www.ziyouz.com kutubxonasi
42
qisdi, ikki bukilib qoldi, og‘ziga quyuq bir narsa to‘lib qayd qilib yubordi, qayd qilgan narsasi shalop
etib koshin ustiga tushdi-da, suratlarni qoplab oldi. Bu hol ikki marta takrorlandi. Muzdek havoda
achchiq musallas hidi anqidi. Hech kim Biggsga yordam bergani joyidan qimirlamadi. U hamon qayt
qilardi.
Spender unga bir qarab qo‘ydi-da, orqasiga burilib, u yerdan ketdi. U bir o‘zi oy yoritib turgan
shahar ko‘chalari bo‘ylab yurib borar va do‘stlariga qayrilib qaramaslik uchun hech joyda
to‘xtamayotgan edi.
Ular tonggi soat to‘rtdagina uxlagani yotishdi. Adyolga cho‘zilishdi-da, ko‘zlarini yumishdi va bir
maromda nafas ola boshlashdi. Kapitan Uaylder gulxan yonida o‘tirib, unga shox-shabbalar tashlar
edi.
Ikki soat o‘tgach, Mak-Klyur ko‘zlarini ochdi.
— Uxlamayapsizmi, komandir?
— Spenderni kutayapman. — Kapitan zaifgina jilmaydi.
Mak-Klyur o‘ylab qoldi.
— Bilasizmi, komandir, nazarimda u kelmaydigandek. Nimagaligini o‘zim bilmayman-u, ammo
ko‘nglim shuni sezib turibdi. U kelmaydi.
Mak-Klyur boshqa yonboshiga ag‘darildi. Olov chirsillab uchqun sachratdi-da, o‘chib qoldi.
Oradan bir hafta o‘tdi, Spenderdan esa dom-darak yo‘q edi. Kapitan uni qidirgani bir qancha
dastalar yubordi, lekin ular qaytib kelishdi-da, qayoqqa g‘oyib bo‘lganiga aqlimiz yetmay qoldi, deb
aytishdi. Hechqisi yo‘q, sayoqlanib yurib-yurib o‘z oyog‘i bilan qaytib keladi. O’zi sayoq va betayin bir
odam edi. Ketsa ketib o‘lmaydimi.
Kapitan indamadi, biroq hammasini kema jurnaliga yozib qo‘ydi...
Bir kuni erta bilan — bu dushanba ham yoki seshanba ham, yoki Marsning boshqa har qanday kuni
bo‘lishi mumkin edi — Biggs yuzini oftobga tutgancha va oyoqlarini muzdek suvda o‘ynatgancha
kanal qirg‘og‘ida o‘tirardi.
Kanal bo‘yidan bir odam kelardi. Uning soyasi Biggsga tushdi. Biggs ko‘zlarini ochdi.
— O’, alhazar! — deb yubordi Biggs.
— Men seni o‘ldiraman.
— Qo‘ysang-chi bu ahmoqona hazilingni, Spender.
— O’rningdan tur, erkaklardek o‘l!
— Xudo haqqi, to‘pponchangni ol.
Spender to‘pponcha tepkisini faqat bir marta bosdi. Bir lahza burun kanal qirg‘og‘ida o‘tirgan Biggs
asta oldinga egildi-da, suvga qulab tushdi. O’q ovozi xuddi yaproq shitiridek, zaif g‘o‘ng‘illashdek juda
past edi. Jasad asta, tanho, tinch oqayotgan kanal suviga tushdi-da, bosiq «bilq» etgan tovush
chiqarib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
Spender to‘pponchani g‘ilofga soldi-da, tovushsiz odimlab nari ketdi. Mars uzra quyosh charaqlab
turardi, uning nurlari Spenderning qo‘llarini kuydirar, qo‘rg‘oshinday yaltiroq yuzini jizillatar edi. U
chopmayotgandi, go‘yo o‘tgan galdan buyon hech narsa o‘zgarmagandek, agar hozir kunduz ekanini
hisobga olmaganda, bemalol ketib borar edi. U raketa yoniga bordi; bir necha odam bostirma tagida
kema oshpazi qo‘yib ketgan nonushtaning changini chiqarmoqda edi.
— Ana, O’lg‘iz Bo‘rimiz kelib qoldi, — dedi kimdir.
— Kel, Spender! Ko‘rishmaganimizga ham ancha bo‘ldi-ya!
Stolda o‘tirgan to‘rtovlon ularga indamay qarab turgan kishiga tikilishdi.
— Senga bu la’nati xarobalarni xudo berib qoldi-da, — kinoyali jilmayib dedi oshpaz, tovoqdagi
qop-qora suyuqlikni aralashtirar ekan. — Qaranglar, suyaklari sanalib turgan och ko‘ppakdan farqi
qolmabdi.
— Bo‘lsa bordir. Men bir narsani aniqlashim kerak edi. Agar shu atrofda marslikni ko‘rib qoldim,
desam, nima degan bo‘lar edilaring?
To‘rttala fazogir sanchqilarini bir chetga qo‘yishdi.
Marsga hujum (roman). Rey Bredberi
Do'stlaringiz bilan baham: |