www.ziyouz.com kutubxonasi
105
o‘ylardi Xolidiy. — Xudoga shukur, men ahmoq emasman. Men — merganman. Bir o‘q
bilan istasam o‘n quyonni uraman. Dushmanni esa boshqa bir dushmanim qo‘li bilan
yanchaman. Hamisha shunday qilib kelganmanmi, bu usul menga pand bermadimi,
bundan keyin ham shunday bo‘ladi... Nodon bola... Hujjat titish senga nima beradi?
Xo‘p, haqiqatni anglading, keyin nima bo‘ladi? Sening haqiqating hech kimga kerak
emas. Har bir davrning o‘z haqiqati bo‘ladi. Esing butun bo‘lsa sen ana shu haqiqatni
fahmlab ol. Yo‘-o‘q... bunga fahming yetmaydi. Sening haqiqating jinnixonada. Qani,
meni kuzataver-chi. Ertaga boradigan joyingga borgach, meni sog‘inib qolarsan...»
Xolidiyning bu darajada dadil fikrlashi bejiz emas edi. U kecha muhim bir masalani
yechib, ko‘ngli shodlangandi. Anvar jinnixonadan chiqib kelganidan beri uning ichini it
tatalardi. Qariyb yarim yil badalida bu «bola»ni yo‘qotishni o‘ylab, boshi gangidi.
Jinnixonadan Asadbek hukmi bilan chiqarilganini bilib ancha vaqtgacha hadiksirab yurdi.
U umri mobaynida o‘ziga yoqmagan odamlarni g‘anim deb bilib, qanchasini yanchib
tashladi. Ular oldida Anvar bir qumursqa. Oldiga ozgina shakar sepib qo‘ysa, o‘zi bilan
o‘zi ovora bo‘ladi. Aslida olishishga ham arzimaydigan bir «mishiqi bola». Lekin shu
mishiqining oliftagarchiligini hazm qila olmaydi. Bu oliftagarchilik boshqa yoshlarga
yuqmasin, deydi.
Xolidiy o‘ylay-o‘ylay, achchiqni achchiq kesadi, degan aqidaga amal qilib, Asadbekning
kushandasi kim bo‘lishi mumkin, deb so‘rab-surishtirdi. Asadbek hammadan zo‘r bo‘lgani
bilan albatta kimdir, qaysi bir kavakda turib bo‘lsa ham unga qarshi tish qayraydi.
Kimdir chalishga payt poylaydi. Shunday odamning mavjudligini, uning nomi
Hosilboyvachcha ekanini bilib, quvondi. Xolidiy Hosilboyvachchaning otasini yaxshi
tanirdi. Ularning tanishligi Hosilboyvachchaning bolaligi o‘tgan hovlining oldi-sottisidan
boshlangan. Hukumat tomonidan Xolidiyning xizmatlari taqdirlanib, unga ikki qavatli uy
berilgach, u mahalladagi hovlisini Omilga — Hosilboyvachchaning otasiga sotgan edi.
O‘shanda bir kenglik qilib, joyning pulini birato‘la yaxlit holda emas, uchga bo‘lib bir yil
davomida to‘lanishiga ko‘ngan edi. Omil uning bu himmatini unutmay, hozirga qadar
ham izzatini joyiga qo‘yib, har ko‘rganda qulluq qilib turardi.
O‘g‘lida shunday obro‘li odamning yumushi borligini bilgan Omil bu gapga ishonib-
ishonqiramay ajablandi. Xolidiy buni sezib, izoh berishni lozim topdi:
— Endi Omilbek, zamon shunaqa bo‘lib qoldi. Idora bajara olmaydigan ishni o‘g‘lingizga
o‘xshagan shovvozlar bir nafasda, xamirdan qil sug‘urganday do‘ndirib qo‘yishyapti.
— Birontasi qarz-parz olib, bermiyotibdimi? — dedi Omil soddalik bilan.
— Omilbek... shunaqa desak ham bo‘ladi, — dedi Xolidiy noxush ohangda.
— Yo‘q, siz qarzini qistaydigan odamlardanmassiz. Bir dardingiz boru aytgingiz
kelmiyotibdi.
— To‘g‘ri fahmladingiz. Ba’zi ishlarni buyurtmachi-yu, bajaruvchining o‘zigina bilgani
ma’qul. Har- holda, teshik quloq, tilning esa suyagi yo‘q. Hali bizning gapimizga Hosilboy
nima deydilaru...
— Nima derdi, bizga bir ishingiz tushibdi. Biz himmatni unutadigan noshukur
bandalardanmasmiz. Yuring, ketdik, uyiga boramiz.
— Shu yerga chaqira qolmaysizmi?
— Chaqirishga chaqiramanu kelishga vaqti bo‘ladimi, yo‘qmi...
Xolidiy shu gapdan Hosilboyvachchaning havosi ancha baland ekanini angladi. Katta
boshini yana bir marta kichik qilish lozimligidan dili g‘ashlandi.
Hosilboyvachchaning uyida mehmon bor ekan. Shomil ularni shiyponga boshlab bordi.
— Shefni chaqirib bo‘lmaydi. Xohlasangiz kuting, bo‘lmasa ertaga keling, — dedi
o‘tirishga joy ko‘rsatib.
Bu gapni eshitib, Omil savol nazari bilan Xolidiyga qaradi. Xolidiy Shomil ko‘rsatgan
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |