105
transkriptonlar vazifasining buzilishiga sabab bo`ladi. Agar o`zgarish struktura
genlarida ro`y bersa, unda qisman yoki umuman o`z vazifasini bajara olmaydigan
nuqsonli oqsil hosil bo`lishi mumkin. DNK struktura genlaridagi mutatsiyalar
nuqsonli tRNK va rRNK hosil bo`lishiga olib kelishi mumkin.
Promotordagi mutatsiyalar RNK polimerazaning bog`lanishini buzish orqali
oqsilning yetarli miqdorda sintezlanmasligi yoki uning sintezini to`liq to`xtashiga
olib keladi.
Mutatsiyalar spontan(tabiiy) yoki turli omillar ta’sirida
kelib chiqishi
mumkin. Tabiiy xatoliklar juda kamdan-kam hollarda uchraydi. Mutatsiya
chaqiruvchi omillar mutagenlar deb aytiladi. Spontan mutatsiyalar sonini
oshiruvchi tabiiy va yot mutagenlar farq qilinadi. Tabiiy mutagenlarga peroksidli
birikmalar,
aldegidlar, erkin radikallar kiradi. Yot mutagenlarga kimyoviy
moddalar – alkillovchi birikmalar,
azot kislotasi, gidroksilamin, oksidlovchilar;
fizik – ionlovchi nurlanish va biologik omillar – masalan, viruslar hujayrada DNK
ni shikastlaydigan enzimlar kiradi.
Genetik buzilishlar va atrof muhit. Atrof muhit mutagenlari juda ko`p bo`lib,
doimiy ravishda keyingi avlodlarda irsiy kasalliklarning yig`ilishiga olib keladi.
Masalan, radioaktiv nurlanish yuqori mutagen faollikka ega. Dunyo bo`yicha
15000 ga yaqin bolalar atmosferada yadro qurolining sinovi tufayli genetik nuqson
bilan tug`iladi. Sanoat korxonalarining turli
xil kimyoviy chiqindilari,
o`simliklarni himoyalovchi kimyoviy moddalar bilan atrof muhitning zararlanishi
hamma tirik organizmlarning genetik dasturiga salbiy ta’sir etadi. Bugungi kunda
oziq-ovqat qo`shimchalarining zararsizligi qayta ko`rib chiqilmoqda. Ayrim oziq-
ovqat qo`shimchalari (konservantlar, ta’m beruvchi
moddalar mutagenlik
xossalariga ega, shuning uchun ular mutagen faollik bo`yicha to`liq sinovdan
o`tkaziladi.
Juda ko`p dori vositalari ham yuqori mutagenlik faolligiga ega bo`ladilar va
shu sababdan ular oldindan genetik tekshiruvdan o`tkaziladi. Asosan kimyoviy
dori vositalarini homiladorlik davrida qabul qilish juda xavfli, chunki ular yo`ldosh
orqali embrion rivojlanishiga ta’sir etib, majruhlikka
olib kelishi mumkin,
preparatlarning bunday ta’siriga teratogen ta’sir deyiladi.
Preparatlarning mutagen salbiy ta’sirining oldini olish maqsadida dori
vositalari teratogen faollikka ko`p tomonlama tekshiruvdan o`tkaziladi va
homiladorlik davrida dorilarni tayinlash chegaralanadi. To`plangan ma’lumotlarga
qaraganda ko`pchilik uxlatuvchi, narkotik va tinchlantiruvchi
vositalar davolash
dozalarida homila hujayralariga mutagen ta’sir etmaydi. Terapevtik dozada
antibiotiklar, sulfanilamidlar, vitaminlar xavf tug`dirmaydi.
Shishga qarshi
preparatlar, qisman kortikosteroidlar va antigistaminli moddalarda teratogen ta’sir
yuzaga chiqish ehtimoli ko`proq.
Do'stlaringiz bilan baham: