan milliy
birlik, birdamlik, ahillik, hamkorlik, hamdardlik tuyg‘usi millatning kuchi va qudratini
belgilovchi, istiqbolini porloq qiluvchi ma’naviy omil va mezondir.
Mustaqil O‘zbekiston taraqqiyotida umummilliy birlikning ahamiyati va aksincha
umummilliy tarqoqlikning salbiy jihati haqida Prezidentimiz aytgan quyidagi so‘zlar
yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega: “Yurtimizda
yashayotgan har qaysi inson o‘zini eng avvalo O‘zbekiston fuqarosi deb, shundan
keyingina muayyan bir xudud vakili, aytaylik, xorazmlik, samarqandlik yoki Farg‘ona
vodiysi farzandi deb his qilishi lozim. Tabiiyki, bu holat har birimiz mansub bo‘lgan
“mo‘jaz vatan”ning, tug‘ilib o‘sgan shahar yoki qishloqning qadri va ahamiyatini aslo
kamaytirmaydi. Biroq shuni esda tutish kerakki, haddan tashqari bo‘rttirib yuborilgan
mahalliy vatanparvarlik millatning, halqning jipslashuviga xalaqit beradi.
Biz vatan tuyg‘usini mana shunday yaxlit holda, ya’ni dunyoda yagona o‘zbek
millati bor, xorazmlik, farg‘onalik, surhondaryolik o‘rtasida hech qanday milliy farq yo‘q,
ularning barchasi o‘zbek halqining farzandi deb anglashimiz, yosh avlodimizni aynan shu
ruhda tarbiyalashimiz zarur”.1
1 Karimov.I.A. Yuksak ma’naviyat-yengilmas kuch. 90-91-betlar.
2 Qarang: Erkin Yusupov. Inson kamolotining ma’naviy asoslari. 149-b.
Vatanga, uning istiqboliga bo‘lgan munosabat ma’naviyat darajasiga ko‘tarilib, inson
faoliyatiga maqsad va yo‘nalish berish-vatanparvarlikdir. Vatanparvarlik-bir ijtimoiy etnik
guruhga mansub bo‘lgan kishilarning o‘z tarixini, tili, madaniyati, urf-odatlarini, milliy
obro‘si, qadir-qimmatini bilish, hurmat qilishi, ularga tayanishi, shu bilan birga boshqa
halqlarning ham obro‘-e’tiborini, mafaatlarini hurmat qila bilishni ifodalovchi ma’naviy
mezondir.2
Vatan inson uchun ona kabi qadrdon va mo‘tabardir. Inson uchun ona bitta bo‘ladi.
Iymonli, e’tiqodli kishilar uchun vatan ona kabi muqaddas va yagonadir. Vatanga bo‘lgan
muhabbat kishilarni har qanday mafkuraviy g‘oyalardan kuchliroq asosda birlashtiradi,
ulug‘ ishlarni hamjihatlik bilan boshlashga safarbar etadi.
Vatanparvarlik-vatanni ulug‘lashdan tashqari, uning qadr-qimmatini, uning har bir
qarich yerini, mustaqilligini himoya qila bilishdir. Vatanparvarlik vatan taqdiri, uning
taraqqiyotining eng ma’suliyatli davrlarida yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Vatanga hiyonat qilish, o‘z manfaatini vatan manfaatiga qarama-qarshi qo‘yish
vatanga qilingan hiyonat va sotqinlik sanaladi. Vatanni, uning manfaatlarini pulga,
boylikka, maishiy qulay sharoitga almashtirish, vatanfurushlik ma’naviy tubanlashishning
belgisidir.
Qadimgi turkiy davlatlaridan birining asoschisi Metexon bilan bog‘liq quyidagi
voqea ajdodlarimizga xos bo‘lgan vatanparvarlikning misoli bo‘la oladi.
“Qo‘shni davlatning podshosi bu mamlakatga xujum qilish, uni bosib olish,
boyliklarini talash uchun bahona qidirgan. Metexon esa urush chiqib, el yurtning vayron
bo‘lishini istamas edi. Urushqoq qo‘shni davlat podshosi dastavval Meetexondan juda
yaxshi ko‘rgan otini so‘ragan. Metexon yurt tinchligi, ozodligi yo‘lida noiloj bu talabni
bajargan, hech ikkilanmay otini unga bergan. Keyin esa chiroyli kanizagini so‘ragan.
Metexon noiloj bu talabni ham bajargan. U, «men vatanimni o‘z ishqim o‘g‘risiga xor
etmayman”, degan. Keyin esa mamlakatning ekinsiz, qarovsiz, o‘rmonsiz bir parcha
yerini so‘ragan. Shunda Metexon quyidagi so‘zlarni aytgan ekan: «Vatan, bizning
mulkimiz emas. Mozorda yotgan otalarimizning va qiyomatga qadar tug‘ilajak
avlodlarimizning bu muborak tuproq ustida haqlari bordir. Vatan sarhadlaridan ozgina
bo‘lsa ham, bir qarich bo‘lsa ham yer bermakka hech kimning salohiyati yo‘q. Bundan
buyog‘iga urush qilajakmiz.
Endi men otimni dushmanga suraman, orqamdan kelmagan o‘ldirilajakdir.”1
1 Erkin Yusupov. Inson kamolotining ma’naviy asoslari. 149-150-b.
2 Karimov.I.A. Yuksak ma’naviyat-yengilmas kuch. 97-98-betlar.
Tarixda nomi ma’lum va mashhur buyuk mutasavvuf olim Shayx Najmiddin Kubro
haqiqiy vatanparvar, qahramon bo‘lgani elimizga ma’lum. El-ulus, mamlakat boshiga
og‘ir kunlar kelib turganida mamlakatni tashlab ketishni, jonini asrab qolishni o‘zi uchun
nomus deb bildi. U qo‘liga qurol olib, jang maydonlarida ajnabiy mo‘g‘ul bosqinchilarga
qarshi kurashda xalok bo‘ldi.
Vatanparvarlik-yetuk ma’naviyatlilik mezonidir. Ma’naviyati zaif bo‘lgan xalqda
vatanparvarlik tuyg‘usi ham kuchli bo‘lmaydi. Shu sababli ham barcha davrlarda oldingi
mavzularimizda ko‘rib o‘tganimizdek, bosqinchilar halqning ma’naviy kamoloti
imkoniyatlarini cheklash yo‘li bilan uning vatan haqidagi buyuk tuyg‘ularini
zaiflashtirmoqchi bo‘lganlar. Ma’rifat ziyosini sochib, halqning vatanparvarlik tuyg‘usini
kuchaytiradigan kuch ziyolilar ekanligini yaxshi tushungan ajnabiy bosqinchilar dastavval
millatni shu ma’naviy rahnamolaridan mahrum qilishga xarakat qilgan. “Ma’lumki,-deb
ta’kidlagan edi Prezidentimiz Islom Karimov,- 1937-1953 yillarda sobiq SSSR hududida
mudhish ommaviy siyosiy qatag‘onlar amalga oshirilgan edi. Uning salbiy oqibatlarini
o‘zimizga tasavvur etish uchun birgina O‘zbekiston bo‘yicha qariyib 100 ming kishi
qatag‘onga uchrab, 13 ming nafari otib tashlanganini eslash kifoya. Insoniy qadr-qimmati
toptalgan, hayoti poymol etilgan bu odamlar orasida nafaqat arbob va ziyolilar, yuzlab
oddiy insonlar, yurtimizda istiqomat qilgan deyarli barcha millat va elatlarning vakillari
bor edi.»2
Vatanparvarlik so‘zda emas, balki amaliy ishlarda, xatti-xarakatlarimizda namoyon
bo‘lgandagina taraqqiyotning hal qiluvchi omiliga aylanishi mumkin. Hozirgi murakkab
o‘tish davrida mustaqilligimizni iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, ma’naviy asoslari
mustahkamlanayotgan davrda vatanparvarlik e’tiqodi har birimizning amaliy ishlarimizda,
fuqarolarning kundalik faoliyatida namoyon bo‘lishi ayniqsa katta ahamiyatga ega. Bunda
har bir inson faoliyatida onglilik bilan fidoyilik birlashmog‘i zarur.
Inson vatanining, halqning qadr-qimmatini, ahamiyatini ruhan anglab yetgandagina
vatanparvarlik uning qalbidan chuqur o‘rin oladi.
Tinchlik, farovonlik davrlarida ko‘pincha vatan haqida kamroq o‘ylaymiz. Lekin
vatan, millat boshiga biror musibat tushganida vatanparvarlik e’tiqodi kuchayib ketadi.
Har bir shaxsning o‘z vatani va halqiga bo‘lgan e’tiqodi qay darajada kuchli ekani ana
shunday davrlarda yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Vatanparvarlik bilan bog‘langan faoliyatning katta-yu kichigi bo‘lmaydi. Inson o‘z
hayotining har bir daqiqasida, bosgan qadami, qilgan ishi-yu, aytgan so‘zlaridan Vatan
oldidagi burchi va ma’suliyatini unutmasligi lozim.
Hovlimiz, ko‘chamiz, mahallamiz obod bo‘lsin deb ko‘chat eksak, uni
parvarishlasak, biror joy iflos bo‘lsa, uni achinib, kuyib-pishib tozalasak, oilaviy nizolar
kelib chiqsa yaxshi niyat bilan o‘rtaga tushib er-xotinni, quda-andalarni yarashtirib
qo‘ysak, bilimimizni muntazam oshirishga, zamonaviy ilm-fan, texnika va
texnologiyalarni qunt bilan egallashga intilsak, ularni hayotga tadbiq etsak,
ishbilarmonlik, tadbirkorlik yo‘lidan borib, yaxshi sifatli, arzon maxsulotlar ishlab chiqib,
kishilarning ehtiyojini qondirishga o‘z hissamizni qo‘shsak, atrof-muhitga ehtiyotkorlik
bilan munosabatda bo‘lsak, isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslikka harakat qilsak va
boshqalarda ham vatanparvarlik tuyg‘ularini o‘zimizda namoyon qilamiz. Xullas,
vatanparvarlikning qirralari har birimizning barcha ijobiy xatti-harakatimizda namoyon
bo‘ladi.
Vatanparvarlikni eng oliy tuyg‘u sifatida o‘tmish mutafakkirlari alohida qayd
etganlar va o‘zlari ham unga sodiq qolganlar. Endi ana shu qaydlardan ba’zilarini eslab
o‘tamiz.
Sitseron (Rumo notig‘i va faylasufi). Bizga ota-onalar, bolalar, yaqin xesh-aqrabolar
qimmatlidir, lekin muhabbat bobidagi barcha tasavvurlarimiz birgina «Vatan” degan
so‘zda mujassamlashgan. Vatanga nafi tekkudek bo‘lsa, qaysi vijdonli odam u uchun
jonini berishga ikkilanar ekan!
Gegel (nemis faylasufi). Ma’rifatli halqlarning haqiqiy jasorati Vatan yo‘lida qurbon
bo‘lishga hozir ekanliklarida aks etadi.
Bayron (ingliz shoiri). Kimki o‘z yurtini sevmasa, u hech nimani seva olmaydi.
Belinskiy (rus tanqidchisi). Kimki o‘z Vataniga daxldor bo‘lmasa, u insoniyatga ham
dahldor emas.
Gyugo (fransuz adibi). O‘z vataniga dog‘ tushirish-uni sotish degan so‘z.
Vatan tuyg‘usi bo‘lgan kishidagina vatanparvarlik jo‘sh uradi. Prezidentimiz Islom
Karimov aytganidek: «...inson o‘zligini anglagan, nasl-nasabini chuqurroq bilgani sayin
yuragida Vatanga muhabbat tuyg‘usi ildiz otib, ulg‘aya boradi. Bu ildiz qancha teran
bo‘lsa, tug‘ilib o‘sgan yurtga muhabbat ham shu qadar yuksak bo‘ladi.”1
1 Karimov.I.A. Yuksak ma’naviyat-yengilmas kuch. 90-bet..
Yuqoridagilarni umumlashtirgan holda yoshlarimiz vatanparvarlik deganda
quyidagilarni qalban anglab yetishlari lozim:
-o‘z xalqini, tarixini yaxshi bilish va u bilan faxrlanish;
-qadimiy obidalar, mislsiz imoratlar, ajdodlar yaratgan moddiy va ma’naviy
meroslarni ko‘z qorachig‘iday asrash va avlodlarga taqdim etish;
-halqimizning, ajdodlarimizning go‘zal va ma’noli urf-odatlar, rasm-rusum va
udumlarini qadrlay bilish, ularni davom ettirish;
-ajoyib vatandoshlar – ajdodlar nomi bilan, ularning ulug‘ ishlari, ijodlari bilan
faxrlanish, ularning ishlarini davom ettirish, ularga munosib voris bo‘lish;
-shunday ajoyib halqqa, yurtga, uning boy tili va madaniyatiga mansubligi bilan
faxrlanish;
- Turonzaminni himoya qilib, tomirida oxirgi qoni qolguncha dushmanga qarshi
kurashgan bahodirlarni, ayovsiz janglarda halok bo‘lgan qahramonlar nomini yod etish;
-asrimizning yigirmanchi, o‘ttizinchi, qirqinchi, elliginchi va nihoyat saksoninchi
yillarida halqimiz, millatimizga qarshi uyushtirilgan qatag‘onlarda qamoq va surgun
azoblarini kechirgan va xalok bo‘lgan minglab millatimiz gullarini unutmaslik;
-bu aziz va go‘zal vatanimizda yuksak e’tiqod bilan yashash, unga hamisha sadaqatli
bo‘lishdir.
Vatanparvarlik hammamizning o‘z ishimizga ma’suliyat bilan qarash, vatanning
boyliklarini ko‘z qorachig‘idek asrash, boyliklariga boylik qo‘shishga o‘z ulushimizni
qo‘shish, ilm-fan cho‘qqilari sari intilish va boshqalardir.
Vatanparvarlik bir so‘z bilan aytganda o‘z ijobiy ishlarimiz, bunyodkorlik
harakatlarimiz bilan uning kuch-qudratiga, gullab yashnashiga imkon darajasida hissa
qo‘shish;
-ona yurtimizda tinchlik, barqarorlik va osoyishtalikni saqlashga intilish
vatanparvarlikning belgisidir;
-vatanparvarlik-halqaro munosabatlarda vatan, millat manfaatlarini birinchi o‘ringa
qo‘yishdir.
Vatanparvarlik
haqida
so‘zlar ekanmiz, mustaqillik bizga in’om etgan
vatanparvarlikning oliy ramzlari halqimiz, yoshlarimiz qalbidan mustahkam o‘rin
olayotganligi nihoyatda quvonchlidir. O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i
Birlashgan millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkdagi qarorgohi oldida 180 dan ortiq
mustaqil davlatlar bayroqlari qatorida mag‘rur hilpirab turishini ko‘rish va his etish
naqadar katta baxt, insonni naqadar kuchli bir tuyg‘u va hissiyotga chulg‘ab oladi...
Prezidetimiz Islom Karimov juda to‘g‘ri ta’kidlab o‘tganidek: “O‘zbekiston
fuqarolari uchun mustaqillikning muqaddas ramzlari – Davlat Gerbi, Davlat Bayrog‘i,
Davlat Madhiyasi azizdir. Ular ona vatan – O‘zbekiston Respublikasiga iftixor va cheksiz
hurmat tuyg‘usini tarbiyalaydi.”
Davlatimiz mukofotlari – «O‘zbekiston qahramoni” oliy unvoni, orden va medallar,
faxriy unvonlar ham mamlakatimiz fuqarolarida o‘z Vatanidan g‘ururlanish tuyg‘ularini
oshirishga xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, vatanparvarlik har bir insonni o‘zi tug‘ilib o‘sgan yurtini, elini
e’zozlash, uning iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy, madaniy, ma’naviy taraqqiyoti haqida
qayg‘urish, g‘amho‘rlik qilish, taraqqiyotiga o‘zining munosib hissasini qo‘shish, o‘z
davlati, mamlakatining mustaqilligini saqlash uchun jon kuydirishi va kerak bo‘lganda
unga o‘z hayotini bag‘ishlashga yo‘llaydigan yuksak ma’naviylik mezonidir.
Shunday qilib, hozirgi o‘zbek vatanparvarligi ota-bobolarimiz, avlod va ajdodlarimiz
yaratuvchanlik, bunyodkorlik ishlarining bevosita davomidir. Ozod va obod Vatan, erkin
va farovon hayot barpo etish uchun hozir har daqiqada ulush qo‘shmoq, vatanga
muhabbat tuyg‘usi-vatanparvarlikning asl ko‘rinishi va namoyon bo‘lishidir. Vatanga
munosib farzand bo‘lish, uning yeri, suvi, eli bilan chambarchas bog‘liq ekanligimizni
teran anglash, uni asrash, ardoqlash vatanparvarligimizning qirrasi.
O‘zbekiston-muqaddas Vatan, ota-bobolarimiz yotgan yer, o‘zimiz yotadigan yer.
Farzandlarimizni shu zaminga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularning qalblarida shu
muborak zaminning har qarichiga mehru muhabbat uyg‘otish bugungi kunning eng
ustivor fazilatlaridan biriga aylanayotgani hammamizni quvontiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |