www.ziyouz.com kutubxonasi
136
yoniga kirdi.
— Guruchni o‘zing solarsan, men boray, adang kutib o‘tirgandirlar, — dedi Manzura
qiziga o‘tinch bilan boqib.
— Ovqatlanib borsangiz-chi? Adamga telefon qilib qo‘yaylik.
— Adangning fe’llarini bilasan-ku?
Biladi. Uyda adasi intiq kutmayotganini, onasining bahonasi arzon-garov ekanini, ketgisi
kelmagani holda shoshilayotganini ham biladi. Bilgani uchun ham noiloj yelka qisib qo‘ya
qoldi.
Qaynonasini qaytmoqchi ekanini bilib Elchin ortiqcha iltifot qilib o‘tirmay:
— Olib borib qo‘yaman, — dedi.
Qaynonasini yaxshi ko‘rganidan yoki mehri jo‘shib turganidan emas, Zaynab bilan yolg‘iz
qolishga yuragi betlamayotganidan kuzatmoqchi edi. Mashinani ko‘z-ko‘z qilib minib
borishga toqati yo‘q edi, ammo nachora, Asadbekning xotini avtobusda ketmaydi- ku?
Elchinning xavotiri o‘rinsiz edi. Ko‘chaga chiqib «Volga»sining ro‘parasida «Jiguli» ko‘rdi.
Manzura ular bilan xayrlashib, yoshlarni duo qila-qila o‘sha «Jiguli»ga chiqib o‘tirdi.
«Hali ham nodonman. Kimlar bilan gaplashayotganimni unutib qo‘yaman», deb o‘yladi
Elchin.
Hovliga qaytib kirib, ikkovlari ko‘z urishtirib oldilaru aytarga gap topolmadilar. Zaynab
nima qilarini bilmay oshxona tomon bir-ikki qadam qo‘yib, to‘xtadi-yu, orqasiga o‘girilib
so‘radi:
— Guruchni solaveraymi?
Elchin beixtiyor soatiga qaradi:
— Hali erta-ku?
— Birovni kutyapsizmi?
— Yo‘g‘-a...
Aldadi. Kutyapti. Kasalxona yo‘lida ammasinikiga kirib «tez boring», deb tayinlagan edi.
Amma «shunday bozorga kiramanu chiqaman», devdi. Uning «kiramanu chiqaman»
degani kamida ikki soat vaqtni olar. Shuning uchun ham Elchin soatiga qarab olgan edi.
Yaxshiki, qo‘ni-qo‘shnilar bor. Yaxshiki, xotinlarning «razvedkasi» zo‘r ishlaydi.
Zaynabning qaytganidan xabar topgan ayollar yo‘qlab chiqishdi. So‘ng «bozorga
birrovgina o‘tgan» ammasi «shoshilib» yetib keldi. Elchin bu tashriflardan foydalanib,
Anvarnikiga borib, Risolat kampirni xabardor qildi. Oqshomda Anvar Xonzodasi bilan
keldi. Shu zaylda shom qorong‘usiga qadar ular yolg‘iz qolishmadi.
Yo‘qlovchilar ketgach, ularning uylarini vahimali sukunat zabt etdi. Televizorda kino
boshlandi. Kinodagi gaplar, shovqinlar quloqlariga kirmaydi, sukunat bu ovozlarni ham
bosib ketgan...
Elchin bu ahvol uzoq davom etishi mumkin emasligini biladi. Umuman... er suluv xotin
bilan yolg‘iz qolganida ma’ruza aytishi shartmi?.. U Zaynabning yoniga o‘tirib, qo‘ltig‘i
ostiga qo‘l yubordi. O‘z xayollariga bandi bo‘lib o‘tirgan Zaynab cho‘chib tushdi. Eriga
qaradi. Bu qarashda «o‘sha gapdan keyin ham meni quchaverasizmi?» degan ma’no
zohir edi. Elchin bu qarashning ma’nosini uqmaganday lablari bilan uning lablarini izlab
topdi.
Tun bir oz tahlikali, bir oz gumonli, bir oz esa... shirin o‘tdi.
Qo‘rquv bilan kutilgan so‘zlar aytilmadi...
Butunlay aytilmaydimi yo vulqon kabi kuch yig‘ib bir kunmas-bir kun otilib, hammayoqni
vayron qilib tashlaydimi? Buni yolg‘iz Ollohning o‘zi biladi...
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |