www.ziyouz.com kutubxonasi
110
— Nima deding?
— Nima sababdan gumonsiraganini bilmayman. Bilib qolsam, Anvar degan laqma
oshnam bor, o‘shanga aytaman, sizga oqizmay-tomizmay yetkazadi. Keyingi paytda
shunaqaroq bo‘lib qolgan, dedim.
Bu gapdan Anvar ranjidi. «Shuni odam deb yo‘qlab keldimmi?» deb afsuslandi. Hozir
uning pichingiga javob qaytarsa gap talashib qolishlari mumkinligini bilib, indamadi.
Boshini xam qilib o‘tirdi. Elchin bu holatni pushaymonlikdan deb tushunib, jahl otidan
tushdi. Bir nafaslik sukut keraksiz gaplar seli yo‘liga to‘g‘on bo‘ldi.
— Zaynab chiqmadimi? — deb so‘radi Anvar boshini ko‘tarmay.
— Uch-to‘rt kundan keyin, deyishyapti.
— Tezroq chiqsa sen ham tinchirding, uying ham huvillamas edi. Xotinim onasinikiga
ketsa, uy meni yutvoray deydi. Bir kunga zo‘rg‘a chidayman. Tag‘in ham sen temirdan
ekansan.
— Sen ham tinchirding, deysanmi?.. Qaydam... Men go‘rda ham tinchimasam kerak.
Jinnixonadaligingda dunyoning formulasini topganingni aytuv-ding, esingdami?
— U esdan chiqadigan formula emas.
— Men ham bekorchilikda yoti-ib, boshqacharoq formula kashf etdim, — Elchin shunday
deb ko‘krak cho‘ntagidan shapaloqday gazeta parchasini olib uzatdi.
Anvar gazeta hoshiyasidagi Elchin «formula» deb atagan yozuvni o‘qidi:
— «Dunyo = qalloblik + firibgarlik + muttahamlik + hasad + ig‘vo + poraxo‘rlik + zo‘rlik
+ kazzoblik + fahsh = (o‘lim)». Formulangga uncha tushunmadim?
Elchin gazeta parchasini uning qo‘lidan olib, ikki bukladi-da, yana cho‘ntagiga soldi.
— Tushunish uchun o‘qish kerak. Buning maktabida men o‘qib kelganman.
— Shunaqa dono bo‘lib ketdingmi? — dedi Anvar kesatib.
— Endi bildingmi? O‘n yil akademiyada o‘qidim. Sen bitta qallob bilan olishib ming‘irlab
yuribsan. Men ko‘rgan qalloblar oldida seniki farishtaning o‘zi-ku?
— Ol-a! Sen shu farishta bilan o‘n yil emas, o‘n kungina birga bo‘lsang bilarding.
— Men bilgan narsalarni bilishing uchun sen yana yuz yil yashashing kerak. Men kashf
etgan formula — haqiqat! Buning chorasi esa yolg‘iz o‘lim. Qallobni o‘ldirasan — firibgar
senga ro‘para bo‘ladi. Firibgarni o‘ldirsang, fahshga duch kelasan. Bularni o‘ldirib
qutuldim, deb turganingda qallobning farzandi ulg‘ayib turibdi-da. Qayoqqa qochasan?
Birdan-bir panohing — o‘lim!
— Sen menga taqlid qilyapsanmi?
— Senga ahmoq odam taqlid qiladi.
— Unda o‘limni istab qoldingmi?
— O‘lgim ham yo‘q... Xohlaymizmi, xohlamaymizmi qachondir o‘lamiz. Ungacha
muttahamlarning oyoqlari ostida xor bo‘lib yashash alam qiladi. Dunyoni osonlikcha
ularga tashlab ketish undan ham yomonroq.
— Ko‘nglim xijil bo‘lib turuvdi, yurakni battar siqding.
— Ana shunaqa, haqiqat chatoq narsa. Hatto adolatparvar olimlarning ham yuragini
siqib yuboradi.
— Bas qil, bo‘lmasa hozir yorilib ketaman, — dedi Anvar ovozini bir oz balandlatib. —
Men bu yerga bir ish bilan keldim. Qaynotangga uchrashishim kerak.
— Nechuk, qaynotamga ishing tushib qolibdi? Bunaqa odamlardan hazar qilar eding-ku?
Formulamning yana bir isboti bu: dunyo shunaqaki, hazar qilgan odamlaring qarshisida
tiz cho‘kasan.
— Formulangni qo‘ya tur. Qaynotang bitkazib beradigan ishim bitmay qo‘ya qolsin. Bir
marta jinnixonadan chiqarib bergani butun umrimga tatiydi. Esingdan chiqdimi, otasi
masalasida iltimos qiluvdi. Arxivni kavlashtirdim, endi natijasini aytishim kerak.
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |