www.ziyouz.com kutubxonasi
94
mirzoga ham, Qazvindagi ikkinchi inisi Bahrom mirzoga ham bunchalik erk bermas, agar
yaqinlari biron tajovuzga yo‘l qo‘ysa, ayovsiz jazolardi. Buni biladigan Bayramxon:
— Hazrat shahanshoh, — dedi. — Mirzo Humoyun o‘shanda Komronga katta erk
berganlaridan hozir pushaymonlar. Ul zotga sizdek shoh hazratlarining inilaringiz bilan
munosabatdagi qat’iyatingiz ham ibrat bo‘lmog‘i mumkin. Ul hazrat sizning ulug‘ hukm-
dorlik tajribalaringizni o‘rganmoq uchun ham huzuringizga kelmoqchilar.
Turkman tili ozarbayjonchaga yaqin bo‘lgani uchun Bayramxon talaffuzini shohning ona
tiliga iloji boricha yaqin qilib so‘zlardi. Tahmasp unga tikilib:
— Turkmanning qoraqoyunli urug‘i bizim qardashimizdir, — dedi. — Sizning bahorlu
urug‘ingiz Hamadon atroflarida biz bilan inaq yashayur. Siz nechun sunniylar hizmatiga
getdingiz?
— Olampanoh, taqdirga chora yo‘qdir, — deb Bayramxon o‘zining Badaxshonda
tug‘ilganini, otasi Sayfalibek Boburning inoyati bilan G‘azni viloyatida hokim bo‘lganini,
onasi Negina xonim ham Humoyunning onasi Mohim begimdan ko‘p yaxshiliklar
ko‘rganini, u buning hammasiga bolalikdan guvoh bo‘lib o‘sgani uchun o‘n olti yoshidan
beri shu xonadonga sadoqat saqlab yurganini aytib berdi.
Humoyun bilan Sherxonning ganga bo‘yidagi janglaridan xabardor Tahmasp:
— Siz Sherxonga asir tushmishsiz? — deb so‘radi.
— Ha, podshohimizni qurshovdan chiqardim-u o‘zim ilikka tushdim.
Bayramxon Sherxon xizmatiga o‘tmagani uchun o‘limga hukm etilganini, so‘ng yaqin
do‘sti Abulqosim Jaloyir ikkalasi asirlikdan qanday qochganini bir-bir aytib berdi.
Bayramxonning shoirlik iste’dodi voqealarni lo‘nda va ta’sirli qilib ayta olishida ham
sezilar, Tahmasp uning hikoyasiga berilib quloq solar edi.
— Abulqosim o‘zi Jaloyir degan o‘zbek urug‘idan, mazhabi sunniy, ammo ko‘rinishi
menga o‘xshar edi. Yoshimiz ham teng, o‘zimiz o‘ng besh yillik qadrdon edik. Chitordagi
bir jangda men uni naqd o‘limdan olib qolgan edim. «O‘sha yaxshiligingni qaytarishim
kerak», deb yurardi. Ikkovimiz Sherxondan qochib Gujarat tomonga borayotganimizda
Sherxonning odamlari ketimizdan quvib yetib keldi. Yuzdan ortiq qurolli askarga
ikkovimiz bas kelolmasligimiz aniq. Sherxon farmon bergan ekan: «Bayramxonni tutgan
joylaringda qatl etinglar, hibsga olinmasin, yana qochgay», degan ekan. Afg‘onlar
Abulqosim ikkovimizni o‘rab olib: «Bayramxon kim? Oldinga chiqsin», — dedi. Men
Abulqosim bilan quchoqlashib xayrlashdim-da, oldinga chiqdim: «Bayramxon men!»—
dedim. Shunda Abulqosim mendan ham oldinroqqa chiqib «yo‘q, bu mening navkarim,
Bayramxon men!» — dedi. Men e’tiroz qilib o‘zimning Bayramxon ekanimni
isbotlamoqchi bo‘ldim. Afg‘onlar kimga ishonishlarini bilmay hayron. Ikkovimiz bir-
birimizga o‘xshashmiz. Men e’tiroz qilaverganimdan so‘ng, Abulqosim yuzimga bir
tarsaki urdi-yu: «Sen mening itoatimdasen, jim tur, hali Bayramxon bo‘lishingga ko‘p yil
bor!» — dedi. Men shapatidan karaxt bo‘lib jim qoldim. Shundan so‘ng afg‘onlar shapati
yeganim bejiz emasligiga — mening navkar ekanimga ishonishdi. Abulqosim Jaloyirni bir
chetga olib chiqib ketib, boshini kesdilar-u Sherxonga ko‘rsatish uchun olib ketdilar.
Bayramxon o‘sha voqeani yana qayta boshdan kechirgandek ovozi titrab davom etdi:
— Olampanoh, siz-u bizning qoraqoyunlu urug‘imiz, barlos-u o‘zbeklar — barimiz
chindan ham qonqardosh ekanimizni men o‘shanda dil-dilimdan his qildim. G‘arbda turk
sultonlari, Turonda shayboniyzodalar eng johil kuchlarni qo‘zg‘atib, mazhab urushini
boshlamasa edi, ming-ming odam behuda qurbon bo‘lmas edi. Bobur saroyida ham,
Humoyun dargohida ham jaholat emas, ma’rifat ustun edi. Abulqosim Jaloyir ana shu
ma’rifat nuridan bahramand bo‘lib o‘sgan yigit edi.
Bayramxon shu so‘zlardan keyin qo‘yniga qo‘l solib, sadafi yaltiragan quticha chiqardi:
— Mirzo Humoyun sizga sovg‘a etib Hindistonning buyuk olmosini yubordilar.
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |