www.ziyouz.com kutubxonasi
178
— Endi jo‘nasak bo‘lg‘aymi? — qiziqib so‘radi Akbar.
— Ha, Laxo‘rda atkangiz Shamsiddin Muhammad sizni kutib olg‘ay. U hozir Panjob
hokimi. Mankot ham bizga xayrixoh viloyat. Bu yerdan mingta bek-u navkar
Pirmuhammad atka boshchilig‘ida sizga hamroh bo‘lg‘ay. Shu hafta yo‘lga chiqmog‘ingiz
mumkin. Barcha tayyorliklar ko‘rilgay.
Bayramxon Salima begimning Akbarga mehri borligini ishonchli odamlardan eshitgan
edi. Endi sovchi keladigan nozik paytda Akbarni uzoqroqqa yuborib, qiz tufayli ikki oraga
tushishi mumkin bo‘lgan nizoning oldini olmoqchi edi. Bayramxon o‘z niyatiga tezroq
yetish uchun hamma narsani oldindan o‘ylab, astoydil tayyorlanib kelganini sezgan
Hamida begim og‘ir va tahlikali tuyg‘ular girdobida qoldi.
— Onajon, men Mankotga ketsam, sizga qiyin bo‘lmagaymi? — deb so‘radi Akbar.
Hamida begim Salimani o‘ziga kelin qilmoqchi edi. Qiz ham shuni juda istaydi, Akbarga
duch kelib qolsa, bo‘lajak kelinchakday uyalib qimtinadi. Akbar hali uylanish to‘g‘risida
o‘ylamaydi. Lekin vaqt o‘tishi bilan u ham o‘zining Salimaga ko‘ngli borligini fahmlab
qolishi mumkin.
Hamida begim hozir shuni Bayramxonga aytadigan bo‘lsa, qiziqqonli otaliq olovlanib
ketishi aniq. Axir u Humoyunning va’dasiga orqa qilyapti. Bir vaqtlar Gulrang begimni
unga bermaganlarining alamini unutolmay yuribdi.
Ikki orada nizo chiqsa, Akbar ayovsiz kurash girdobiga tortiladi-yu, hayoti xavf ostida
qoladi.
Yo‘q, Hamida begim yolg‘iz o‘g‘lini bunday xavf-u xatardan uzoqroq tutmog‘i kerak.
Akbarning o‘zi ham qachondan beri Mankot tomonlarga safar qilish orzusida yurardi.
O‘g‘li hozir shuni istab turganini ko‘rgan Hamida begim:
— Mayli, Akbarjon, sizni sog‘inib qiynalsam ham, bardosh berurmen! — dedi.
Akbar safar ishtiyoqi va tayyorgarligiga berilib, Bayramxon bilan onasi orasida bo‘lib
o‘tgan g‘alati va sirli gaplarning sababini uncha surishtirmadi. Lekin u jo‘naydigan kuni
ertalab onasining xonayi xosiga xayrlashish uchun kirganida rangi so‘lg‘in, ko‘zlari
yig‘idan qizargan Salima begimni ko‘rib qoldi.
Akbar yarim yosh katta edi va qizga «sen» deb gapirardi:
— Ha, Salima, senga ne bo‘ldi?
Hamida begim «aytma» deganday labini tishlab qaradi. Lekin Salima ichki tug‘yonini
Akbardan yashirolmadi:
— Men ham sizdek... xonbobo deb... bobom o‘rnida ko‘rsam... nevarali odam menga
oshiq bo‘lganmish!.. Uylanmoqchi emish.
Akbar Bayramxonning o‘tgan kuni odatdan tashqari iymanib aytgan so‘zlarining
ma’nosini va shayx Gadoyi kelishining sababini endi tushundi.
— Nahotki? Yo‘g‘-ey! Salima, balki xonbobo hazil qilgandir?..
— Hazil emish!.. Mana, xonbobo o‘zi menga arzi hol qilib yozgan she’ri.
Ikki yoshga iztirob bilan tikilib nima deyishini bilmay turgan Hamida begim ularning bir-
biriga qanchalik munosibligini ko‘rib, yuragini alam timdaladi. Akbar — mo‘ylabi ko‘zga
tashlanib qolgan, durkun gavdali, jozibali yigit. Balog‘atga yetib, pushtirang baxmal
nimchasining ko‘kraklari bo‘rtib turgan xipcha bel, nafosatga to‘la qiz Salima. Nahotki
ularning taqdirlari qo‘shilmagan bo‘lsa?
Akbar oltin suvi yugurtirilgan ipak qog‘ozdagi satrlarga ko‘z yugurtirdi:
Hajringni xayol qilmoq mushkul,
Sendin talabi visol qilmoq mushkul.
Holimni senga arz qilsam deydurmen,
Ammo menga arzi hol qilmoq mushkul.
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |