I. O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan
uyatsiz-buzuq harakatlar qilish
(Jinoyat kodeksining 129-moddasi)
Jinoyat kodeksining 129-moddasi ikki qismdan iborat bo‘lib, (Jinoyat kodeksining 129-moddasi, 1-
qismi)da nazarda tutilgan jinoyatning obyektiv tomoni shaxsning o‘n olti yoshga to‘lmaganligi aybdorga
ayon bo‘lgan holda unga nisbatan zo‘rlik ishlatmay, uyatsiz-buzuq harakatlar sodir etishda ifodalanadi.
Uyatsiz-buzuq harakatlar deganda, o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxslar ko‘zi oldida jinsiy organlarni
yalang‘ochlash, jinsiy aloqa qilish yoki jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish, ularni jinsiy aloqalar
qilishga o‘rgatish, behayo filmlarni, tasvirlarni namoyish etish, behayo adabiyotlarni o‘qish va h.k.lar, ya’ni
jinsiy hayotga nosog‘lom va erta qiziqish uyg‘otuvchi har qanday jinsiy xatti-harakatlarning sodir etilishini
tushunmoq kerak. O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish yoki jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy
usulda qondirish hollari bundan mustasno bo‘lib, bunday qilmish Jinoyat kodeksining 128-moddasiga
muvofiq jazolanadi.
Uyatsiz-buzuq harakatlar shahvoniy xususiyatga ega bo‘lib, odatda aybdorning jinsiy ehtiyojini
qondirishiga yoki o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxslarda jinsiy aloqaga qiziqish uyg‘otishga qaratilgan bo‘ladi.
Jinoyat uyatsiz-buzuq harakat sodir etilgan paytdan e’tiboran tugallangan hisoblanadi. Jinoyatni
kvalifikatsiya qilish uchun aybdorning o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsning axloqini buzishdek, maqsadiga
erishgan yoki erisha olmaganligi ahamiyatga ega emas. Subyektiv tomondan jinoyat to‘g‘ri qasd bilan sodir
etiladi.
Aybdorning qilmishini Jinoyat kodeksining 129-moddasi bilan kvalifikatsiya qilish uchun jabrlanuvchi
qiz (o‘g‘il) bolaning o‘n olti yoshga to‘lmaganligi aybdorga oldindan ayon bo‘lganligini aniqlash zarur.
Agarda, u jabrlanuvchining yoshiga nisbatan haqiqatan ham adashgan yoki jabrlanuvchining yoshi o‘n
oltidan oshganligiga ishongan bo‘lsa, qilmish Jinoyat kodeksining 129-moddasi bilan kvalifikatsiya
qilinmaydi. Ammo aybdorning uyatsiz-buzuq harakatlarni sodir etishi natijasida, jabrlanuvchining badaniga
shikast yetkazilgan, tanosil yoki OIТS kasalliklari yuqtirilgan bo‘lsa, qilmish Jinoyat kodeksining 129-
moddasi va Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyatlarning jami bo‘yicha kvalifikatsiya qilinadi.
Mazkur jinoyatning subyekti har ikki jinsdagi, o‘n olti yoshga to‘lgan, aqli raso shaxs bo‘lishi mumkin.
Uyatsiz-buzuq harakatlar qilish vaqtida aybdor jabrlanuvchiga zo‘rlik ishlatgan yoki qo‘rqitgan bo‘lsa, u
Jinoyat kodeksining 129-moddasi, 2-qismi bilan javobgarlikka tortiladi.
Jinoyat kodeksining 129-moddasi, 2-qismi mohiyatidan kelib chiqib, zo‘rlik ishlatish deganda,
jabrlanuvchining mushtlanishini, kaltaklanishini, uning badaniga yengil yoki o‘rtacha og‘ir shikast
yetkazilishini tushunish zarur. Jabrlanuvchining badaniga og‘ir shikast yetkazilgan hollarda aybdorning
qilmishi jinoyatlar jami bo‘yicha (Jinoyat kodeksining 129 va 104-moddasi bilan) kvalifikatsiya qilinishi
lozim.
Uyatsiz-buzuq harakatlarni qilish vaqtida aybdor jinsiy aloqa qilish yoki jinsiy ehtiyojini g‘ayritabiiy
usulda qondirish maqsadida zo‘rlik ishlatgan, qo‘rqitgan yoki jabrlanuvchining ojizlik holatidan foydalangan,
ammo o‘z xohish-irodasiga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra, maqsadiga erisha olmagan bo‘lsa, uning
qilmishi o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tajovuz qilishga suiqasd sifatida Jinoyat kodeksining
25-moddasi va 118-moddasi, 3-qismi bilan yoxud jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirishga tajovuz
sifatida Jinoyat kodeksining 25-moddasi va 119-moddaning 3-qismi bilan kvalifikatsiya qilinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |