www.ziyouz.com kutubxonasi
128
— Xafa bo‘ldingmi, komsomol?
— Siz shu gaplarni aytishga uyalmadingiz, a? Men esam gapingizni eshitib, sizdan
nafratlandim, bilib qo‘ying.
— Sen tushunmading, komsomol. Men ishdan qochadigan odam emasman. Kurortda
yurib, allergiya degan kasal orttirganman. Kasalim ot go‘ngining hidiga qo‘ziydi. Nafasim
bo‘g‘iladi. Ishla, desang, ishlayveraman, bo‘g‘ilib o‘lsam, tovonimga qolasan.
Otboqar rost gapiryaptimi yo yo‘qmi, degan ma’noda qarab turdi-da, ensasi qotib, nari
ketdi.
Zelixon savdosi pishmaganidan afsuslanib, yana bir oz o‘tirdi-da, so‘ng noiloj otxona
tomon yurdi.
Uch kunlik izzat-ikromdan so‘ng, u ham qishloqning oddiy faqiriga aylandi. «Endi ahvol
shumi? — deb o‘yladi u. — Ertalab uyqudan uyg‘onaman, nonushta qilaman, so‘ng
otxonaga borib go‘ng tashiyman, keyin uyga qaytaman, laqillab o‘tiraman... balki bir
bevaga uylantirib qo‘yishar. Uni bag‘rimga bosaman, sochidan molxonaning hidi kelib
turadi...»
Zelixon bunday hayotga ko‘nikmagan edi. Shu yoshga kirib biron yerda qo‘nim
ishlamagan, qo‘nim uy-joyi bo‘lmagan, shaharning olag‘ovuriga, maishatlariga, dimog‘i
juvonlardan taraluvchi yoqimli hidlarga o‘rgangan odam uzoq tog‘li qishloqning osoyishta
hayotiga ko‘nika olarmidi?
Vatan tuyg‘usi, Vatan mehri degan tushunchalar endigina uyg‘onayotgan odam bir
dumalab boshqa insonga aylana olarmikin?
Otxonadagi «mehnat faoliyati»ning beshinchi kuni otboqar unga «marhamat» ko‘rsatib,
otlarni qashlab qo‘yishdek mas’uliyatli vazifani topshirdi. Zelixon qashqa bilan
muomalasini endigina boshlagan paytda otxona hovlisiga oq «jiguli» shitob bilan kirib
keldi-da, maydonchada keskin burilib, to‘xtadi. Zelixon odatiga ko‘ra sergaklanib, o‘zini
otning panasiga oldi. «Jiguli» haydovchisi mashinadan tushib, hushtak chaldi-da, u
tomon qarab «bu yoqqa kel», degan ma’noda qo‘l siltadi. Zelixon xuddi o‘zini panaga
olmaganday, mashina kirib to‘xtaganini sezmaganday ishini davom ettiraverdi.
— Zelya! — deb baqirdi haydovchi, yana cho‘zib hushtak chalib, — Zelya deyapman!
Karmisan?!
Zelixon o‘girilib, unga qaradi. Keyin qashlag‘ichini tashlab, mashina tomon yurdi.
Mashinaga yaqinlashishi bilan orqa eshik ochildi.
— O‘tir, — dedi haydovchi qo‘rslik bilan.
Zelixon uning amriga so‘zsiz itoat etdi. Haydovchi joyiga o‘tirib, mashinani yana shitob
bilan joyidan qo‘zg‘otdi. Otboqar nima voqea yuz berganini idrok etolmay ham qoldi.
Zelixon orqa o‘rindiqda o‘tirgan qora ko‘zoynakli yigitni bir qarashda tanidi — Moskvada
Xongirey yonida ko‘rgan edi uni.
Qora ko‘zoynakli yigit unga qo‘lini uzatib ko‘rishdi-da:
— Akademik amaliy mashg‘ulot bilan band ekanlar-da, a? — deb piqillab kuldi.
«Kecha kelganingdami, akademikning go‘ng tashiyotganini ko‘rib, esing og‘ib qolardi».
Zelixonning xayoliga shu gap keldi, tili esa boshqani aytdi:
— Ha. Darvin degan shogirdim «odam mehnat qilib turmasa yana qayta maymunga
aylanib qoladi», degan ekan. Bir otboqar misolida shu nazariyaning isbotini
sinayatuvdim. — Zelixon shunday deb kiborona jilmaydi, keyin jiddiylashib so‘radi: —
Xongirey tinchmi? Nega meni yo‘qlab qoldi?
— Xongirey tinch. Ammo sen tinch emassan, — dedi yigit. — Farg‘onada ishkaling
chiqibdi.
— Qanaqa ishkal?
— Kimlarni o‘ldirmoqchi bo‘lding?
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |