www.ziyouz.com kutubxonasi
130
— Ha, — dedi Valya qo‘llarini beliga qo‘yib, — bormasam bo‘lmaydi.
— Uzoqqami?
— Uzoqqa... Bu yerdan besh qadam. So‘ng chapga. Oshxonaga. Vannadan eson-omon
chiqsang yetib olarsan.
Zelixon qah-qah otib kulib yubordi.
— Hazilkash ekansan, menga shunaqalar yoqadi.
— Menga esa sendaqalar yoqmaydi. Soqolingni olishni unutma. Hayvonot bog‘idan
qochganga o‘xshaysan.
Valya shunday deb keskin burildi-da, oshxona tomon yurdi.
Zelixon yuvinib chiqqach, Valya aytgan «yo‘nalish» bilan borib, oshxonaga kirdi. Valya
faqat o‘ziga zeb beribgina qolmay, uyni ham orasta tutar edi. Zelixon juvonning o‘zini
tutishi, uydagi sarishtalikni kuzatib, «Bu yer Xongireyning qo‘nog‘i bo‘lsa kerak», degan
to‘xtamga keldi.
— Bu yerga Xongirey ham kelib turadimi? — deb so‘radi ovqatlanayotib.
— Bu sening ishing emas.
— Jahling tez ekan.
— Ha. Ovqatingni ye.
— Yaxshi. Birgina savolim bor: ovqatni yeb bo‘lgach, nima qilamiz?
— Seni bilmayman. Ammo men yotib uxlayman, charchaganman.
— Ana xolos! Shunday so‘lim shaharda, shunday so‘lim kechada, shunday go‘zal xonim
uyiga biqinib olsa... Xudoning ham qahri keladi bunga.
— Buguncha qahri kelmaydi. Sen ham damingni ol. O‘zingni quvnoq tutishga harakat
qilma. Ahvolingni bilib turibman.
Zelixon ovqatni yeb bo‘lgach, Valya tezgina idish-tovoqni yuvdi-da, «yaxshi yotib tur»,
deb xonasiga kirib ketdi.
Zelixon orqasidan kirayinmi yo yo‘qmi, deb ikkilanib turdi. Keyin eshikni asta itarib
ko‘rdi: ichkaridan qulflanibdi. Zelixon «shunisi ham durust», deb qo‘yib, balkonga chiqdi.
Bu yerdan dengiz qirg‘og‘i baralla ko‘rinib turibdi. Sohildagi rango-rang chiroqlar,
qirg‘oq bo‘ylab asta suzayotgan katta-kichik kemalarning chiroqlari miltillab ko‘rinadi.
Bu shahar kun nima, tun nima bilmaydi. Maishat, buzuqlik tanaffussiz davom etadi.
Erdan bezganlar ham, xotindan kuyganlar ham shu yerda topishadilar. Buzuqlik
daraxtining nimaiki mevasi bo‘lsa totib ko‘rib, so‘ng yaxshi dam olgan yoki davolangan
odam qiyofasida uylariga jo‘naydilar. U yoqda laqma erlar xotinlarini yoki nodon xotinlar
erlarini guldastalar bilan kutib oladilar. So‘ng... tunda sog‘inch hislari jo‘sh uradi... Aslida
qiyomat sodir bo‘lsa shu yerda boshlanishi kerak...
Balkonda turgan Zelixon bularni o‘ylamaydi. Chunki buzuqlik uning uchun gunoh
sanalmaydi. Ishtoni yo‘q ishtoni yirtiqqa kuladi, deydilar. Zelixon bu maqolning aksi
o‘laroq, ulardan kulmaydi, nafratlanmaydi. Qachonki bundaylarning birontasi nomus,
poklik haqida va’z ayta boshlasa, g‘azablanadi.
Zelixonning nigohi sohildagi chiroqlarga qadalgan, xayoli esa Farg‘onada edi. U qanday
xatoga yo‘l qo‘ydi? Nadulya... Bo‘ri... bular kimlar, o‘ylab o‘yiga yetolmaydi. Agar
hukumat iziga tushgan bo‘lsa, chatoq, uzoq vaqt qochib yurolmaydi. Xongirey nimani
mo‘ljal qilgan? Yo chet elga chiqarib yuborarmikin? Chet elda nima qiladi? Bu yerda
«akademik» to‘rtta bo‘lsa u yoqda to‘rt milliontadir? U yoqda almisoqdan qolgan po‘lat
sandiq, qulflar yo‘qdir? Bu hunarining sariq chaqalik qadri bo‘larmikin u yoqda? Yo go‘ng
tashib tirikchilik qiladimi?
Zelixon shu paytda yana ovuliga qaytgisi, yana o‘sha otxonaga borgisi keldi.
Valya ikki marta eshikni o‘g‘rincha ochib, balkondagi Zelixonga mo‘ralab qaradi. U
qadrini oshirish uchun eshikni atayin ichkaridan qulflagan, Zelixonning bir-ikki chaqirishi
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |