Ad-hoc yaxlit xossalar –
ontologik maqomi noimmanent, emerjentdir.
Epistemologik maqomi–o‘z tarkibiga kiruvchi yaxlitliklarning xossalariga nisbatan
reduksiyalanadi (murakkabga nisbatan reduksiyalanadi).
Misollar: tirik hujayraning murakkab tizimlaridagi sodda noorganik moddalarning
biokimyoviy (alohida holda mazkur moddalarga xos bo‘lmagan) funksiyalari;
so‘zlar, gaplarning mazkur semantik birliklarga o‘z holicha, kontekstdan tashqarida
xos bo‘lmagan katta kontekstdagi ma’nosi.
Bilish usuli: Ad-hoc yaxlit yondashuv (ba’zan mazkur yondashuv «yaxlit
yondashuv» tushunchasiga kiritiladi).
Yuqorida zikr etilgan xossalar to‘rt turining xususiyatlarini moddiy va ideal
tabiatning yaxlit ob’ektlari misolida tushuntirib o‘tamiz.
Ad-hoc yaxlit xossalar masalasi misollar bilan maxsus tushuntirish va asoslashga
muhtoj emas, chunki mazkur xossalar bilish ob’ektining mohiyatini tashkil etmaydi–
ular unga noimmanent. Mazkur xossalar ayni ob’ektga kattaroq yaxlitlik (tizim)ning
ta’sir ko‘rsatishi natijasi. Aytish mumkinki, bu xossalar kattaroq yaxlitlikning
«kuchi»ga nisbatan ob’ektning «murosaga kelgan»ligi ifodasidir.
Oliy darajada uyushgan molekulyar tuzilmalar–fermentlar, DNK, RNK singari
biopolimerlarning jami xossalarini tadqiq qilish bilan bog‘liq fizik-kimyoviy,
biologiya sohasi yuqorida zikr etilgan xossalarning o‘ziga xos xususiyatlarini yaqqol
namoyon etadi. Misol uchun, DNK molekulasiga xos bo‘lgan jami xossalarni bilish
muammolarini olaylik. DNK molekulasini uning tarkibidagi alohida atomlarning
xossalari, alohida kimyoviy va kuchsiz (bu yerda fizik) aloqalarning, funksional
guruhlarning, elektr zaryadlarning, alohida fragmentlarning va hokazolarning tabiati
orqali, ya’ni reduksiya metodi yordamida tadqiq qilish mumkin.
Shu bilan bir qatorda, DNK molekulasining yaxlit tuzilma sifatidagi xossalarini,
uning tarkibiy qismlari xossalariga to‘la bog‘liq bo‘lmagan xossalarini, ma’lum
turkumga mansub moddalar bilan o‘zaro kimyoviy ta’sirga kirishish, tegishli
muhitlarda ma’lum sedimentatsion va reologik xususiyatlarga ega bo‘lish
qobiliyatini ham tadqiq qilish mumkin. Ammo, reduksiya metodi va yaxlit
yondashuv asosida, ya’ni DNK molekulasiga yaxlit molekula hamda elementlar
to‘plamidan iborat molekula deb qarab, unga xos bo‘lgan barcha xossalarni bilish
mumkin emasligini aniqlash qiyin emas. DNK molekulasini element sifatida tadqiq
qilib, nisbatan yuqori darajada uyushgan tizimga kirgan taqdirimizdagina unga xos
bo‘lgan oliy «metayaxlit xossalar»ni ochib berishimiz mumkin. DNK molekulasi
uchun bunday yuqori darajada uyushgan tizim bo‘lib, tirik hujayra metabolizmining
o‘zaro bog‘langan va tartibga solinuvchi jarayonlari tizimi xizmat qiladi.
Shuni qayd etib o‘tish kerakki, bu yerda DNKning immanent oliy, ya’ni
«metayaxlit» xossalari to‘g‘risida so‘z yuritilmoqda. Bu tirik organizmlarning
molekulyar tarkibiy unsurlari haqidagi ilmiy bilimlarning rivojlanish tarixidan
yaxshi ma’lum.
Darhaqiqat, XIX asrda tirik organizmlardan nuklein kislotalar va oqsilli jismlar
ajratib olinib, turli-tuman kimyoviy eksperimental vaziyatlarda kimyoviy ob’ektlar
sifatida tadqiq qilindi. Natijada, XX asrning o‘rtalariga kelib ularning
makromolekulalar sifatidagi tuzilishi va asosiy fizik-kimyoviy xossalari kashf etildi,
ammo ularning oliy axborot va tartibga solish xossalari mazkur molekulyar
(kimyoviy) ob’ektlarning tirik hujayradagi faoliyatini tadqiq qilish natijasidagina
ochib berildi. Boshqacha qilib aytganda, faqat yuqorida zikr etilgan holatdagina biz
genetik axborot tashuvchisi bo‘lgan DNK molekulasida zohir xossalarni topish va
nukleoidlarning ketma-ketligi ma’lum tabiatga ega guruhlar (azotli asoslar)ning
tasodifiy to‘plami emas, balki genetik kod ekanligini aniqlash imkoniyatiga ega
bo‘lamiz. Aynan shu yerda biz «kontrreduksiya tamoyili» deb nomlangan o‘ziga xos
bilish usuli yordamida DNKning oliy, «metayaxlit» xossalarini bilish imkoniyatini
qo‘lga kiritamiz. (Mazkur xossalar faqat tizimdagi muayyan ta’sirlar natijasida
yuzaga kelmaydi, ular mazkur ob’ektga xosdir.)
Bu yerda kontrreduksiya tamoyili ob’ekt muqarrar tarzda o‘zgarishi,
takomillashishi va shu kabilar natijasida muayyan tizim tarkibiga kirganida
qo‘shimcha tarzda paydo bo‘ladigan xossalarnigina emas, balki ob’ektga immanent
bo‘lgan bir qancha muhim xossalarni ham bilish imkonini beradi. Masalan,
DNKning aminokislota ketma-ketligi qayd etilgan matritsa sifatidagi xossalarini
aniqlab, shundan so‘ng alohida ajratilgan DNK bilan ishlash va genetik kodga qarab
muayyan oqsillarning tegishli aminokislota ketma-ketliklarini aniqlashimiz yoki
aksincha, alohida ajratilgan oqsillarning aminokislota ketma-ketliklariga qarab
DNKdagi nukleoidlarning ketma-ketligini aniqlashimiz mumkin. Buning ustiga,
DNK, RNK molekulalarining axborot va tartibga solish xossalari, tirik hujayra
tizimlaridagi metokontrreduksiyaga asosan aniqlangan fermentlarning biokatalitik
hamda tartibga solish xossalari moddiy tarkibiga ko‘ra ham, tashkil etilishiga ko‘ra
ham nativ («jonli») tizimlardan farq qiladigan sun’iy tizimlarda ro‘yobga
chiqarilishi mumkin.
Kontrreduksiya tamoyilini tabiatshunoslik sohasida amalda qo‘llash ob’ektlarning
oliy xossalarini faqat statistik moddiy tizimlar yoki aksiyalashtirish vaqti cheklangan
tizimlar (masalan, sun’iy tashkil etilgan kimyoviy jarayonlar yoki alohida muayyan
organizmlardagi jarayonlar)dagi ob’ektlarning oliy xossalarini tadqiq qilish
bilangina cheklanmaydi. Metodning imkoniyatlari ancha keng, chunki
kontrreduksiya metodiga nisbatan uning yuqori darajada uyushgan tizimi, deganda
zamon va makondagi har qanday, shu jumladan tadrijiy rivojlanayotgan tabiiy
tizimni tushunish lozim. Zamon va makondagi tizim (yoki xususiy holatda
makondagi temporal tizim)ni deganda biz zamonda ma’lum darajada o‘zgaruvchi
(noorganik, organik, ijtimoiy) tushunamiz. Biz uni ma’lum invariant belgilariga
qarab, yaxlitlik hamda tadqiqotning ma’lum ob’ekti sifatida ajratamiz. Shunga
o‘xshash har qaysi tizim uchun elementar vaqt bo‘lagi, ya’ni tizimida ko‘rilayotgan
o‘zgarishlar ahamiyatsiz bo‘lgan eng katta vaqt oralig‘i tushunchasini muomalaga
kiritish lozim. Mazkur vaqt bo‘laklarining miqdori kosmologiya uchun ming va
undan ortiq yillar, geologiya uchun o‘nlab va yuzlab yillar, mikrobiologiya uchun
bir-ikki generatsiya davri (taxminan minutlar) bilan, kimyoviy genetika uchun
sekundning ulushlaridan soatlargacha, jamiyat va madaniyat tarixi uchun esa o‘nlab
va yuzlab yillar bilan o‘lchanadi.
Zamon va makondagi tizimlarda tadqiq qilinayotgan ob’ektning noma’lum oliy
xossalari tizimda, nafaqat dolzarb moddiy, balki muvaqqat, tarixiy sabab va oqibat
aloqalarining mavjudligi tufayli ham namoyon bo‘ladi. Kimyoviy evolyutsiya
haqidagi ta’limot, molekulyar tuzilmalarning o‘z-o‘zini tashkil etish, tabiiy-tarixiy
sharoitlarda tuzilish va sifat jihatidan murakkablashish qobiliyati haqidagi ta’limot
yuqorida aytilgan tizimlarda kontrreduksiya metodining ob’ektiv asoslari va
imkoniyatlarini ochib beruvchi o‘ziga xos misol bo‘lib xizmat qiladi.
Molekulalarning muhim xossasi o‘z-o‘zini tashkil etish qobiliyati va kimyoviy
evolyutsiyani faqat kontrdeduksiya yordamida aniqlash mumkin bo‘ldi. Darhaqiqat,
biologiyada XIX asrda vujudga kelgan evolyutsion ta’limot tirik organizmlarning
tadrijiy rivojlanishini retrospektiv tarzda ko‘rib chiqishda faqat eng sodda bir
hujayralilar va ularning molekulyar (sub’ektiv hujayrali) tarkibiy qismlaridan kelib
chiqishi mumkin edi. Mazkur holat kosmologiyada rivojlanayotgan noorganik
materiya darajasida tabiatning dastlabki evolyutsiyasi g‘oyasi bilan birga ilk
biologik, ya’ni kimyoviy evolyutsiya muammosining qo‘yilishiga olib kelardi.
Muhimi shundaki, ilmiy bilimning tarixiy-mantiqiy rivojlanishida dastlab kimyoviy
evolyutsiya muammosi qo‘yildi, faqat shundan keyin o‘z-o‘zini tashkil etuvchi
kimyoviy tizimlarni muayyan model asosida tadqiq qilishga kirishildi. Xullas,
molekulalarning oliy xossasi o‘z-o‘zini tashkil etish qobiliyatini aniqlash
kontrreduksiya–molekulalarni tadrijiy rivojlanuvchi tabiiy-tarixiy tizimda ko‘rib
chiqish natijasi bo‘ldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |