16-MAVZU. ESTETIKA: ESTETIKANING PREDMETI, MAQSADI VA VAZIFALARI
231
16-MAVZU. ESTETIKA: ESTETIKANING PREDMETI, MAQSADI VA VAZIFALARI
Reja:
1.
“Estetika” fanining obekti va falsafiy mohiyati.
2.
“Estetika” haqidagi qarashlar tarixi.
3.
Estetika kategoriyalarining an’anaviy va zamonaviy tasnifi. Go‘zallik va uning
muqobillari.
4.
Ulug‘vorlik kategoriyasining falsafiy mohiyati. Fojeaviylik (tragediya) kategoriyasi.
5.
Kulgililik kategoriyasi. Estetika kategoriyalarining o‘zaro aloqadorligi.
Tayanch tushunchalar:
Estetika, «Go‘zallik falsafasi», estetik ehtiyoj, nafosat, san’at, estetika
amaliyoti, Zardushtiylik, Pifagor, Geraklit, Suqrot, Aflotun, Arastu, Tit, Lukretsiy Kar, G‘arb
O‘rta asrlar estetikasi, Uyg‘onish davri, klassitsizm, nemis klassik falsafasi, O‘rta Osiyo
Uyg‘onish davri estetikasi, Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, Alisher Navoiy, ekzistensializm,
strukturalizm.
Estetika so‘zi yunoncha «estezis» so‘zidan olingan bo‘lib, «sezish», «his qilish
qobiliyati» ma’nosini bildiradi. Bu fan – insonning voqelikka estetik munosabatlari va insoniyat
badiiy rivojining umumiy qonun-qoidalari haqidagi fan. Uzoq vaqt bu fan «Go‘zallik falsafasi»
deb ta’riflab kelingan. Lekin hozirgi davrda „Estetika" fanini bunday ta’riflab bo‘lmaydi, chunki
«go‘zallik»ning o‘zi „Estetika"ga tegishli tushunchalardan biriga aylanib qoldi. Birinchi marta
estetika so‘zini fanning nomi sifatida olmon faylasufi Aleksandr Baumgarten (1714-1762)
“Poetika” asarining ba’zi bir masalalari to‘g‘risida falsafiy mulohazalar” kitobida ishlatgan
(1735 yil). Lekin bu bilan Baumgartenni „Estetika" fanining asoschisi deb bo‘lmaydi, chunki
estetika nazariyalari qadim zamonlardayoq „Falsafa” fani doirasida o‘rganilgan.
Dastlabki estetik ta’limotlar quldorlik jamiyati davrida – Sharq mamlakatlari (Misr, Bobil,
Hindiston, Xitoy, Eron va Turon)da vujudga kelib, qadimgi Yunonistonda, ayniqsa, Aflotun,
Arastu, Suqrot asarlarida, qadimgi Rimda Lukretsiy Kar, Goratsiy va boshqalarning
tadqiqotlarida rivojlantirildi. XVIII asrning ikkinchi yarmidan mustaqil fan sifatida shakllana
boshladi. „Estetika" so‘zi ko‘pincha narsa va hodisalarning rang-tusi va shaklidagi
mukammallik, mutanosiblik, latofat ma’nolari majmui sifatida ham qo‘llaniladi. Mazkur
tushuncha kishilarning yaxshi fe’l-atvori, muomalasi, nutqi, did bilan kiyinishini anglatadi yoki
tabiatdagi go‘zallikni ham bildiradi.
Estetika so‘zi ba’zan «nafosat» tushunchasi bilan baravar ishlatiladi. San’atda ham
estetika bir qancha ma’nolarda qo‘llaniladi. Voqelikdagi tabiatan nozik narsalar va hodisalar
in’ikosi – badiiy adabiyotda nazm, tasviriy san’atda – manzara, miniatyura va boshqalar
fikrimizga yorqin dalildir. Ikkinchidan, san’atda nima in’ikos ettirilishidan qat’i nazar, nihoyatda
nozik ifoda usullari qo‘llanilishi, ifoda usulining bag‘oyat nafisligi – nozik raqs va boshqalar
diqqatga sazovordir. “Estetika” atamasi o‘rnini bevosita va bilvosita “Nafosat” atamasi bosa
oladi. Ko‘pchilik “estetika” atamasiga o‘rgangani uchun “nafosat” atamasini chuqur his qilol-
maydi.
Estetika fan sifatida voqelikning go‘zallik asosida in’ikos etishini, inson amaliy
faoliyatining hamma sohalarida go‘zallik va xunuklik tuyg‘ularini, ayniqsa, badiiy ijodning
umumiy qonunlarini o‘rganadi. Biz voqelikdagi go‘zallik va xunuklikni turlicha tushunamiz.
Estetik qarashlarimiz, tasavvurlarimiz, baholarimiz nisbiy bo‘lib, ularni xolis baholash
estetikaning vazifasidir. Mazkur fanning asosiy tushunchasi – go‘zallik zohiriy va boti-niy
ma’noga ega, voqea-hodisa, buyum zohiran go‘zal, botinan xunuk bo‘lsa, bu erda tom
ma’nodagi go‘zallik deb bo‘lmaydi. Shu bois donishmandlar tashqi va ichki go‘zallik
mutanosibligiga alohida ahamiyat berganlar.
Go‘zallikka intilish tabiiy ehtiyojdir. Bu ehtiyoj tarbiya vo-sitasida namoyon bo‘ladi.
Go‘zallik qurshovida yashagan inson bilan xunuklik muhitida o‘sgan odam o‘rtasida katta farq
bor. Go‘zallik tarbiyasi insonni ma’naviy jihatdan kamolotga etaklaydi, estetik his-tuyg‘uni
Do'stlaringiz bilan baham: |