www.ziyouz.com kutubxonasi
101
Shoh avvallari Humoyunni doim o‘rnidan turib qabul qilar va o‘ng yoniga o‘tkazar edi. Bu
gal o‘ltirgan ko‘yicha unga chap tomonidan uch-to‘rt qadam naridan joy ko‘rsatdi.
Humoyun Tahmaspdan olti yosh katta edi. Otasining «kattalar ko‘tarimli bo‘lgay» degan
gapini yana bir esladi. Shohning kamsitishiga ahamiyat bermaslikka tirishib, mayin
kulimsiradi-da, ko‘rsatilgan joyga cho‘kka tushdi.
— Olampanoh, biz sizdan ko‘p marhamat ko‘rdik,— dedi. — Endi ijozat bersangiz,
yurtimizga qaytsak...
— Xansi* yurtingizga qaytajaksiz? — kinoyaomuz so‘radi shoh.
— Hozircha Qandahorga... Siz va’da qilgan ko‘mak ila uni olsak, o‘zingizga in’om
etgaymiz. Biz o‘g‘limiz bilan Hindga qaytish orzusidamiz.
— Hindiston sizning yurtdur? — deb shoh yana kinoya qilib so‘radi.
Humoyun ichida, «tangrim, o‘zing bardosh ber», deb, bu istehzoga ham chidadi.
— Hindiston — biz farzandi o‘ldig‘imiz yurtdir,— deb Humoyun bitta so‘zni ataylab
ozarbayjoncha aytdi.
Shoh ko‘zlarini qisib Humoyunga sinovchan nazar bilan tikildi...
— Eron buyukmi yoki sizning Hindiston buyukroq?
Poygakda o‘ltirgan Validbek birdan sergaklandi, shoh «Eron buyukroq» degan gapni
eshitsa mamnun bo‘lishini Humoyun ham sezdi. Lekin bunday desa shohga ochiqdan
ochiq xushomad qilib yolg‘on gapiradiganday ko‘rindi-yu, xiyol taraddudlandi.
— Eronning... buyuk madaniyati, buyuk tarixi bordir... shunday tarix, shunday
madaniyat Hindistondada var. Ammo Hindistonning aholisi ko‘proq, maydoni ham
buyukroqdir, olampanoh.
Bu gaplar shohning qulog‘iga: «Men ham sendan buyukroqmen, shuning uchun eng
ulkan Ko‘hinur olmosini o‘zimda olib qolganmen!» degandek eshitildi. Shohning birdan
jahli chiqdi. Uning qizishgan paytda mantiqni tan olmaydigan odati bor edi.
— Siz bizdan buyukroq o‘lsangiz nechun Hindistondan bura* panoh istab keldingiz?
Dastoringizga Ko‘hinur olmosini taqqaningiz uchungina bizdan buyukroq o‘lmayajaksiz!
Bu achchiq izg‘irin qayoqdan esayotganini Humoyun Ko‘hinur olmosi tilga olinganidan
so‘zdi. Bu olmosni Hamida bonuning tumorida ko‘rgan Ravshan ko‘ka bilan Xo‘ja
G‘ozining izg‘irini. Bu razil o‘g‘rilarni zindonga tashlatish o‘rniga, ularga tanbeh berish
bilan cheklanib, ortiqcha bir yumshoqlik qilgani uchun Humoyun yana o‘zini koyidi: «Qil-
gan xatoingning jazosi mana shu, endi shohning barcha tanbehiga chidaysen!».
Tahmasp yuragida to‘planib qolgan gina-qudratlarni aytib, ko‘nglini sal bo‘shatgandan
so‘ng, Humoyun sekin bosh ko‘tardi:
— Hazrat shahanshoh, tog‘dan ko‘ra samo buyukroqdir. Shuning uchun men sizga
Ko‘hinurni emas, Samoyinurni yuborgan edim... Oraga ig‘vo urug‘ini sochgan odamlarni
yomonlashga esa mening tilim bormaydir. Chunki ne qilsa ham ular mening
yurtdoshlarim. Hozir biz sizning ixtiyoringizdagi mehmonlarmiz. Bizni bor qilishga ham,
yo‘q qilishga ham siz, albatta, qodirsiz. Bir o‘lim hamisha boshimizda bor. Men hech vaqt
undan qo‘rqib qochgan emasmen. Agar mendan ayb o‘tgan bo‘lsa, mayli, buyuring!
Humoyun Tahmaspning ko‘zlariga dovtalab bo‘lgan kabi tik qaradi. Shoh ham uning
ko‘ziga ko‘zini qadagan holda: «O‘limdan qo‘rqmasligingni ko‘ryurmiz!» degisi keldi,
ammo boshqa gapni aytdi:
— Ayb deyil*. Ov qilyurmiz! Chorshanba kuni o‘rmonda, Albrus dog‘inda. Sizi taklif
etyurmiz.
Hozir Humoyunning ko‘ngliga ov sig‘masa ham, lekin bu gaplarning tagida boshqa ma’no
borligini sezib, shohning taklifini qabul qildi.
______________
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |