Selektiv kreditlash
Selektiv kreditlashni tanlanma kreditlash deb ham atash mumkin.
Selektiv kreditlash Markaziy bank tomonidan iqtisodiyotning ma’lum bir
sohasi yoki tarmog’ini bilvosita moliyaviy qo’llab-quvvatlash maqsadida amalga
oshiriladi. Bunda Markaziy bank tomonidan qo’llab-quvvatlanishi kerak bo’lgan
soha yoki tarmoqqa mansub bo’lgan sub’ektlar tomonidan chiqarilgan tijorat
veksellari nisbatan past bo’lgan diskont stavkalarida hisobga olinadi. Aytaylik,
Markaziy bankning trattalarni qayta hisobga olish stavkasi 10% bo’lsa, selektiv
kreditlash qo’llanilayotgan soha sub’ektlarining trattalari 5% stavkada Markaziy
bankda qayta hisobga olinadi. Buning natijasida ushbu soha yoki tarmoq
sub’ektlarining trattalariga bo’lgan talab oshadi. Ya’ni, tijorat banklari mazkur
trattalarni o’zlarida hisobga olish yo’li bilan Markaziy bankdan nisbatan past
stavkalarda kreditlar olish imkoniga ega bo’lishadi. Masalan, boshqa
sub’ektlarning trattalarini Markaziy bankda qayta hisobga olish yo’li bilan
olinadigan markazlashgan kreditlarning bahosi 10% bo’lsa, ushbu soha yoki
tarmoq sub’ektlarining trattalarini Markaziy bankda qayta hisobga olish yo’li bilan
olinadigan markazlashgan kreditlarning bahosi 5 foizni tashkil etadi. Aytaylik,
Markaziy bank tomonidan qishloq xo’jalik korxonalarining trattalari past diskont
stavkasida qayta hisobga olinayapti. Buning natijasida tijorat banklari birinchi
navbatda qishloq xo’jalik korxonalarining trattalarini o’zida hisobga olishga, ya’ni
diskont stavkasi bilan sotib olishga harakat qiladi. Natijada, qishlqo xo’jalik
korxonalarining pul mablag’lariga bo’lgan ehtiyojini qondirilish darajasi oshadi.
Chunki, tijorat banki o’zining diskont stavkasi bo’yicha qishloq xo’jalik
korxonalarining trattalarini sotib oladi. Misol uchun, qishloq xo’jalik korxonasi
tijorat bankiga 1,0 mln. so’mlik trattani topshirsa va bunda bankning diskont
stavkasi 3,0% bo’lsa, u holda, bank korxonaning joriy hisobraqamiga 970 ming
so’m tushirib beradi (1000 000-30 000 so’m). Tijorat banki esa, mazkur trattalarni
Markaziy bankka qayta hisobga oldirib, undan 5% stavkada markazlashgan kredit
oladi. Bunda tijorat banki ikki tomonlama manfaat ko’radi: birinchidan, Markaziy
bankdan nisbatan past stavkada kredit oladi; ikkinchidan, o’zining diskont stavkasi
bilan Markaziy bankning diskont stavkasi o’rtasidagi farq sifatida (2,0%) daromad
oladi.
Korxonalar tovarlarini kreditga sotganida, ya’ni to’lovini kechiktirish sharti
bilan sotganida tijorat vekseli yoziladi. Agar korxonaga pul zarur bo’lsa, u
vekselning muddati tugashini kutib o’tirmaydi va vekselni tijorat bankiga sotadi.
Tijorat banki vekselni o’zining diskont stavkasi bilan sotib oladi. Ushbu sotib olish
bank amaliyotida vekselni hisobga olish deb ataladi.
Tratta – bu uzatma tijorat vekselidir. Tijorat veksellarining ikki turi mavjud:
oddiy va uzatma tijorat veksellari.
Tijorat veksellarini boshqa shaxslarga uzatish mumkin. Shu jihatdan olganda,
ular pulning to’lov vositasi funktsiyasini bajaradi.
Vekselni uchinchi shaxsga uzatish huquqini beruvchi yozuv indossament deb
ataladi. Vekselni uchinchi shaxsga uzatgan sub’ekt indossant deb ataladi. Vekselni
indossament orqali qabul qilib olgan sub’ekt indossat deb nomlanadi.
Markaziy bank selektiv kreditlash orqali iqtisodiyotning ma’lum bir sohasi
yoki tarmog’ini bilvosita moliyaviy qo’llab-quvvatlaydi. Ushbu soha yoki
tarmoqlarni bilvosita qo’llab-quvvatlash imkoniyati Markaziy banklarda mavjud
emas. Chunki, Markaziy banklar iqtisodiyot sohalari va tarmoqlariga bevosita bank
xizmati ko’rsatmaydi. Ammo Markaziy banklar tijorat banklarining likvidliligi va
to’lovga qobilligini ta’minlash orqali iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarini
moliyaviy qo’llab-quvvatlash uchun zamin yaratadi. Shu sababli, selektiv
kreditlash iqtisodiyotning real sektori korxonalarini rivojlantirishda muhim o’rin
tutadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |