F. Ko‘p xotinli bo‘lish
(Jinoyat kodeksining 126-moddasi)
Ushbu jinoyatning obyekti odob-axloq va jinslararo munosabatlarning jamiyatdagi qoidalari hisoblanadi.
Obyektiv tomondan jinoyat umumiy ro‘zg‘or yuritish asosida ikki yoki undan ortiq ayol bilan er-xotin bo‘lib
yashashda ifodalanadi.
Umumiy ro‘zg‘or asosida ikki yoki undan ortiq ayol bilan er-xotin bo‘lib yashash mazkur jinoyatning
zaruriy belgisi hisoblanadi. Umumiy ro‘zg‘or, odatda, umumiy xonadon yoki uydan, umumiy mol-mulk, pul
mablag‘lari va h.k. iborat bo‘ladi.
Nikohda bo‘lgan erkakning boshqa ayollar bilan birgalikda yashashi kabi ayrim hollar Jinoyat
kodeksining 126-moddasi bilan kvalifikatsiya qilinishi mumkin emas. Shu bilan bir qatorda, agarda, shaxs bir
xotin bilan nikohni xo‘jako‘rsinga bekor qilib, boshqa xotini bilan nikohdan o‘tsa, ammo aslida har ikki
oilani ham saqlab qolsa, tahlil qilinayotgan jinoyat sodir etilgan hisoblanadi, demak, shaxsni javobgarlikka
tortish uchun har ikki xotin bilan yuridik jihatdan nikohda ekanligi faktini aniqlashning hojati bo‘lmaydi.
Umumiy ro‘zg‘or yuritish asosida ikki yoki undan ortiq ayol bilan er-xotin bo‘lib yashash boshlangan
paytdan e’tiboran jinoyat tugallangan, deb hisoblanadi. Subyektiv tomondan jinoyat qasddan sodir etiladi.
Jinoyat sodir etilish motivi va bundan ko‘zlangan maqsad jinoyatni kvalifikatsiya qilishda ahamiyatga ega
emas. Jinoyatning subyekti 16 yoshga to‘lgan, har qanday aqli raso shaxs bo‘lishi mumkin.
G. Voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy
xatti-harakatlarga jalb qilish
(Jinoyat kodeksining 127-moddasi)
Тahlil qilinayotgan modda uch qismdan iborat. Bu jinoyatning obyekti voyaga yetmagan shaxsning
normal, axloqiy rivojlanishi, uning sog‘lig‘i hamda jamoat xavfsizligi va tartibi hisoblanadi.
Jinoyat kodeksining 127-moddasi, 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatning obyektiv tomoni voyaga
yetmagan shaxsni tilanchilik qilishga, spirtli ichimliklar iste’mol qilishga, giyohvandlik yoki psixotrop
hisoblanmaydigan, lekin insonning aql-idrokiga ta’sir qiladigan vosita va moddalarni iste’mol etishga jalb
qilishdan iborat.
Тilanchilik qilish deganda, voyaga yetmagan shaxsni begona shaxslardan pul, oziq-ovqatlar, kiyim-
kechaklar va h.k. tilab, so‘rab olishga jalb qilishni tushunmoq zarur.
Voyaga yetmaganlarni spirtli ichimliklar iste’mol qilishga, giyohvandlik yoki psixotrop hisoblanmagan,
lekin insonning aql-idrokiga ta’sir qiladigan vosita va moddalarni iste’mol etishga jalb qilish deganda,
voyaga yetgan shaxsni yuqorida nomi aytilgan ichimliklar, vosita va moddalarni bir necha marta iste’mol
qilishga o‘rgatish yoki ularni voyaga yetmaganlar uchun bir necha marta olinishi va voyaga yetmagan
shaxsni aldash, mehmon qilish, ko‘ndirish va h.k. yo‘llar bilan shu predmetlarni iste’mol qilishga
ko‘ndirishga qaratilgan harakatlarini tushunish zarur.
Voyaga yetmagan shaxs spirtli ichimliklarni, giyohvandlik yoki psixotrop moddasi hisoblanmagan, lekin
odamning aql-idrokiga ta’sir qiladigan vosita va moddalarni bir necha bor iste’mol qilishga jalb qilinganida
mazkur jinoyatning tarkibi mavjud bo‘ladi.
Shaxsni Jinoyat kodeksining 127-moddasi, 1-qismi bilan javobgar, deb topish uchun aybdorga nisbatan
ilgari xuddi shunday harakatlari uchun ma’muriy jazo qo‘llanilgan bo‘lishi lozim. Jinoyat kodeksining 127-
moddasi, 1-qismida nazarda tutilgan jinoyat voyaga yetmagan shaxsni tilanchilikka, spirtli ichimliklar
iste’mol qilishga, giyohvandlik yoki psixotrop moddasi hisoblanmagan, lekin odamning aql-idrokiga ta’sir
qiladigan vosita va moddalarni iste’mol etishga jalb qilishga qaratilgan har qanday harakat sodir etilgan
paytdan, aybdor o‘z maqsadiga erishgani yoki erishmaganidan qat’iy nazar, tugallangan, deb e’tirof etiladi.
Jinoyat kodeksining 127-moddasi, 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatning obyektiv tomoni voyaga
yetmagan shaxsni turli usullar bilan (avrash, mehmon qilish, aldash va h.k.) giyohvandlik vositalarini yoki
psixotrop moddalarni iste’mol etishga jalb qilishdan iboratdir.
Jinoyat voyaga yetmagan shaxs qilmishni sodir etishga jalb etilgan paytdan e’tiboran, aybdorning o‘z
maqsadiga erishgani yoki erishmaganidan, ya’ni voyaga yetmagan shaxs giyohvandlik vositalarini yoki
psixotrop moddalarni iste’mol qilgan yoki qilmaganidan qat’iy nazar, tugallangan, deb e’tirof etiladi. Jinoyat
kodeksining 127-moddasi, 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatning obyektiv tomoni voyaga yetmagan shaxsni
jinoyatga jalb etishdan iboratdir.
Voyaga yetmagan shaxsni jinoyatga jalb etish deganda, voyaga yetmagan shaxsga nisbatan jismoniy
zo‘rlikni qo‘llash yoki unga ruhiy tazyiq o‘tkazish, qo‘rqitish, pul berib og‘dirish, avrash, aldash, o‘ch olish,
hasad, rashk tuyg‘ularini va boshqa past niyatlarini qo‘zg‘atish, jinoyat sodir etishni taklif qilish, o‘g‘irlangan
narsalarni sotib olish yoki sotib berishni va’da qilish, jinoyatni sodir etish joyi va usullari yoki jinoyat izlarini
yashirish haqida maslahatlar berish yo‘li bilan uning bir yoki bir nechta jinoyatlarning sodir etilishida ishtirok
etish niyatini rag‘batlantirishga qaratilgan harakatlar va jinoyatni sodir etishga og‘dirish maqsadida voyaga
yetmagan shaxslar bilan spirtli ichimliklar ichilishini tushunish zarur.
Basharti, shunday harakatlar ilgari giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarining g‘ayriqonuniy
muomalasi bilan bog‘liq jinoyatni sodir etgan shaxs tomonidan amalga oshirilgan bo‘lsa yoxud shunday
harakatlar ikki yoki undan ortiq voyaga yetmagan shaxsga nisbatan sodir etilgan bo‘lsa, shuningdek, jinoyat
o‘quv yurtlarida, o‘quvchilar va talabalar o‘quv-tarbiya, sport yoki jamoat tadbirlarini o‘tkazishda
foydalaniladigan boshqa joylarda sodir etilgan bo‘lsa, aybdorning qilmishi Jinoyat kodeksining 127-moddasi,
3-qismi bilan kvalifikatsiya qilinishi lozim.
Mazkur jinoyat tarkibini mavjud, deb topish uchun subyektning voyaga yetmagan shaxsni qanday
jinoyatga jalb etganining ahamiyati yo‘q. Тahlil etilayotgan jinoyat shaxs tomonidan voyaga yetmaganni
jinoyatga jalb etishga qaratilgan yoxud jinoyat sodir etishga dalolat qiluvchi harakatlarni sodir etgan paytdan
e’tiboran, voyaga yetmagan jinoyatga jalb etilgan yoki etilmaganidan qat’iy nazar, tugallangan, deb
hisoblanadi.
Voyaga yetmagan shaxsni ma’lum bir jinoyatni sodir etishga da’vat qilgan shaxsning qilmishi, basharti,
shu jinoyat sodir etilgan bo‘lsa, Jinoyat kodeksining 127-moddasi, 3-qismi va voyaga yetmagan shaxsni
jinoyat sodir etishga dalolat qilish yoxud aybdorning o‘zi ham jinoyatni sodir etishda ishtirok etgan bo‘lsa,
uning qilmishini jinoyatning ishtirokchisi sifatida jinoyatlar jami bo‘yicha kvalifikatsiya qilinadi.
O‘smir jinoyatga jalb qilingan, ammo u jinoyatning subyekti bo‘la olmaydigan hollarda, uni jinoyatga
jalb qilgan shaxsning qilmishi Jinoyat kodeksining 127-moddasi va voyaga yetmagan shaxs sodir etgan
jinoyatning tashkilotchisi sifatida jinoyatlarning jami bo‘yicha javobgarlikka tortilishi lozim.
Sodir etilgan jinoyatda voyaga yetmagan va voyaga yetgan shaxslar birgalikda ishtirok etgan va voyaga
yetgan shaxslar tomonidan jinoyatga jalb etish yoki dalolat etish alomatlari bo‘lmagan hollarda ularning
qilmishini Jinoyat kodeksining 127-moddasi, 3-qismi bilan kvalifikatsiya qilib bo‘lmaydi, jinoyat Jinoyat
kodeksining 28-moddasiga asosan jinoyatda ishtirokchilik, deb baholanib, sodir qilingan qilmish uchun
javobgarlik belgilangan modda bilan kvalifikatsiya qilinishi lozim.
Yosh boladan foydalangan holda jinoyatni sodir etish Jinoyat kodeksining 56-moddasi, «j» bandiga
muvofiq, jazoni og‘irlashtiruvchi holat, deb hisoblanadi va jazo tayinlash vaqtida sud tomonidan inobatga
olinadi.
Subyektiv tomondan jinoyat to‘g‘ri qasd bilan sodir etiladi, ya’ni aybdor voyaga yetmagan shaxsni
g‘ayriijtimoiy xatti-harakatga jalb qilayotganini biladi va shunday bo‘lishini xohlaydi. Ayni paytda aybdor
g‘ayriijtimoiy xatti-harakatga jalb qilinayotgan shaxsning voyaga yetmaganligini bilgan holdagina uni
mazkur modda bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortish mumkin ekanligiga e’tibor bermoq kerak. Ushbu
jinoyatning subyekti 18 yoshga to‘lgan har qanday aqli raso shaxs bo‘lishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |