Yordamchi hujayralar. Bu hujayralar T- va B-limfotsitlar uchun qulay mikromuhit
yaratishda, ularning ko`payishi va shakllanishini boshqarishda hamda ularga antigen to`g`risidagi
ma’lumotni yetkazishda faol qatnashadi. Yordamchi (accessor – ishtirokchi) hujayralarning asosiy
vakillaridan biri makrofaglardir. Ular organizmda kechadigan umumiy ixtisoslashgan immun-himoya
reaksiyalarining aktiv ishtirokchilari. Makrofaglar kuchli fagotsitoz qilish hamda bir qator biologik
aktiv moddalar ishlab chiqarish qobiliyatiga ega («Makrofaglar» bo`limiga q.). Ular antigenni
fagotsitoz qilib tayyor holda limfotsitlarga yetkazadi. Makrofaglar tomonidan qayta ishlangan
antigenning unga qarshi antitelolar ishlab chiqarish qobiliyati bir necha o`n baravar ortadi. Bu
hujayralarning o`ziga xos xususiyatlaridan bo`lib, ularning sitoplazmasida birlamchi va ikkilamchi
lizosomalar miqdori ko`pligidir (145-rasm). Makrofaglar bilan bir qatorda immunitet jarayonida aktiv
ishtirok etuvchi tuzilmalar bo`lib interdigitlovchi hujayralar hisoblanadi. Bu hujayralar ham
makrofaglar singari monotsitlardan hosil bo`ladi. Ular asosan timusda hamda periferik immun-
himoya a’zolarining timusga tobe (T) zonalarida joylashadi. Fiziologik sharoitlarda bu hujayralarning
fagotsitoz qilish qobiliyati juda past bo`ladi. Ammo organizmga kuchli ta’sir o`tkazilganda bu
hujayralar makrofaglar singari aktiv fagotsitlarga aylanadi. Interdigitlovchi hujayralar uzun
barmoqsimon o`siqlarga ega bo`lib, ular orqali limfotsitlar bilan kontaktda bo`ladi (146-rasm).
Hujayralar sitoplazmasida tarqoq holda joylashgan donador endoplazmatik to`r kanalchalari va
mitoxondriyalar uchraydi. Deyarli barcha interdigitirlovchi hujayralar o`z qobig`ida 1a-
retseptorlarni saqlaydi. Ammo makrofaglardan farqli ravishda ularda Fc-retseptorlar bo`lmaydi.
Timusdan hamda periferik immun-himoya a’zolarining T-zonalaridan tashqari, interdigitlovchi
hujayralar terida ham uchraydi. Bu yerda ular Langergans hujayralari nomi bilan yuritiladi.
145-rasm. Makrofag (sxema).
I – yadro; 2 – o`siqlar; 3 – antigenlar; 4 – lizosomalar; 5 – limfotsit (K. R. To`xtayev
rasmi).
243
146- rasm. Interdigitlovchi hujayra (sxema).
1 – yadro; 2 – donachalar; 3 – o`siqlar; 4 – limfotsitlar (Q. R. To`xtayev rasmi).
Interdigitirlovchi hujayralarning faoliyati to`la aniqlanmagan. Ularda Ia va boshqa
retseptorlarning borligi bu hujayralarning limfotsitlarga antigen to`g`risidagi ma’lumotni yetkazib
berishda ishtirok etishidan dalolat beradi. Bundan tashqari, ular T- limfotsitlarning ko`payishi va
differensiallanishini boshqaruvchi moddalar ham ishlab chiqaradi.
Periferik immun-himoya a’zolarining B-zonalarida yordamchi hujayralarning yana bir turi -
dendritli hujayralar uchraydi. Ular ko`proq limfatik follikullarda joylashganligi tufayli follikulyar
dendritli hujayralar deb ham ataladi (FDH). O’zlarining ko`p sonli o`siqlari yordamida bu hujayralar
limfotsitlar va plazmotsitlar bilan kontaktda bo`ladi (147-rasm). Dendritli hujayralarning
sitoplazmasida ko`p sonli erkin ribosomalar, oz miqdorda mitoxondriyalar, donador endoplazmatik
to`r kanalchalari ko`rinadi. Golji kompleksi atrofida va sitoplazmaning boshqa qismlarida mayda,
lizosomalarga o`xshash donachalar uchraydi. Hujayra yadrosi noto`g`ri shaklga ega bo`lib, o`zida
yadrocha saqlaydi. Dendritli hujayralarda Fc, C
3
- retseptorlar hamda 1a-retseptorlar borligi
aniqlangan. Bu hujayralarning asosiy vazifasi limfotsitlarga antigenni yetkazib berish hamda
limfotsitlarning ko`payishi, shakllanishini boshqarib turishdir. Dendritli hujayralarning fagotsitoz
qilish qobiliyati deyarli yo`qdir.
244
147- rasm. Dendritli hujayra (sxema).
1 – yadro; 2 – o`siqlar; 3 – donachalar; 4 – limfotsitlar: 5 – plazmatik hujayralar; 6 –
plazmotsitdan ajralib chiqayotgan sitoplazma bo`lagi (plazmotsitoz) (Q.R.To’xtayev
rasmi).
Ularning kelib chiqishi to`g`risida ikki xil fikr mavjud. Birinchi fikrga binoan bu hujayralar
makrofaglar singari monotsitlardan hosil bo`ladi deb hisoblanadi. Ikkinchi fikr esa ularning retikulyar
hujayralardan kelib chiqishini oldinga suradi.
Immunitet jarayonida eozinofil va bazofil leykotsitlar hamda to`qima bazofillari (semiz
hujayralar) ham ishtirok etadi. Bazofil leykotsitlar va to`qima bazofillari ishlab chiqargan gistamin,
geparin moddalari T- va B- limfotsitlarning ko`payishi va shakllanishini kuchaytirish xususiyatiga
ega. Eozinofil leykotsitlar organizmga ko`p miqdorda antigenlar tushganada ko`payadi va
makrofaglarning faoliyatini kuchaytiradi. Shuningdek, immun-himoya jarayonlarining kechishida
neytrofil leykotsitlarning ahamiyati ham katta. Ular limfotsitlarning ko`payishi va shakllanishini
kuchaytiruvchi moddalar ishlab chiqaradi va antigenlarni aktiv fagotsitoz qiladi.
Shunday qilib, organizmda sodir bo`ladigan immun-himoya jarayonlari to`qimalar va a’zolarda
joylashgan turli xil hujayralarning o`zaro birlikda (kooperativ) faoliyat ko`rsatishi tu-fayli amalga
oshadi.
Immunitet jarayonlariga tegishli (ya’ni immunokompetent) hujayralarning immun-himoya
reaksiyalari davomida o`zaro uzviy bog`lanishi hali to`la o`rganilmagan. Bu to`g`rida bir qancha
nazariyalar mavjud bo`lib, ularning orasida P. B. Petrov oldinga surgan nazariya alohida o`rin tutadi.
Bu nazariyaga asosan immunitet jarayoni asosiy uch xil hujayralarning o`zaro birlikda faoliyat
ko`rsatishi yoki kooperatsiyasi tufayli amalga oshadi (148-rasm). Immunokompetent hujayralar bo`lib
T-, B-limfotsitlar va ularning subpopulyatsiyalari hamda yordamchi hujayralar (makrofaglar,
interdigitirlovchi va dendritik hujayralar) hisoblanadi. Sxemada ko`rsatilganidek, organizmga tushgan
antigen dastavval antigenni «tanib olish» qobiliyatiga ega bo`lgan T- va B-limfotsitlarning
retseptorlari bilan bog`lanadi. Shu bilan birga antigen bu limfotsitlarning bir-biri bilan aloqa qilishini
ham ta’minlaydi. Antigen T-limfotsitlarning yuzasida bo`lgan retseptorlar bilan bog`liq holda
makrofaglarga uzatiladi. Makrofaglar bilan T- limfotsitlarning o`zaro ta’siri natijasida antigenga
qarshi sitotoksik T-limfotsitlar hosil bo`ladi. Keyingi bosqichda T- limfotsitlarning retseptorlari bilan
bog`langan va makrofaglar tomonidan qayta ishlangan antigen B-limfotsitlarga yetkaziladi. Ammo
bu ma’lumotning o`zigina B-limfotsitlarning antitelolar ishlab chiqaruvchi plazmatik hujayralarga
245
aylanishi uchun kifoya qilmaydi. B-limfotsitlarning ko`payishi va plazmotsitlarga shakllanishi uchun
shu antigenga xos bo`lgan yana bir signal bo`lishi talab etiladi.
148-rasm. Immunokompetent hujayralarning o`zaro ta’siri (sxema) (R. V. Petrovdan).
Bu signal T- limfotsitlar tomonidan berilib, «immunopoez induktori» (I I) deb ataladi. Ikki tomondan
antigen to`g`risida ma’lumot olgan B-limfotsitlar o`z navbatida blast hujayralarga aylanib, mitoz yo`li
bilan ko`payadi. Natijada, ma’lum bir antigenga nisbatan B-limfotsitlarning kloni hosil bo`ladi. Ular
o`z navbatida plazmoblastlarga, proplazmotsitlarga va yetuk plazmatik hujayralarga aylanib, shu
antigenga nisbatan antitelolar ishlab chiqaradi.
Shunday qilib, immunitet jarayonlarida turli xil hujayralar ishtirok etadi. Bu jarayonlarning
faol hujayralari bo`lmish T-va B- limfotsitlar qon va limfa orqali ko`chib yurish (migratsiya)
qobiliyatiga egadir. Immun sistemaning markaziy a’zolarida, ya’ni timusda va qizil suyak ko`migida
ushbu limfotsitlarning ko`payishi va takomili ro`y beradi. Qizil suyak ko`migidan kelgan o`zak
hujayralar timusda maxsus mikromuhit ta’sirida yetuk T-limfotsitlarga aylanadi. Bu jarayonda
timusda bo`lgan retikuloepitelial hujayralar va makrofaglarning roli kattadir. Umuman, bu jarayonda
neyrogumoral va endokrin faktorlarning ta’siri asosiy o`rin tutadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |