www.ziyouz.com kutubxonasi
170
— O‘zi hujum qilmasa hech kim uni o‘ldirmas edi!..
— Enagamning tog‘asi... urug‘-aymog‘i ko‘p! Hammasi endi yovlashgay. Tashqarida
yog‘iy, ichkarida bu!..
O‘spirin Akbarning shuncha narsalarga aqli yetayotganidan xiyol taajjublangan
Bayramxon:
— Rost, — dedi, — bo‘sh kelsak, ichki urush boshlanmog‘i mumkin. Yo siz men tomonda
mardona turib, bor kuchlarni bir irodaga bo‘ysundirgaysiz. Yo enaga-yu boshqalarning
ko‘ngliga qarab, hammani o‘z holiga qo‘yib bergaysiz, istagan odam otalig‘ingizni yana
«rofiziy» deb so‘kkay, ichki intizom yo‘qolgay, keyin tashqi dushman ham bizni osongina
yenggay. Shu ikki yo‘ldan birini tanlamog‘ingiz kerak!
Bayramxonning qat’iyat bilan yongan ko‘zlari Akbarning yodiga bultur Sirhinddagi
shiddatli jang paytlarini eslatdi.
Iskandarshohning o‘ng qanotidagi otliqlarini orqaga qaytarish va chekinayotgan fillariga
toptatish zarur bo‘ldi. Bosh sarkarda Bayramxon bu mushkul ishni xossa tobinda*
turgan amir Muzaffar Loxaniga va uning qo‘l ostidagi ikki ming afg‘on yigitiga topshirdi.
Amir Muzaffar yovning o‘ng qanotidagi kuchlari ikki barobar ko‘p ekanini ko‘rdi. Ularni
orqaga qaytarishiga ko‘zi yetmadi. Ortdan chekinib kelayotgan fillar toptab tashlashidan
qo‘rqdi va Bayramxonning buyrug‘ini bajarishdan bosh tortdi. Bahslashib o‘ltiradigan
payt emas edi. Agar yovning o‘ng qanotiga vaqtida zarba berilmasa Iskandarshoh g‘olib
kelishi mumkin edi. Bunday paytda bosh sarkardaning buyrug‘ini bajarishdan bosh
tortish xiyonat hisoblanardi. Bayramxon amir Muzaffarga shuni aytib, buyruqni yana bir
takrorladi, ammo o‘jar afg‘on amiri Muzaffarxon buyruqni bajarib bo‘lmasligini aytdi.
Bayramxon yonidagi turkman yigitlariga buyurib, Muzaffarning qo‘lini bog‘latdirdi, so‘ng
saf-saf turgan yigitlarining ko‘zi oldida buyruqni bajarishdan bosh tortgani, shu bilan
dushmanga yordam bergani uchun boshini shart kestirdi.
Afg‘on amirlari orasida Muzaffarni yomon ko‘radigan, u bilan doim munozara qiladigan
boshqa bir dovyurak bek bor edi. Bayramxon darhol o‘shani ikki ming otliqqa sarkarda
etib tayinladi-yu, topshiriqni zudlik bilan bajarishga farmon berdi.
Bayramxon bilan hazillashib bo‘lmasligini, uning buyrug‘idan bo‘yin tovlash nima bilan
tugashini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rgan afg‘on yigitlari yovning o‘ng qanotiga jon-jahdlari
bilan hamla qildilar. Bu hamla Bayramxon kutganday yaxshi natija berdi, yovning
piyodalari o‘z otliqlari va fillari orasiga tushib qolib, oyoqosti bo‘ldi. Iskandarshohning
harbiy fillari chekinish paytida o‘z piyodalarining anchasini toptab tashladi. Oxirida bu
fillardan to‘rt yuztasi o‘lja olindi. Jang tugagandan keyin Muzaffar Lohanining o‘g‘illari va
qarindoshlari Bayramxonning ustidan Humoyunga shikoyat qildilar. Humoyun
Bayramxonning qiziqqonligidan xafa bo‘ldi, «hibs qilish mumkin edi-ku!»deb koyindi.
Lekin bo‘lar ish bo‘lgan, Bayramxon katta zafar keltirgan edi. Humoyun uni kechirdi,
Muzaffar Loxanining yaqinlari esa arazlashib, Gujarat tomonga ketib qolishdi. Ular
o‘zlarini Bayramxonning xundor dushmanlari deb e’lon qilganlarini Akbar eshitgan edi.
Endi buning ustiga Turdibekning yaqinlari Bayramxon bilan yovlashsa...
— Xonbobo, siz meni qanotingiz ostida olib yuribsiz. Men buni unutmaymen. Maslahat
bering, ne qilay?
Bayramxon xirgoh to‘rida mo‘tabar joyda turgan «Boburnoma»ni ko‘rsatdi:
— Ulug‘ bobongizning kitobidan madad so‘rang. Otalari o‘lganda bobongiz ham yosh —
hali o‘n ikkiga to‘lmagan ekanlar. Ustozlari andijonlik Xo‘ja Abdullaning oqilona o‘gitlari
bilan yog‘iylar halqasidan omon chiqqan ekanlar.
Akbar kechasi allamahalgacha «Boburnomani» varaqladi...
Uzoq Sirdaryo bo‘yida, Akbar hali ko‘rmagan Andijon-u Axsida yosh Boburning
Samarqand-u Toshkent tomondan bostirib kelgan dushman qo‘shinlari orasida qolgani
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |