www.ziyouz.com kutubxonasi
96
yordamida qaddini tiklagach, Xuroson-u Hirotni safaviylar davlatidan ajratib olish
harakatiga tushmasmikin?
Validbekning bu andishasi shohni o‘ylantirib qo‘ydi. Shu payt Shohzoda Sultonim
akasidan so‘zlash uchun ruxsat oldi-da, o‘z fikrini ayta boshladi. Uningcha, Humoyunning
Xurosonda qolishi mumkin emas. Chunki shimolda shayboniyzodalar, sharqda va
g‘arbda uni quvg‘in qilgan inilari turibdi. Buning ustiga yana safaviylar bilan yovlashib,
Xurosonni talashsa to‘rt tomonidan o‘t ketib, darhol yonib ketishini biladi. Shohzoda
Sultonim shoh og‘asiga ma’noli ko‘z tashlab, boyagi noyob olmosni eslatmoqchi bo‘ldi.
Shoh shunday buyuk sovg‘ani qabul qilib olgandan keyin, Humoyun elchisiga qay til
bilan rad javobi beradi? Holbuki, Shohzoda Sultonim o‘z suyukli akasi Tahmaspni
saxovat va mardlikda Humoyundan ham balandda ko‘rishni istaydi!
Singlisi aytgan mantiqli gaplardan tashqari, go‘zal qizning bu istagi ham yigirma to‘qqiz
yoshli Tahmaspga Validbekning andishasidan ko‘ra kuchliroq ta’sir qildi.
Shunday mashhur boburiy va uning sarkardasi Bayramxon Hindistonday joydan kelib
safaviylardan panoh topsa, bu — shohning obro‘sini yanada oshirmaydimi?
Afsuski, Humoyunning odami juda kam qolgan ekan... Ammo uning atrofidagi
navkarlarni istaganicha ko‘paytirish shoh Tahmaspning qo‘lidan keladi-ku. Agar shohning
buyrug‘i bilan Humoyunni Seyistonda ming odam kutib olsa, Hirotga kelganda uni yana
ikki-uch ming bek-u navkar kuzatib borsa yomon bo‘ladimi? Birinchidan, shohning bu
ikki-uch ming bek-u navkari Xurosondagi fitnachi sunniylarni Humoyunga yaqin
keltirmaydi. Ikkinchidan, Humoyunni kuzatib va qo‘riqlab yuradigan shohning ikki-uch
ming bek-u navkari mirzoning o‘zini ham sadoqat chegarasidan chiqmaslikka majbur
qiladi.
Tahmasp bu fikrlarni o‘rtaga tashlar ekan Shohzoda Sultonim o‘z og‘asining aqliga tan
berib:
— Cho‘x dono tadbir, — dedi.
Siyosat uchun shunday qilish zarurligini Validbek eshik og‘asi ham endi tushuna
boshladi. Humoyunning ozgina odami yoniga shohdan ikki-uch ming askar qo‘shilib,
Xuroson-u Mashhad orqali Qazvinga qarab tantana bilan o‘tsa, buning ovozasi, albatta,
g‘arbdagi va sharqdagi dushmanlarga ham yetib boradi.
Shoh Tahmasp munshini chaqirib, seyiston beglarbegi Ahmadbek shomluga va Hirot
hokimi Shohqulibek Qorasultonlar nomiga Humoyunni zo‘r tantanalar bilan kutib olish
haqida farmonlar yozdirdi. Shohzoda Sultonim bu farmonlardagi raqamlarni eshitgan
sari hayratga tushmoqda edi: Tahmaspning farmoniga binoan, Humoyun va uning
odamlari uchun shoh xazinasidan ajratilishi kerak bo‘lgan yavmilxarj — (kundalik
xarajat) ikki tuman, ya’ni yigirma ming tabriziy belgilandi. Seyiston va Hirot hokimlariga
Humoyunni o‘ng olti farsah* nariga borib kutib olish, unga o‘ng ikkita shohona chodir
tikib berish, yuzta egarlog‘lik ot taqdim qilish, o‘ziga, xotiniga va yaqinlariga zar qo‘shib
tikilgan duxobalardan sarupolar in’om qilish topshirildi.
_____________
* Shimoliy Kavkazdagi elbrus cho‘qqisidan tashqari Eronda Elbrus degan ulkan tizma tog‘ bor. Rivoyatlarga ko‘ra, har ikki elbrus aslida bir
tizmada bo‘lgan ekan-u, ularning o‘rtasidagi tog‘ yer tagiga tushib ketgandan so‘ng oralari uzilib qolgan ekan.
* H a z a r — Kaspiy dengizi.
* K e ch i n g — «o‘ting» degani.
* A r x a r — yovvoyi qo‘y.
* B i r t u m a n — o‘n ming tabriziy.
* B i r f a r s a h — 6—7 chaqirim.
* * *
Agar Hamida begimning ko‘ngli Qandahorda qolgan Akbarning xayoli bilan mudom band
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |