Raketa qo’shinlari mehnat gigiyenasi
Eng zamonaviy harbiy qo’shin turlari qatoriga raketa qo’shinlarini kiritish
lozim. Raketa texnikasi deganda birinchi navbatda boshqariladigan raketalar va
snaryadlarni tushunish lozim. Har qanday raketa ikkita asosiy qismdan iborat
bo’ladi: raketaning ustki qismi ya’ni portlovchi qismi (boegolovka) va raketa
dvigatelidir ya’ni raketani harakatga keltiruvchi qismi.
Raketa qo’shinlarida xizmat qilish askarlar organizmiga bir qator nomuvofiq
omillarning ta’siri bilan bog’liqdir. Masalan, raketani o’chirish vaqtida harbiy qism
xizmatchilari organizmiga o’ta kuchli shovqin (140 dB dan ortiq), gazli va olovli
alanga oqimi ta’sir etishi mumkin. Bunday sharoitda gazli-olovli oqim tarkibida
yonuvchi materiallarning to’liq yonmasligi natijasida katta konsentratsiyalardagi is
gazi va azot oksidlarining ta’siri yuqori bo’ladi. Jangovor bo’lmagan sharoitlarda
raketaga xizmat ko’rsatish ya’ni raketani yoqilg’ilar va yoqilg’ini oksidlovchi
vositalar bilan to’ldirish va qayta quyish mashqlarini bajarish sharoitida
xizmatchilarning qo’llari, kiyimlari, ish joylari va yordamchi texnik vositalar
ifloslanishga uchrashi mumkin. Normal sharoitda bunday ifloslanishlarga chek
qo’yiladi, chunki yoqilg’ilarni quyish va qayta quyish moslamalari germetik
tuzilishlarga ega. Ifloslanish faqat xizmatchilar tomonidan texnika xavfsizligi
qoidalariga rioya qilmagan sharoitlarda yoki texnik nosozlik kuzatilgan vaqtdagina
yuzaga kelishi mumkin.
Raketa yoqilg’ilari bir va ikki komponentli yoqilg’ilarga bo’linadi. Bir
komponentli yoqilg’ilarda yoqilg’i va uning oksidlovchisi raketa dvigatelining
614
yoqilg’i idishida aralashtirilgan holda bo’ladi (azot kislotasiga xlorli
uglevodorodlarning qo’shilgan holati).
Ikki komponentli yoqilg’ilarda oksidlovchi va yoqilg’i alohida idishlarga solingan
bo’lib, ularni aralashtirish faqat raketani o’chirishdan oldin amalga oshiriladi.
Raketa yoqilg’ilariga - uglevodorodlar, spirtlar, aminlar kirsa, oksidlovchi
moddalar qatoriga - azot kislotasi, suyultirilgan kislorod, vodorod peroksidi, ftor va
boshqalar kiradi. Hamma yoqilg’ilar va oksidlovchilar juda agressiv moddalar
hisoblanib, ular bilan ishlashda texnika xavfsizligi qoidalariga og’ishmay rioya
qilish talab etiladi. Texnik suyuqliklar bilan xizmatchilar organizmini zararlanishi
quyidagi sharoitlarda kuzatilishi mumkin:
-Raketa yoqilig’isi komponentlari bilan raketa idishlarini to’ldirish yoki bo’shatish
jarayonida sodir bo’lishi mumkin;
-RYoK lari zich berkitilmagan kommunikatsiyalar orqali chiqishi mumkin;
-yoqilg’i va oksidlovchilarni me’yoridan ortiq miqdorlarda olish va qayta quyish
jarayonida ularning to’kilishi;
-nasoslar, jihozlarni ta’mirlashda texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilmaslik
oqibatida;
-yoqilg’i idishlarini RYoK dan tozalash jarayonida;
-RYoK dan tekshirish uchun namunalar olish jarayonida;
-bo’shatish klapanlari orqali RYoK ning bug’lanishi;
-ifloslangan kiyimlardan RYoK ning desorbsiyalanishi;
-nosoz bo’lgan protivogazlardan foydalanish sharoitlarida bo’lishi mumkin.
Raketa yoqilg’isi komponentlari bilan ishlaydigan harbiy xizmatchilarni
zararlanishdan himoya qilish uchun bir qator tadbirlarni bajarish talab etiladi.
Jumladan, RYoK saqlanadigan omborxonalar harbiy qism joylashgan joydan iloji
boricha uzoqroqda ya’ni sanitariya himoya zonasiga (500 m dan kam bo’lmagan)
rioya qilgan holda joylashishi lozim. Raketa yoqilg’isi komponentlarini qabul
qilish va ular bilan raketalar idishini to’ldirish faqat yopiq usullarda bajarilishi
lozim. Yoqilg’i omborxonalarining pollari, devorlari kislota ta’siriga chidamli va
615
o’ziga yutmaydigan materiallar bilan jihozlanishi va xonalarni yuvishda hosil
bo’ladigan chiqindi suvlarni uzoqlashtirish uchun maxsus avtonom kanalizatsiya
bilan jihozlanishi kerak. RYoK saqlanadigan xonalar yuqori samarali shamollatish
moslamalariga ega bo’lishi lozim. Obyekt tarkibida xo’jalik sanitariyasiga oid
xonalar (yechinish va kiyinish xonalari, dushxonalar, kiyimlarni quritish xonalari)
bo’lishi, xizmatchilar maxsus kiyimlar bilan ta’minlanishi va lozim bo’lganda
protivogazlar bilan ishlash mahoratlariga ega bo’lishlari kerak. Raketa qo’shinlari
xizmatchilari yaxshi nazariy tayyorgarlikdan o’tgan bo’lishlari muhim ahamiyatga
egadir. Xizmatchilar maxsus ovqat ratsionlari bilan ta’minlanishi maqsadga
muvofiqdir. Raketaga xizmat ko’rsatuvchilar har ehtimolga qarshi badan terisi va
qo’llar uchun maxsus himoya pastalari bilan ta’minlangan bo’lishlari kerak. RYoK
bilan ishlovchi shaxslar maxsus ruxsatnomalarga ega bo’lishlari va bunday
ruxsatnomaga ega bo’lmagan shaxslar raketaga xizmat ko’rsatish uchun
qo’yilmasliklari lozim. RYoK bilan ishlovchi xizmatchilar muntazam tibbiy
nazorat ostida bo’ladilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |