www.ziyouz.com kutubxonasi
43
— Marslik? Qaerda?
— Bu muhim emas. Sizlarga bitta savol bersam maylimi? Agar mamlakatingizga begona odamlar
kirib kelib, hamma narsani ag‘dar-to‘ntar qila boshlasa, marslikning o‘rnida siz bo‘lganingizda
o‘zingizni qanday his etar edingiz?
— Qanday his etishimni men yaxshi bilaman, — dedi Cheroki. — Tomirimda cheroklar qabilasi qoni
oqadi. Bobom Oklaxoma tarixidan ko‘p narsalar gapirib bergan edi. Men sizlarga aytsam, agar bu
yerda marsliklar qolgan bo‘lsa, men ularni tushunaman.
— Sizlar-chi? — ehtiyotkorlik bilan so‘radi boshqalardan.
Hech kim hech narsa deb javob bermadi. O’rtaga o‘zgacha bir sukunat cho‘kdi. Go‘yo topishmoq
aytildi-yu, “topgan topaloqniki” qabilidagi bir holat edi. Topgan olib ketaveradi-yu, qolganlar qulog‘ini
ushlab qolaveradi.
— Shunaqa gaplar, — dedi Spender. — Men marslikni uchratib qoldim.
Ular Spenderga ishonqiramay qarab turishardi.
— Hov anavi yerda, o‘lik qishloqlardan birida Uni uchrataman deb sira o‘ylamagandim ham. Aqalli
qidirganim ham yo‘q. Bilmadim, u yerda u nima qilayotgan ekan. Shu haftada men bir kichikroq
shaharchada yashadim, qadimgi yozuvlarni o‘rganishga harakat qildim, ularning qadimgi san’atlarini
tadqiq qildim. Kelib-kelib bir kun bir marslikni ko‘rib qoldim. U bir lahzagina ko‘rinib turdi-da, o‘sha
zahoti g‘oyib bo‘ldi. Shundan keyin ikki kungacha ko‘rinmay ketdi. Yanagi kelganida men yozuvlarni
tadqiq qilib o‘tirardim. Bu bir necha bor takrorlandi, har gal u yaqinroqda paydo bo‘lar edi. Men mars
tilini o‘rganib olgan kunda, — bu haddan tashqari oddiy edi, menga piktogrammalar yordam berar edi
— marslik shundoq qarshimda paydo bo‘ldi-da: “Menga boshmoqlaringizni bering”, dedi. Men unga
boshmoqlarimni berdim, u esa bunday dedi: “Endi egningizdagi hamma kiyimingizni bering”. Men
hamma kiyimimni yechib berdim, u yana: “To‘pponchangizni bering” dedi. To‘pponchamni berdim.
Shunda u: “Endi men bilan yuring-da, nima bo‘lishini tomosha qiling”, dedi. Shunday qilib, marslik
lagerga ketdi, xullas, u mana shu yerda.
— Men hech qanaqa marslikni ko‘rmayapman, — e’tiroz bildirdi Cheroki.
— Afsus.
Spender g‘ilofdan to‘pponchani oldi. Past g‘o‘ng‘illash eshitildi. Birinchi o‘q chapdan eng chekkadagi
odamga borib tegdi. Ikkinchi va uchinchi o‘q esa o‘ngdan chetdagi va o‘rtada o‘tirgan kishilarga borib
tegdi. Oshpaz qo‘rqib gulxandan o‘girildi va to‘rtinchi o‘q unga borib tegdi. U yuztuban olov ichiga
qulab tushdi va qimirlamay yotib qoldi, kiyimlari esa gurillab yondi.
Quyosh nuriga cho‘mgancha raketa g‘oz turar edi. Stolda uch kishi o‘tirar, qo‘llari esa allaqachon
sovib qolgan nonushtali likopchalar yonida turardi. Omon qolgan birgina Cheroki gap nimadaligini
anglayolmay Spenderga qaradi.
— Men bilan yurishing mumkin, — dedi Spender.
Cheroki hech nima deb javob bermadi.
— Quloq sol, men seni o‘z davramga olaman. — Spender kuta boshladi.
Nihoyat Cheroki tilga kirdi.
— Sen ularni o‘ldirding, — dedi u va ro‘parasida o‘tirganlarga bazo‘r qarab qo‘ydi.
— Ular shunga munosib edilar.
— Esingni yebsan!
— Ehtimol. Lekin sen men bilan yurishing mumkin.
— Sen bilan — nimaga? — qichqirdi Cheroki yuzidan rangi qochgan, ko‘zlaridan yosh tirqiragancha.
— Yo‘qol ko‘zimdan!
Spenderning yuzi ko‘kardi.
— Hech bo‘lmaganda sen meni tushunarsan, deb o‘ylagandim.
— Yo‘qol! — Cherokining qo‘li to‘pponchaga cho‘zildi.
Spender oxirgi marta o‘q uzdi. Cheroki boshqa qimir etmay qoldi.
Lekin Spender harakatga keldi. U terlagan yuzini kafti bilan siladi. U raketaga qaradi va shu zahoti
Marsga hujum (roman). Rey Bredberi
Do'stlaringiz bilan baham: |