www.ziyouz.com kutubxonasi
175
sarflari uchun ketadigan mablag‘ ham xonboboning imzosi bo‘lmasa berilmas edi. Akbar
Panipatda hammani, hatto, o‘zini ham otalig‘ining irodasiga bo‘ysundirgandan beri hanuz
o‘sha yakka hokimlik davom etmoqda edi. Jome masjidlarida har juma kuni Akbarning
nomi xutbaga qo‘shib o‘qilsa ham, aslida, oliy hukmron Bayramxon edi.
— Janob me’mor, siz avval maqbaraning tarhini chizing, — dedi Akbar. — Uni qurish
uchun taxminan qancha mablag‘, qancha korgar-u hunarpesha kerakligini bizga yozib
bering.
— Bosh ustiga, amirzodam! Ammo hisob-kitob ishlari uchun maxsus odam yollamasam,
o‘zim uddalay olmasmen. Xomaki tarhini chizish uchun ham ko‘p vaqt ketgay.
Akbar me’morning ozg‘in yuzi va eskirgan kiyimlariga qarab, uning o‘zi ham yordamga
muhtoj ekanini sezdi. Ichkari xonaga kirib, o‘zining shaxsiy xarajatlari uchun xazinadan
olgan bir hamyon oltinni olib chiqdi-da, me’morga choshna* tarzida berdi.
____________
* M u r a q q a s — albom.
* Ch o sh n a — avans.
* * *
Oradan ancha vaqt o‘tib, bo‘lajak maqbaraning sarf-u xarajatiga oid hisob-kitob tayyor
bo‘lganda Bayramxon o‘zi Agradan Dehliga kelib qoldi.
Uning soqol-mo‘ylovi silliq tarashlangan, yoshi ellik yettida bo‘lsa ham yigitlarday
bashang kiyingan, kayfiyati yaxshi edi. Bayramxon burnog‘i yili Mevar hokimi Jamolxon
degan amirning o‘n yetti yoshli qiziga uylangan, yaqinda bu yosh xotindan o‘g‘il ko‘rgan,
unga Abdurahim deb ism qo‘ygan edi.
Akbar bilan Hamida bonu xonboboni Puran qal’aning mehmonxonasida kutib olib, oldiga
dasturxon yozdilar.
Humoyunning yil oshisini berganlaridan so‘ng Hamida begim qora kiyimlarini tashlagan,
hozir havorang qabo kiyib, boshiga ko‘k hoshiyali oq qasaba ro‘mol o‘ragan edi.
— O‘g‘il ko‘ribsiz, janobi otaliq, — dedi Hamida begim. — Muborak bo‘lsin!
— Qulluq, hazrat begim. Bizga ne xizmatlar bor? Bilgali keldim.
— Biz amirzodam ikkalamiz hazratimning maqbarasi uchun tarh chizdirgan edik. Me’mor
mirzo Mirak hozir qabulxonada. Siz ham bir ko‘rsangiz.
— Bajonidil.
Mirzo Mirak Bayramxonga alohida, Akbar bilan Hamida begimga alohida ta’zim bajo
keltirgach, jildga solingan loyihani miz ustiga qo‘yib ochdi.
Rangli qilib ishlangan maqbara tarhi bir qarashda Bayramxonga ham yoqdi.
— Hazratimning ulug‘ xotiralariga munosib! — dedi u. Biroq me’mordan sarf-u xarajati
qanaqa bo‘lishini so‘rab bilgan sari qoshi chimirilib, avzoyi o‘zgara boshladi: — Janob
me’mor, bu binoga davlatimizning bir yillik daromadi ham yetmagay-ku! Xazinada bor
mablag‘ni qurilishga sarf qilsak, o‘ttiz ming qo‘shinga maoshni qayoqdan to‘lagaymiz?
Qurol-yarog‘ni qaysi pulga olgaymiz?
— Otaliq janoblari, — dedi Hamida begim, — bu qurilish bir yilda bitmagay... Balki
mening qolgan umrim shunga sarf bo‘lgay. Har yilgi davlat daromadlaridan bir qismini
ajratsangiz bas...
Bayramxon begimning musibatli yuziga nazar tashladi-yu, sal yumshadi:
— Xo‘p, men rozi! — dedi. — Hozircha loyiha ishlari uchun mablag‘ topib bergaymen.
Qurilishning o‘zi uchun kelgusi yili daromadlardan bir qismini ajratgaymiz.
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |