www.ziyouz.com kutubxonasi
111
— O‘zi nimayu otasi nima bo‘lardi?
Bu gapni eshitib, Anvar kulimsirab, qo‘lini uning yelkasiga qo‘ydi:
— O‘, kuyov bola, sal pastroq tushing. Ertaga «Elchinboy falonchining nevara kuyovi»
deyishsa kerilib yurarsiz. Katta qaynotangizga atalgan imtiyozlardan foydalanib
mashinalar, uylar olarsiz...
— Aravani quruq olib qochish bo‘yicha jahon chempionati bo‘lar ekan, bormaysanmi? —
dedi Elchin, ensasi qotib.
— Hazillashayotganim yo‘q. Jiddiy aytyapman. Zo‘r odam ekan. Eshit...
Anvar hujjatlarda o‘qiganlarini bir boshdan bayon etdi. Elchin uning gaplarini bo‘lmay
eshitdi. O‘rnidan turib, sigaret tutatdi.
— Xo‘sh, endi nima deysan? — dedi Anvar g‘olib odamning ovozida.
Elchin darrov javob bermadi. Bir oz o‘ylanib turgach, buklama karavotning qirrasiga
o‘tirdi.
— Nima derdim, kesakdan olov chiqibdimi? Bunaqa qahramonlar son mingta. Sezib
turibman, sen hujjatlarni o‘rganib, o‘zingcha bir narsani kashf etgansan. Hozir shuni
pesh qilib, men bilan bahslashasan.
— Sezgingdan o‘rguldim, sening. Qani, ayt, nimani sezding? — Anvar shunday deb
qog‘ozlarini tartibga keltirdi.
— Sezganim shuki, otasi qamalmasa, Asadbek bunaqa bo‘lmas edi, yaxshi odam
bo‘lardi, demoqchisan.
— To‘g‘ri.
— Unda ayt: boshqa ming-ming qamalganlarning bolalari-chi? Ular ham Asadbekka
o‘xshashadimi?
— Hammaning sharoiti bir xilmi? Men qaynotangning yonini olmoqchi emasman. Ammo
jamiyatning, muhitning aybini ham chetlab o‘tib bo‘lmaydi. Dunyoda hamma narsa bir-
biriga bog‘liq. Qiziq narsa, eshitgin-a: urush bo‘lmasaydi, Asadbekning otasi jangga
bormas edi. Asirga tushmasaydi, Yugoslaviya partizanlari safida yurmas edi, shunday
ekan, demak, qamalmas ham edi, qamalmagach, bolasini yaxshi tarbiya qilar edi.
Asadbek yaxshi odam bo‘lsa, demak, Noila o‘ldirilmasdi, sen qamalmasding, Jamshid
tirik qolardi. Va nihoyat...
— Va nihoyat, — dedi Elchin, do‘stining so‘zini bo‘lib, — sen arxivda hujjat titib kelib,
mening boshimni qotirmasding.
— Maynavozchilik qilmay tur. Yana bir narsa...
— Yana bir narsa shuki, — dedi Elchin gapni bo‘lib, — adang oyingga uylanmaganlarida
sen tug‘ilmas eding, men ham mag‘zava gaplardan qutular edim.
— Hali gapimiz mag‘zava bo‘ldimi? — dedi Anvar ranjib.
— Mag‘zava bo‘lmay nima? Unaqa bo‘lmasaydi, bunaqa bo‘lmasaydi... Bu Asadbek
bo‘lmasa, boshqasi chiqardi. Unisi bo‘lmasa bunisi o‘ldirardi. Jamshid Asadbekka xizmat
qilmasa, ana, Hosilboyvachchaga, hatto Manasyanga xizmat qilaverardi. Peshonaga
yozilganidan keyin kimga xizmat qilsa ham baribir shunaqa o‘lim topardi. Yuzta-yuzta
qilamizmi, otasanmi?
— Yo‘q, menga qaynotangni topib ber.
Elchin ichkari kirib, telefon qilib chiqdi:
— Shu yerda o‘tirib tur. Hozir kelib, izzatingni joyiga qo‘yib olib ketishadi.
4
Elchin qo‘ng‘iroq qilganida Asadbek uyida xotini bilan gaplashib o‘tirgan edi. Bugun
ertalabdan eti uvishib, yuragi siqilib turgani uchun ko‘chaga ham chiqmadi. A’yonlari
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |