www.ziyouz.com kutubxonasi
301
Bu — tahsinga sazovor fazilatdir. Siz turkiy tilni bilar ekansiz. Shuning uchun
«Boburnoma»ning asl turkiycha nusxasini sizga in’om etdik!
Akim Matveyevich zarhal muqovali kitobni olib, e’zozlab ko‘ziga surdi-yu:
— Men bu kitobning shuhratini butun mamla-katimizga yoygaymen, — dedi. —
Vatandoshimiz Afanasiy Nikitin yuz yil burun biz uchun Hindistonni ochgan edi. Uning
«Uch dengizdan nariga sayohat» nomli kitobida bizning Hindistonga bo‘lgan beg‘araz
qiziqishimiz, samimiy ehtiromimiz ifoda etilmishdir. Biz ba’zi farangilarga o‘xshab,
Hindiston atrofidagi dengizlarga xo‘jayinlik qilmagaymiz, orollarni bosib olmoqchi
emasmiz, faqat xolis niyat bilan hamkorlik qilishni istaymiz.
— Siz farangi tillarini ham bilsangiz kerak?
— Ha, bilurmen. Dengizdan portugal kemasida o‘tib keldim. Shunda ularning o‘zaro
gaplaridan tushundimki, Adanda hazrat ammangizni sizga qarshi qo‘zg‘atmoqchi bo‘lgan
kuchlar orasida portugallar ham bor ekan. Ular zimdan yomonlik qilishda behad katta
tajriba orttirmishlar. Beg‘araz hayrixohingiz sifatida aytib o‘tmoqchimen. Ular sizni o‘z
dinlariga o‘tkazib, keyin butun Hindistonni mustamlaka qilish orzusidalar.
Akbar istehzoli kuldi:
— Ushalmaydigan orzu! Men barcha imon-u e’tiqodlarni barobar ko‘rganim uchun
padrelarga poytaxtdan joy berdim.
— Albatta, portugallar orasida adolatparvar, halol odamlar ham bor. Lekin men ularning
shafqatsiz qulfurushlarini ham ko‘rdim. Ular Ovruponing qul bozorlariga bechora qora
tanlilarni Afrikadan kemalarga bosib borib, oltinga sotmoqdalar. Siz Hindistonda qul
bozorlarini berkittirib olijanob ish qilibsiz. Qullarni ozod etibsiz. Ammo farangilar yangi
kashf etilgan Amerika qit’asida ham qul bozorlari ochmishlar, habashistonlik yuz minglab
qora tanlilarni kemalarda Amerikaga eltib, qul qilib sotibdirlar. Shu yo‘l bilan behisob
ko‘p boylik orttiribdirlar.
— Insonfurushlik bilan orttirilgan boylik — dunyodagi eng harom boylikdir! — dedi Akbar
nafrat bilan.— Men bilurmen, biz bo‘sh kelsak, hindlarni ham «qora tanli» deyishib,
kemalarga bosib ketib, qul qilib sotishga tayyor farangilar bor. Ammo biz tirik ekanmiz,
ular bu shum niyatlariga yetolmagaylar!
Gap orasida Akbar mehmonga savol berdi:
— Bizdan ne tilagingiz bor, mehmon?
Akim Matveyevich bir o‘ylanib oldi. Jizya va tamg‘a soliqlarining bekor qilingani, barcha
nasoralarning huquqlari muslimlarniki bilan tenglashtirilgani Akim Matveyevich kabi
ajnabiy sayyohlarga juda katta yengillik bermoqda edi. Kalitin o‘zi uchun hech narsa
so‘ramoqchi emas, faqat shu yerda uchratgan bir vatandoshining mushkulotini oson
qilgisi kelar edi.
Paramon degan kishi yoshligida Volga daryosi bo‘ylarida Qrim xonlari bilan bo‘lgan
jangda yaralanib, asir tushgandan so‘ng uni qul qilib sotgan ekanlar. Falakning gardishi
bilan Hindistonga kelgan bu odam o‘ziga o‘xshagan nasora ayolga uylanib, ikkita farzand
ko‘rgan ekan. Kasbi imoratsoz usta. Akbarning yangi poytaxtini qurishga o‘n yetti yil
mehnati singgan. Lekin hali ham ona tilini unutmagan ekan. Akim Kalitin u bilan ruscha
gaplashganda ko‘zlaridan tirqirab yosh chiqib ketdi. «Birga olib ketinglar, birodarlar,
qolgan umrimni Vatanimda o‘tkazay!» — deb yalindi. Ammo sarkori unga javob
bermadi. Chunki o‘g‘li ham ganchkor usta ekan. «Bunday katta ustalarga hazratim
o‘zlari javob bermasalar, mening haqqim yo‘q!» — deb turib oldi.
Akbar bu gapni eshitib, Qilichxonga yuzlandi va gap qaysi usta haqida borayotganini
so‘radi.
— Usta Parmon bo‘lsa kerak, — dedi Qilichxon,— o‘zi hozir tashqarida qabulingizni kutib
turgan edi.
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |