www.ziyouz.com kutubxonasi
8
Ilmning olinishini esa, bizga quyidagi hadis sharhlab beradi.
Abdulloh ibn Amr ibn Osdan (r.a.) rivoyat qilinadi: Nabiy (sollallohu alayhi vasallam)
dedilar: «Alloh taolo odamlardan ilmni (shunday) olib qo‘ymaydi. Ilmni olimlarni olish
bilan oladi. Hatto bironta olim qolmaydi. (So‘ng) odamlar o‘zlariga johil (ya’ni, olimlik
da’vosini qiluvchi nodon) kimsalarni boshliq qiladilar-da, ulardan fatvo so‘raydilar. Ular
o‘zlari bilmasdan turib fatvo beradilar. Natijada o‘zlari ham adashadilar, o‘zgalarni ham
adashtiradilar» (Buxoriy va Muslim rivoyati).
Hadis zohiridan ko‘rinib turibdiki, olib qo‘yiladigan ilm dunyoga taalluqli ilm emas. U
faqat diniy ilm bo‘ladi. Dunyoviy ilm gullab yashnamoqda. Odamlar fazoga uchyapti,
oyni tekshiryapti. Lekin olinajak ilm – din yo‘qolib boraveradi. Haqiqiy olimlar
qolmagach, johil kimsalar boshliq qilib olinadi va ular o‘zlari bilmagan narsalarga fatvo
beradilar. Natijada hamma adashadi.
Bizga Alloh kifoya va U naqadar yaxshi kifoya qiluvchi!
«Zilzilalar ko‘payadi». Ehtimol, bu yerda yer yuzining hamma burchaklarida
zilzilalarning ko‘payishi va uzluksiz davom qilishi aytilayotgandir. Chunki zilzila qadimdan
mavjud edi. Demak, uning ko‘payishi va uzluksiz davom qilishi Qiyomat alomatlaridan
bo‘ladi. Agar hadisni ana shunday tushunadigan bo‘lsak, hali bu alomat voqega chiqqani
yo‘q. Ehtimol, u butun yer yuzini zilzilaga ko‘mib yuboruvchi yadroviy urush natijasida
zohir bo‘lar. Vallohu a’lam!
«Zamon yaqinlashadi». Mazkur jumlani Termiziyning Anasdan (r.a.) rivoyat qilgan
boshqa bir hadisi sharhlaydi: Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) dedilar: «Zamon
yaqinlashmagunicha Qiyomat qoyim bo‘lmaydi. (Zamon shunchalik yaqinlashadiki),
hatto yil oydek, oy juma (hafta)dek, juma kundek, kun esa bir parcha cho‘g‘dek (yalt
etib o‘chadigan yolqindek) bo‘lib qoladi».
Agar hadis zohiri olinsa, hali bu alomat ham voqe bo‘lgani yo‘q. Balki bu voqea
Qiyomat juda-juda yaqin qolganida yuzaga chiqar. Unda butun olam halokatga yuz
tutadi, yer va yulduzlar harakati buziladi.
Agar hadisning zohiri olinmasa, unda zamon yaqinlashuvidan murod turli
ehtiyojlarning tezda qondirilishi va juda uzoq masofalarni qisqa muddatda bosib o‘tish
tushuniladi. Ilm-fanning gullab-yashnashi natijasida bu imkoniyatlar bugungi kunda
mavjud. Qadimda bir yil qilingan ishni hozirda o‘n-yigirma kunda bitkazib qo‘yilmoqda.
«Harj ko‘payadi. U qatldir». Zohiran olinganda, hadisda qatl-o‘ldirishning misli
ko‘rilmagan suratda ko‘payib ketishi aytilmoqda. Chunki insoniyat tarixida qatl ilgari
ham ko‘p bo‘lgan. Endi Qiyomatning katta alomatlaridan biri sifatida tushuniladigan
qatlning ko‘payishiga kelsak, bu bizningcha, dahshatli yadroviy urush natijasida vujudga
keladi. Vallohu a’lam!
Hatto mana shu jangdan omon qolgan kishi ham o‘zini ulkan balo-ofat ichida his
qiladi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) aytganlaridek, qabr yonidan o‘tib
ketayotib, marhumga havas qiladi: «Qani edi men uning o‘rnida bo‘lsam!»
Qiyomat alomatlari. Muhammad Salamat Jabar
Do'stlaringiz bilan baham: |