kutubxonachi.uz
– Xalq xizmatida.
YouTube
|
Telegram
|
Telegram Bot
22
— Mufarrax o‘l, yo tangri onasi bibi Maryam, tangri senga yor bo‘lsin. O’zing iffatli zavjai
muhtarrama, zuryoding boshimizga xaloskor o‘zing yaratgansan, o‘zing posbon bo‘lgaysan. Omin.—
Keyin qo‘shib qo‘ydi:— yo mukarram Bibi Maryam ona, duo qil, baliq o‘lsin. Tengi yo‘q, topilmas
bo‘lsa ham duo qil, o‘lsin.
Duodan chol o‘zini bir qadar yaxshi seza boshladi, biroq og‘riq qittakkina bo‘lsin pasaymadi, balki
battarroq azob bera boshladi. U quyruq qoplamasiga suya-nib oldi-da, chap qo‘lining barmoqlarini
beixtiyor mashq qilib o‘qalay boshladi. Quyosh qizdirgandan qizdirar, shabada asta-sekin kuchayib
borardi.
— Xo‘p, endi mayda qarmoqqa xo‘rak joylab qo‘ysak ham bo‘lar,— dedi chol.— Baliq bu kecha ham
yuzaga chiqmasa, men yana totinib olishim kerak bo‘ladi. Suv bo‘lsaku, shishaning tagidagina qolgan.
Bu yerda makreldan boshqa biron narsani tutib bo‘lmasa ham kerak deyman. Ammo uni darrov
yeyilsa, unchalik yoqimsiz tuyulmaydi. Qani endi tunda uchar baliq tushib qolsa. Ammo uni jalb
qilishga menda chiroq yo‘q. Ajoyib taomda bu uchar balig‘i, uni tozalab o‘tirishning ham hojati yo‘q.
Men bo‘lsam, kuch asrashim kerak. E xudo-vando, axir men uning bunaqa kattakon bo‘lishini qaydan
bilay!.. Ammo baribir men uni yengaman,— dedi u.— Nechog‘li ulkan, nechog‘li buyuk bo‘lmasin,
baribir.
«Garchi adolatdan bo‘lmasada,— fikran davom etdi u,— men odam bolasining nimalarga qodir
ekanligi va hamda nimalarga dosh berib, chidashi mumkinligini ko‘rsatib qo‘yaman».
— Mening zuvalam boshqacha uzilgan deb bolaga aytmovdimmi, axir,— dedi u.— Buni amalda
isbot qilishning payti keldi.
U allaqachon buni yuz karra, ming karra amalda isbot qilgan edi. Nima bo‘libdi endi? Yana qaytadan
isbot qilish kerak bo‘lsa, isbot qilaveradi. Buning sanog‘i har safar yangidan boshlanadi: shu sababdan
ham u biron narsani qilayotganda, hech qachon o‘tib ketgan narsalarni eslab o‘tirmas edi.
«Qani endi uyquga keta qolsa, keyin men ham mizg‘ib olardim va tushimda sherlarni ko‘rgan
bo‘lardim,— deb o‘yladi u.— Nima uchun sherlar mening hayotimda qolgan narsalarning eng
yaxshisiykin?»
— Xayol surmaslik kerak, qariya,— dedi u o‘ziga, - Taxtalarga suyangin-da, osoyishta bo‘l, dam ol,
hech narsa to‘g‘risida o‘ylama. U hozir urinib yotibdi. Sen-chi, sen iloji boricha kamroq uringin.
Quyosh ufqqa og‘ib qolgan, qayiq bo‘lsa, sekin, ammo beto‘xtov suzgandan suzib borar, suzgandan
suzib borardi. Uni sharqdan esayotgan shamol ohista haydamoqda, chol yelkasini o‘yib tushgan arqon
yetkazayotgan og‘riqni yengilgina, bilintirmay o‘tkazib beozor to‘lqinlarda asta-asta chayqalib borardi.
Nima bo‘ldiyu, tushdan keyin chilvir yana ko‘tarila boshladi. Biroq aytarli hech narsa yuz bermadi.
Baliq sal yuzaroqda suza boshlagan edi. Quyosh cholning orqasi, chap qo‘li va yelkasini qizdirar edi. U
bundan baliqning shimoli-sharqqa tomon burilganini bildi. Endi u, baliqqa bir nazar solgandan keyin
uning suv ostida binafsha rang ko‘krak qanotlarini charx urgan qushdek keng yoyib, qudratli quyrug‘i
bilan qorong‘ilikni tila-tila suzib borishini ko‘z o‘ngiga keltira olardi. «Qiziq, bunaqangi chuqurlikda u
nimani ham ko‘ra olardi?—deb o‘yladi chol.—Ko‘zlari juda yirik-yirik, lekin otning ko‘zi, unnkidan
necha hissa kichigu, ammo qorong‘ida ko‘radi. Men ham qachonlardir kechasi yaxshi ko‘rardim. To‘g‘ri,
zim-ziyo tun bo‘lsa, unda boshqa gap, ammo bir hisobga ko‘zimning o‘tkirligi mushuknikidan qolishmas
edi».
Changak bo‘lib qolgan chap qo‘l to‘xtovsiz mashq ham quyosh tufayli o‘z holiga qayta boshladi,
chol arqondan tortayotgan azobini bir ozgina bo‘lsa ham yengillatish uchun yelka mushaklarini ishga
solib, butun og‘irlikni asta-sekin so‘l qo‘liga o‘tkazishga kirishdi.
— Agar sen hali ham charchamagan bo‘lsang,— dedi u ovoz chiqarib,— gapning o‘g‘il bolasi shuki,
mislsiz baliq ekansan.
Ernest Xeminguey. Chol va dengiz (qissa)
Do'stlaringiz bilan baham: |