www.ziyouz.com kutubxonasi
129
— O‘ldirmoqchi bo‘lding? — Zelixon ajablandi. — Kimlarni o‘ldirding, demoqchimisan?
— Sen qo‘lingdan kelmaydigan o‘yinga aralashibsan. Endi sen pachag‘i chiqqan
odamsan, akademik. Yaxshi hamki baxtingga Xongirey bor.
— Qani, gapni cho‘zmay, maqsadni ayt-chi, — Zelixon shunday deb yigitning qora
ko‘zoynagini olib, unga tikildi.
— Sen qopqonga tushibsan. Endi chiqishing qiyin. Sen ishongan marja mentlarga xizmat
qilgan. Sen Bo‘rining tomiriga qora dori yubordim, deb o‘ylab laqqa tushibsan. U qora
dori emas, darmondori bo‘lgan. Hozir mentlar izingga tushishgan. Seni ushlab sud
qilishmaydi. Sen yo‘q bo‘lishing kerak, vassalom.
— Nega?
— Negaligini o‘zing bilasan. Sen nimanidir bilasan. Bir maxfiy ishdan hid olib
qo‘ygansan. Kimki sen bilgan narsani bilsa o‘lishi kerak.
— Tushunarli.
— Yo‘q, hali tushunmading. Hozir uyingga borasan. Bir cholni ko‘rdik, unga ishonsang
bo‘ladimi?
— Nimani?
— Unga aytasan: sheriklarim bilan oldi-sottida ishkal bor ekan, Maxachqal’aga
ketyapman, yelkamga yuz ming ilib turishibdi. Shu ishni hal qilib qaytaman, deysan.
Narsalaringni olma.
— Keyin-chi?
— Keyin sen Sochiga borasan. Kommunistlar ko‘chasidagi o‘ttiz yettinchi uyda seni bir
jonon kutyapti. Ismi Valya. O‘sha yerda tuxum bosib o‘tirasan. Bizdan xabar
yetmaguncha qimirlamaysan.
— Keyin-chi?
— Nima keyin?
— Ovulda qanaqa gap tarqatasan?
— Men gap tarqatmayman. Ertaga qo‘l-oyog‘i, boshi kesilgan murdani qopga solib,
tashlab ketishadi. Seni kiyimingdan tanishadi.
— Shu shartmi? Ovulga qirq yilda endi kelishim. Meni bu yerdan qidirishmaydi.
— Agar Xongireyni ahmoq deb o‘ylasang, bilganingni qil.
Zelixon unga e’tiroz bildirmay, aytganlarini bajardi. O‘sha kuni shom qorong‘isi cho‘ka
boshlaganda o‘zini Adlerda ko‘rdi. Adlerda avtobusga o‘tirib, Sochiga, so‘ng tayin
qilingan Kommunistlar ko‘chasiga qarab ketdi.
Valya deganlari chindan ham kuydirmajon edi. U eshikni ochib, Zelixonni ko‘rdi-yu,
«sizga kim kerak, o‘zingiz kimsiz?» deb so‘ramadi. Xuddi safardan qaytgan erini kutib
olayotganday bir shirin jilmayish hadya etib, «kiraver, yaxshi yetib keldingmi», dedi.
Bunday holatga duch kelgan odam dovdirashi, «adashmadimmi, ishqilib?» deb ostona
hatlashga shoshilmasligi turgan gap. To‘g‘ri-da, begona shaharga, begona uyga
kelsangu bir begona huriliqo chiqib xushnudlik bilan kutib olsa?... Tanimay turib
jilmayganicha qarshilayapti, hali uyga kirgach nima bo‘ladi, Xudo biladi.
Maosh olishni kutib yashovchi, ba’zan xizmat safariga chiqib qoluvchi, mehmonxona
ostonalarida tilanchiday mo‘ltillab tong ottiruvchi odam uchun bu shunday g‘alat
tuyuladi. Zelixon mansub olam uchun esa odatiy bir hol. Xongirey bu joyni aniq tayin
qilmay, shunchaki «Sochiga borib kutsin», deb amr qilganida ham Zelixon uchun
boshpana muammosi bo‘lmas edi. Harholda, akademik xor bo‘ladigan odam emas...
Zelixon dahlizga o‘tishi bilan Valya eshikni yopib, qulfladi-da:
— O‘ngdagi eshik vannaxona. To‘g‘ridagisi yotoqxona. Kiyimlaring, hujjatlaring o‘sha
yerda, — dedi.
— Sen-chi? — dedi Zelixon, — Biror yoqqa ketmoqchimisan?
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |