Komil inson va uning sharqona fazilatlari
Komil
inson
tushunchasi
ma’naviy barkamol inson tushunchasi bilan
hamohangdir.Ma’naviy barkamollikka erishmay komil inson darajasiga yetish mumkin
emas. Demak, ma’naviy barkamollikka intilish – bu komil inson darajasiga erishish uchun
intilishdir.Komillikka inson butun umri davomida erishib boradi. Uchta tushuncha:
sog‘lom avlod, ma’naviy barkamol, komil inson – darajama-daraja chuqur ma’no kasb
etadi. Shundan kelib chiqadigan bo‘lsak, komil inson bo‘lishning aniq cheki va chegarasi
yo‘q. Shu bilan birga ma’naviy-ahloqiy komillik darajasini har kim o‘zicha
belgilay olmaydi. Kimki “Men ma’naviy-ahloqiy komillik cho‘qqisiga yetdim desa,
o‘ziga o‘zi yuksak baho bersa, u hali komil inson emas. Inson hech qachon o‘zining
ma’naviy kamolot darajasiga baho bera olmaydi. Komillik har bir shaxsning boshqalar
bilan bo‘lgan munosabatda ko‘zga tashlanadi. Komil insonni ota-ona, jamoatchilik, ular
bilan munosabat shakllantiradi. Komillikning yo‘li odalardan faqat yaxshi fazilatlarni
o‘rganish, ibrat olish, doimo yaxshilikka, ezgulikka intilishdir.
Bizning ko‘hna tariximizda yuzaga kelgan, xalq, mamalakat tarixida katta ma’naviy-
ahloqiy tarbiya rolini o‘ynagan tasavvuf komil inson nazariyasi, uni tarbiyalash, voyaga
yetkazish haqidagi ta’limot va amaliyot sanaladi. Mazkur masalani tasavvuf ta’limotidan
kelib chiqqan holda bayon etishni maqsadga muvofiq deb topdik.
Komil inson biz uchun idealdir. U barcha dunyoviy va ilohiy bilimlarni egallagan,
ruhi mutlaq ruhga tutash, fayzu karomati serob, qalbi ezgu tuyg‘ularga limmo-lim to‘la
pokiza zot. Komil inson odamzod orzu qilgan jamiki ezgu xislat va fazilatlarni o‘zida
mujassam etgan insondir.
Komil insonlar jamiyatning tirik vijdonlaridir. Kishilar ularga qarab xushyor
tortadilar, dunyo behudaligidan o‘ziga kelib, o‘z qalblari, qilayotgan ishlariga razm
soladilar, tavba-tazarru qiladilar. Komil insonlarning af’olu a’moli insonlar diliga
quvvat,ko‘ziga nur bag‘ishlagan.
Komil inson haqida tasavvuf adabiyotida ko‘p asarlar bitilgan.Ana shunday
asarlardan biri Aziziddin Nasafiyning “Insoni komil” nomli risolasi bo‘lib, unda komil
insonga shunday ta’rif berilgan: “Bilgilki, komil inson deb shariat va tariqat va haqiqatda
yetuk bo‘lgan odamga aytadilar va agar bu iborani tushunmasang, boshqa ibora bilan
aytayin: bilgilki, komil inson shunday insondirkim, unda quyidagi to‘rt narsa kamolga
yetgan bo‘lsin: yaxshi so‘z, yaxshi fe’l, yaxshi ahloq va maorif”. Bu sifatlar bilan
ziynatlangan odam yolg‘on, riyo va badkirdorlikdan chekinadi, hamma vaqt ezgu niyat
bilan yashab, ezgu ishlarga tayyor turadi.
Yaxshi ahloqiy sifatlarni egallab borgan odam komil inson martabasiga ko‘tarila
oladi. Komil inson – insonlarning eng mukammali, eng oqili, donosi. Komil insonlar
odamlar jamiyati ichidan yetishib chiqadigan mo‘tabar zotdir. Insonlar komillikka
ahloqiy-ma’naviy poklanish jarayonida erishadilar.
Komillikning belgisi xalq yo‘lidan borib, xalqqa foyda keltirishdir. Kishi o‘z so‘zi,
amaliy ishlari, niyati bilan odamlarga qanchalik foyda keltirsa, yomonlarni to‘g‘ri yo‘lga
solsa, haq yo‘lida fido bo‘lsa, u shuncha komil bo‘ladi.
Komil, barkamol insonni tarbiyalash, voyaga yetkazish haqida musulmon sharqi
ahloqi tarixida inson hayoti uchun dasturulamal, qo‘llanma vazifasini o‘tagan ko‘p
pandnomalar, xalq kitoblari yaratilgan. Bu o‘rinda Prezidentning quyidagi so‘zini eslash
o‘rinli: “...bizning ulug‘ ajdodlarimiz o‘z davrida komil inson haqida butun bir ahloqiy
mezonlar majmuini, zamonaviy tilda aytganda, sharqona ahloq kodeksini ishlab
chiqqanliklarini eslashimiz kerak, deb bilaman. Ota-bobolarimizning ongu tafakkurida
asrlar, ming yillar davomida shakllanib, sayqal topgan or-nomus, uyat va andishga,
sharmu hayo, ibo va iffat kabi yuksak ahloqiy tuyg‘u va tushunchalar bu kodeksning
asosiy ma’no-mazmunini tashkil etadi”.1
1 Karimov I.A. Yuksak ma’naviyat-yengilmas kuch. 118 bet.
Komil inson fazilatlarini o‘zida ifoda etgan asarlar sirasiga quyidagilarni kiritishimiz
mumkin:Kaykovusning “Qobusnoma”, Sa’diyning “Guliston”, “Bo‘ston”, Amir
Temurning “Temur tuzuklari”, Abdurahmon Jomiyning “Bahoriston”, Alisher Navoiyning
“Mahbubul-qulub”, Husayn Voiz Koshifiyning “Ahloqi muhsiniy” va boshqalar. Bu
asarlarning ko‘pchiligida odil shoh va adolat, halollik va soflik, poklik, to‘g‘rilik,
insonparvarlik, ma’rifatli bo‘lish kabi insonning sharqona fazilatlari berilgan.
Alisher Navoiyning “Nasoyimul muhabbat” asarida komil insonga xos xususiyatlar,
uning sharqona fazilatlari sanab o‘tilgan. Bular qatoriga ulug‘ mutafakkir quyidagilarni
kiritadi: tavba, halol luqma bilan qanoatlanish, o‘z kasbidan topib kun o‘tkazish, shariatga
rioya etish, barchadan o‘zini kam deb bilish, hatto farzandlari, xizmatkorlariga qo‘pollik
qilmaslik, chuchuk tilli bo‘lish – yaxshi, muloyim tilli bo‘lish, rahmdil, sahiy, mard,
halim, xushhulq, sabrli, sadoqatli, vafoli bo‘lish, rozi-rizolik bilan kun o‘tkazish, riyozat
chekishdan qo‘rqmaslik va boshqalar.
Shu tariqa o‘tmishda komil insonning o‘ziga xos ahloq kodeksi ishlab chiqilgan
bo‘lib, bu sifatlarga ega bo‘lish har bir odamning orzu-armoni deb qaralgan. Komil inson
haqidagi g‘oyalar katta ijtimoiy-ahloqiy, ma’naviy ahamiyatga ega. U insonni sharafli,
ezgulik va buyuk xayr ruhida tarbiyalash, mehru muhabbat, vafo va sadoqatni
kuchaytirishga xizmat qilib keldi. Har zamon va lahzada insonlarga ularning insonligini
eslatib, yovuz, qabih ishlar, nojo‘ya hatti-harakat va qiliqlardan saqlanishga ko‘maklashdi,
ularda iymon va vijdon binosining paydo bo‘lishi va mustahkamlanishini ta’minlab keldi.
Komil inson iymon va e’tiqodlilik, halollik va poklikning oliy timsoli. Biz
hammamiz shunga intilib yashamog‘imiz lozim. Mustaqil O‘zbekistonning bozor
munosabatlariga o‘tish sharoitida iymonli bo‘lish, halollik va poklik, vijdonli va diyonatli
bo‘lish nechog‘lik zarur ekanligi hammamizga ayon. Mana shuning uchun ham prezident
ma’naviy barkamol inson tarbiyasida yoshlarimizni elini, Vatanini sevuvchi komil inson
qilib tarbiyalash ishiga alohida ahamiyat beryapti. Quyidagi ta’rifda komil insonning
asosiy xususiyatlari har taraflama chuqur va teranlik bilan bayon qilingan: “Komil inson
deganda, biz avvalo, ongi yuksak, mustaqil fikrlay oladigan, xulq-atvori bilan o‘zgalarga
ibrat bo‘ladigan bilimli,ma’rifatli kishilarni tushunamiz”.1
1 Karimov I.A. Tarixiy xotirasiz kelajak yo‘q. 6-bet.
Boshqa ibora bilan aytadigan bo‘lsak, Allohning o‘zi biz insonlarga buyurgan komil
inson bo‘lish, halollik, to‘g‘rilik, poklik va adolat bilan kun kechirish kabi ko‘pdan-ko‘p
olijanob fazilatlarning ma’no-mazmunini nafaqat chuqur anglash, balki ana shunday
xususiyatlarga ega bo‘lish, ularga doimo amal qilib yashash- odamzotning ma’naviy
boyligini, komilligini belgilab beradigan asosiy mezon sanaladi.
Uning shakllanganligi darajasini xarakterlovchi eng muhim fazilatlar esa
quyidagilardir: aqliy zukkolik, huquqiy komillik, ahloqiy yetuklik, siyosiy teranlik,
mehnatga halol munosabat, yuksak madaniy, ma’naviy saviya, professonal iftixor, milliy
va umuminsoniy g‘urur va boshqalar.
Yuqoridagilarni hozirgi mustaqil hayotimiz, turmush tarzimiz, kishilarning, ayniqsa,
yoshlarning intilishlari bilan bog‘lab komil inson chizgilariga quyidagi xislat va fazilatlar
kirishiin umumiy tarzda bayon etishimiz mumkin:
Komil insonning umumiy xislatlari: yoqimlilik, ko‘rkamlik, jozibadorlik, salobatlilik,
hurmatga sazovorlik, shoironalik, ulug‘sifatlik, o‘ziga xoslik, yetuklik, jiddiylik,
madaniyatlilik, tarbiyalanganlik va boshqalar.
Komil insonning ahloqiy fazilatlari: insonparvarlik, do‘stlik, g‘amxo‘rlik,
jonkuyarlik, samimiylik, odamiylik, bolajonlik, iymonlilik, fidokorlik, xushmuomalali,
boadabli, iltifotli bo‘lishlik, kechirimlilik, mehmondo‘stlik, halollik, to‘g‘rilik,
diyonatlilik, haromdan hazar etish, mehnatsevarlik, vatanparvarlik va hokazolar.
Ishbilarmonlik xislatlari: ishchanlik, tirishqoqlik, serharakatlilik, mas’uliyatlilik,
insoflilik, halollik, malakalilik, epchillik, udaburonlik, saranjom-sarishtalik, tadbirkorlik,
aniqlik, tejamkorlik, barkamollik, ta’masizlik, tavakkalchilik va boshqalar.
Zukkolik, idroklilik fazilatlari: zehnli, bama’ni, xotirjamlik, sog‘lom
fikrli, donishmandlik, sezgirlik, zakovatlilik, topqirlik, notiqlik, tanqidiylik, dalillik,
omilkorlik, savodxonlik, qiziquvchanlik, ishqibozlik kabilar.
Sobitlik xislatlari: faollik, qat’iyatlilik, tezkorlik, jo‘shqinlik, sabotlilik, bir so‘zda
turishlik, barqarorlik, botirlik, dovyuraklik, intizomlilik, jiddiylik, nafsni tiyishlik, o‘zini
yo‘qotmaslik, sovuqqonlik, o‘ziga talabchanlik, kamsuqumlik, o‘zini o‘zi idora eta bilish
va boshqalar.
Ehtiroslilik xislatlari: ko‘tarinkilik, tantanavorlik, kulib turuvchanlik, hazinlik,
kelajakka ishonch, ezgulik, kek saqlamaslik, olijanoblik, otashinlik, nozik tabiatlilik,
hayolilik, hijolatpazlik, iffatlilik va hokazolar.
Ayni shu xislat va fazilatlarni yoshlarimiz ongiga singdira borilishi ularni barkamol,
sog‘lom va komil inson qilib voyaga yetkazishda ta’lim- tarbiya tizimi va ota-ona
tarbiyasining to‘g‘ri qo‘yilishi muhim rol o‘ynaydi.
Vatan, millatning kelajak poydevori bilim dargohlarida yaratiladi, boshqacha
aytganda, xalqimizning ertangi kuni bo‘lmish farzandlarimizning bugun qanday ta’lim va
tarbiya olishiga bog‘liq, chunki inson qalbiga yo‘l avvalo ta’lim-tarbiyadan boshlanadi.
Buning uchun har qaysi ota-ona, ustoz va murabbiy har bir bola timsolida avvalo buyuk
kelajakni yaratuvchi shaxsni ko‘rishi zarur. Ana shunday oddiy talabdan kelib chiqqan
holda, farzandlarimizni mustaqil va keng fikrlash qobiliyatiga ega bo‘lgan, ongli
yashaydigan, o‘zida inson degan ulug‘ nomga xos fazilatlarni mujassamlashtirgan komil
insonlar etib voyaga yetkazish ta’lim-tarbiya ishimizning, har bir ota va onaning asosiy
maqsadi va vazifasi bo‘lishi lozim. Bu ishga har bir ota-ona, ustoz va murabbiy nihoyatda
katta javobgarlik hissi bilan yondashishi talab etiladi. Nega deganda, farzandlarimiz xalq
ma’naviyatining munosib egalaridir.
Mustaqillik ruhida yangicha fikrlaydigan fozil, komil inson, eng avvalo, fuqarolik
burchini a’lo darajada his etadigan shaxs bo‘lishi darkor. Sodda qilib aytganda, har qaysi
komil inson, har birimiz: “Shu davlat, shu jamiyat menga nima berdi?” deb emas, balki
“Men o‘zim Vatanimga, elu yurtimga nima berdim?” deb o‘ylashimiz va har dam shu
aqida bilan yashashimiz kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |