www.ziyouz.com kutubxonasi
107
Hoynahoy, sizning moshinangizni ham shimo qilishgandir. Bizga himmat qilgan
bo‘lsangiz ham aytib qo‘yay: men unaqa mayda ishlar bilan shug‘ullanmayman.
— Mashinamni o‘g‘irlashganda kimga borishni bilardim, — dedi Xolidiy. Bu bilan
«sizlarning davrangiz menga ma’lum» deb shama qildi. So‘ng gapni uzoqroqdan
boshlab, muddaosini bayon etdi. Hosilboyvachchaga uning gaplari avvaliga erish tuyuldi,
esnadi, kerishdi. Asadbek nomi tilga olingach, bir oz sergaklandi. Ana shunda Xolidiy bu
yerga kelib yanglishmaganiga ishondi.
Xolidiy gapini tugatgach, Hosilboyvachcha bir oz o‘ylandi-da:
— Shaharda boshqa jinnixona ham bor, — dedi. So‘ng qo‘shib qo‘ydi: — Yo butunlay
qorasi o‘chsinmi?
— Yo‘q, yo‘q, — dedi Xolidiy. — Uning boradigan yeri — jinnixona.
— Chiqimidan qochmasangiz bo‘ldi. Ertaga Shomil sizga uchraydi. Ishni birgalikda
pishitib olasizlar.
Xunob bo‘lib kutganiga yarasha masala ko‘nglidagiday hal bo‘lib, quvondi.
Hozir o‘ziga tanish sahifalarni varaqlay turib Anvarga xayolan gapirdi: «Sening masalang
kecha hal bo‘lgan, bola. Bir qumursqani supurib tashlay olmagan Xolidiy bu dunyoda
ortiq yashamasa ham bo‘ladi. Sen chiranma, bola. Agar seni yanchmay turib o‘lib
qolsam, atrofimda yig‘lab qoluvchilar baribir seni yanchishadi. Men-ku, seni yosh, deb
ayabman. Ular — o‘zingning do‘stlaring, ular ayashmaydi. Men ekkan daraxtlar meva
beradi. U hech qachon qurimaydi. Sen men ekkan daraxtlar soyasida quriysan. Oftob
ko‘rmay, suv icholmay quriysan. Sen tutantiriqdan boshqa narsaga yaramaysan...»
Xolidiy xayolidan shu gaplarni o‘tkazib, Anvarga qaradi:
— Vo darig‘! Vo darig‘! — dedi u sahifalarni shapatilab. — Zolim falakning beayovligini
qarang. Kim shunday bo‘ladi, deb o‘ylabdi-ya! Imonli, insofli, diyonatli deb yurgan
do‘stimizning etagiga axlat ilashgan ekan-u, a? Inoyatulloday odamning yuziga oyoq
qo‘ygan ekan, a? Birga yurib biz ham bilmagan ekanmiz. Mana, hujjatning kuchi qaerda!
Hamma narsa birdan oydinlashdi!
Anvar bu gaplarni eshitib, Xolidiyning navbatdagi nayrangi boshlandi, deb o‘yladi.
Inoyatullo nomini eshitgach, ancha sergaklandi. «Hujjatlar domla Inoyatulloning «ishi»
ekanmi? Uning yuziga kim oyoq qo‘ygan?»
Ahli ilm bu odamni o‘limidan so‘ng ham «domla Inoyatullo» deb hurmat qilardi. Asli
turkman bo‘lgan bu olim o‘ttizinchi yillarda, yigit chog‘ida kelib qolgan, dastlabki qama-
qama shamoli adolat istab kelgan bu yigitni ham chetlab o‘tmagan edi. O‘shanda bir
yildan so‘ng afv etilib, yana ilmga qaytgandi. Zunnuniy merosi bo‘yicha Anvarning
bobosi bilan matbuotda ancha tortishgani sababli uning qamalishiga shu bahsni asos
qilib ko‘rsatuvchi gaplar ham mavjud edi. Xolidiyning xitoblarini eshitib, Anvar o‘sha
gumonni esladi. «Buvang kim bo‘lgan, bilib qo‘y, jirillamay yursang ham bo‘ladi» degan
maqsadda atayin kelgan shekilli?» deb o‘ylab, badaniga muz yugurdi.
— Inoyatulloni bilar edim. Bizga dars berardi. Papirosni tutatib olib, o‘ychan holda turib
gapirardi. Men bunaqa o‘tkir tarixchini ko‘rmaganman. Bunaqasi boshqa tug‘ilmaydi.
Zunnuniy merosi masalasida ko‘pchilik uni qoraladi. Bir yil o‘tirib chiqishi balki
shundandir, Xudo biladi. Urushga borib kelganidan keyin yana qamab, yo‘q qilib
yuborishlariga tushunolmay yurgan edim. To‘rt yil urushda unga necha ming o‘q
otishgan ekan, qarang, mulla Anvarbek, shu minglarcha o‘qdan bittasi ham tegmabdi.
Lekin bir-ikki bo‘hton o‘qi tegibdi. Shaxtada ko‘mir qazib yurganida falokatdan o‘libdi.
O‘limidan so‘ng uch hafta o‘tib nomi afvi umumiyga yozilib tursa... Bo‘hton o‘qlari yomon
ekan... Bu o‘qlarni kim otganini bilarsiz? Bilmaysizmi? Mening aziz do‘stim Hikmat
O‘rolov. Yuvoshgina, mo‘mingina, beozorgina... Hamma uni yaxshi ko‘radi. Inoyatullo
ham yaxshi ko‘rgan. Ammo bir gap aytib ketgan ekan. «Hikmat — baliq, qo‘lda ushlab
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |