Sun’iy tanlash. Dunyo bo‘ylab safardan Darvin tashqi muhit ta’sirida turlar
o‘zgarishi mumkin ekanligiga ishonch bilan qaytdi. Geologiya, paleontologiya,
solishtirma anatomiya, embriologiyaga oid dalillar turlarning turg‘un emas,
balki o‘zgaruvchan ekanligidan dalolat beradi. Shunga qaramay, o‘sha davrdagi
hukmron dunyoqarash ta’sirida bo‘lgan ko‘p tabiatshunos olimlar bir turning
boshqa turga aylanganligini ko‘rmaganliklarini ro‘kach qilib, organik olam
evolutsiyasini tan olmas edilar. Shu bois yosh Darvin o‘z faoliyatini evolutsion
jarayon mexanizmlarini aniqlashdan boshladi. Avvalo xonaki hayvon, madaniy
o‘simlik navlari xilma-xilligining sabablarini o‘rgandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |