www.ziyouz.com kutubxonasi
99
olishga ancha-muncha zargarning puli yetmagay. Badavlat bir xaridor topsalar, otimning
pulini ortig‘i bilan keltirib berishgay.
Shundan keyin Anbar Nozir Xo‘ja G‘ozining xizmatkorini yashirincha so‘roq qildi. Xo‘ja
G‘ozi bir narsani telpagi ichiga tikib olganini, kechasi shu telpagini xaltaga solib, yostig‘i
tagiga qo‘yib yotishini aniqladi. Nihoyat, bir kun Xo‘ja G‘ozi humoyunning qabuliga
kirganda Xo‘ja Muazzam ham ruxsat so‘rab kirdi. Podshoning ko‘zi oldida Muazzam Xo‘ja
G‘ozining telpagini boshidan hazillashgan kabi yulqib oldi. Ikkita xo‘ja g‘ijillashib qoldi.
Biroq ko‘p o‘tmay telpak qatiga tikib qo‘yilgan qimmatbaho la’llar topildi-yu, Humoyun
uni tanidi.
— Buni kim o‘g‘irladi? — deb qahr bilan so‘raganda Xo‘ja G‘ozining semiz gavdasi dir-dir
qaltiray boshladi. U butun aybni Ravshan ko‘kaga to‘nkadi.
Qolgan uchta la’l Ravshan ko‘kadan topildi. Boshqa vaqt bo‘lganda Humoyun o‘g‘rilarni
ayovsiz jazolagan bo‘lardi. Lekin musofir yurtda behuda shov-shuv ko‘tarilishidan
iymandi-yu, ularni urishib, so‘kib uch-to‘rt kun xonaki hibsda saqladi.
Yurtdoshlari oldida bosh ko‘tarib yurolmay qolgan Xo‘ja G‘ozi bilan Ravshan ko‘ka
hibsdan bo‘shaganlaridan so‘ng Humoyunni suymaydigan eshikog‘a Validbekning oldiga
himoya so‘rab bordilar. Ular Validbekning boshda Humoyunga qarshi bo‘lganini, «bu
temuriyzoda Xurosonni bizdan ajratib olgay» deb xavfsiraganini bilar edilar. Endi ular
Validbekning haqligini ko‘rsatadigan turli gaplarni va Humoyunning ichki ishlarini shohga
ma’lum qilmoqchi bo‘ldilar. Validbek oraga tushib ularni axiyri shohning huzuriga olib
kirdi.
Shoh Tahmasp avval Ravshan ko‘kani, so‘ng Xo‘ja G‘ozini yakkama-yakka qabul qildi.
Kobuldan kelgan Komron elchisi Sulton Muhammad Humoyunning niyati yomonligini,
Qandahor olinguncha shohga yolg‘on va’dalar berib, keyin bu viloyatni o‘ziniki qilib
olishini aytgan edi. Xo‘ja G‘ozi bilan Ravshan ko‘ka bu haqda Humoyundan qanday gap
eshitgan bo‘lsalar yoniga o‘zlaridan qo‘shib-chatib, shohning yuragiga g‘ulg‘ula soldilar:
— Olampanoh, Humoyunning yolg‘onga ustaligini sizga bergan in’omlaridan ham bilmoq
mumkin, — dedi Ravshan ko‘ka. — U kishi sizga Bayramxon orqali Ko‘hinur olmosini
hadya qilgani yolg‘on. Ko‘hinur olmosi xotinining tumorchasida yashirig‘liq turibdir. Biz
buni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik, hazrati shahanshoh!
Shohning qoshlari chimirilib, mo‘ylovlarining uchi pastga osilib qoldi. Nahotki o‘sha
gumbazsimon go‘zal olmos Ko‘hinur bo‘lmasa? Shoh o‘z singlisiga: «Ko‘hinur budir!» deb
ko‘rsatgan edi. Endi uning gapi yolg‘onga chiqadimi? Bu gapni inilari ham eshitgan,
«Ko‘hinur endi bizim og‘amiz tojini bezayur», deb iftixor qilishgan edi. Bu iftixorning tagi
puch chiqsa, Tahmasp o‘z yaqinlari oldida qanchalik noqulay ahvolda qoladi!
Shoh Tahmasp ikkinchi bo‘lib kirgan Xo‘ja G‘ozining mayda-chuyda ig‘volarini
eshitgandan so‘ng, Ko‘hinur to‘g‘risida gap ochdi:
— Siz ham Ko‘hinurni ko‘rmishsiz?
— Ha, olampanoh, begimning tumorida ko‘rmishmen! — dedi Xo‘ja G‘ozi. — Sizga
Bayramxon keltirgan olmos gumbazsimonmi? Unga «Samoyinur» deb nom berilgan.
Ammo u Ko‘hinurdan ikki barobar kichik! Faqir ikkovini ham ko‘rganmen...
Boshqa olmosni Ko‘hinur deb xato qilgani Tahmaspga endi juda alam qildi. Humoyun
undan panoh istab kelgan paytda ham o‘zini shunchalik baland olar ekanki, eng buyuk
Ko‘hinur olmosini xotinida qoldirib, boshqa kichikrog‘ini shohga yuboribdi. Tahmasp
bunday kalondimog‘larning ko‘pini ko‘rgan, ko‘pining jazosini bergan! Bu
temuriyzodaning adabini berib qo‘yish ham uning qo‘lidan keladi!
Shoh o‘z o‘yini shu tarzda yakunladi-yu, Validbekni chaqirib, Ravshan ko‘ka bilan Xo‘ja
G‘oziga durustroq joy berishni va ulufa tayinlashni buyurdi. Shu kundan e’tiboran bu
ikkovi ham Tahmasp xizmatiga o‘tdi.
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |