Hamid Olimjon
bolalarning ertaknavis shoiri (1909-1944)
Atoqli o‘zbek shoiri Hamid Olimjon “bolalik kunlari”danoq xalq ijodiyotiga
mehr qo‘yganligini faxrlanib kuylaydi. Bora-bora folklor “fikrini tortib”, butun
umrga unga mahorat sabog‘i, tadqiqotlar va betakror asarlar yaratish manbaiga
aylanib qoldi. Jumladan, uning xalq shoirlari Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li, Abdulla shoir,
Islom Nazar o‘g‘li bilan doimiy ijodiy muloqotlari, qator xalq dostonlari, ayniqsa,
qahramonlik eposi “Alpomish”ni nashrga tayyorlashi va ular ustidagi kuzatishlari
folklorga ijodiy munosabatini yanada chuqurlashtirgan ilhom manbai vazifasini
o‘tadi.
Qolaversa, u bolalarga mo‘ljallab yozgan “Lola”, “Vatan”, “Ona va o‘g‘il”,
“Hulkarning she’ri” va “Samolyot” singari qator she’rlarida xalq ijodiga xos obraz,
motiv, ohang va janr stilizatsiyasi unsurlardan mahorat bilan foydalandi.
H.Olimjon umr bo‘yi xalq ertaklarini tinglashdan tolmadi. Bu haqdagi
iqrorlarini “Ona” she’rida “Faqat sevadi-yu ertak aytadi” deya ifodalasa,
“O‘zbekiston” she’rida “Ertaklarga quloq tutardim” tarzida e’tirof etgan, nihoyat
“Oygul bilan Baxtiyor” ertak-dostoni debochasida tinglagan ertaklari va ulardan
137
olgan taassurotlarini yaxlitroq umumlashtiradi: “Uyqusiz tunlarim”da “ko‘p ertak
eshitgandim” deya “o‘sha damlar”ning sururini qayta tuyadi. Eshitganlari esa “O‘zi
uchar gilamlar, “Tohir-Zuhra”, “Yoriltosh”, Oyni uyaltirgan qosh, O‘t bog‘lagan
qanotlar, Beqanot uchgan otlar, Baxtiyor bilan Oygul, So‘ylaguvchi devorlar, Bola
bo‘p qolgan chollar”. Ana shu ertaklar uning fikrini tortgan, “havasini ortirgan”,
pirovard-oqibatda, uning san’atkor bo‘lib shakllanishida ta’sir ko‘rsatgan va nihoyat
uning o‘zida ham “Totonggacha so‘ylasam ertak” (“Savol”) degan ijodiy niyatni
uyg‘otgan edi. Bu niyat 30-yillarning ikkinchi yarmiga kelib shoirga tinchlik
bermay qo‘ydi, natijada uning o‘zbek bolalar dostonchiligi taraqqiyotiga jiddiy
ta’sir ko‘rsatgan va o‘zbek bolalar epik poeziyasida yangi bosqichni boshlab bergan
“Oygul bilan Baxtiyor” (1937) hamda “Simurg‘ yoki Parizod va Bunyod” (1939)
ertak-dostonlari birin-ketin dunyoga keldi. Bu asarlar o‘zbek bolalar epik
poeziyasida yangi oraliq janr – ertak-doston shaklining qaror topishidan tashqari,
folklordan ijodiy o‘rganish va o‘zlashtirishning ham yorqin namunalari bo‘ldi.
Natijada, o‘zbek bolalar epik poeziyasida shakliy izlanishlar tobora chuqurlasha
bordi va bolalar dostonchiligi bag‘rida maqol-ertak, masal-ertak, naql-ertak, ertak-
doston, rivoyat-ertak va she’riy latifa singari xilma-xil oraliq janrlarda asarlar
yaratish an’anaviy tus ola bordi.
Aslini olganda, Hamid Olimjon bu ertak-dostonlarini bolalar uchun yozmagan,
albatta. A.S.Pushkin ham o‘z ertaklarini yozganida shunday yo‘l tutgani ma’lum.
H.Olimjon Pushkinning ertaklari ustidagi ijodiy izlanishlariga xos tajribalariga
suyanib, adabiyotning mehnat ahli turmushiga kengroq va chuqurroq singishini,
butun ommaning kitobxon bo‘lishini nazarda tutib, shu ommabop janrga qo‘l urgan
edi. Binobarin, ertak-dostonlar yozilgan tarixiy sharoitga nazar solinsa, shoir
izlanishlarining ijtimoiy-estetik mohiyati yanada ravshanlashadi. Shoir bolaligida
tinglagan ertaklar silsilasida qolib ketmadi, o‘z asari sujeti ustida ishlashda “Malikai
Husnobod”, “Susambil” ertaklari sujetlari, shuningdek, “Erni-er qiladigan xotin”,
“Qahramon”, “Yaltillama sopol tovoq” ertaklari motivlari, hatto “Chambil qamali”
va “Jizzax qo‘zg‘oloni” (Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li asari) kabi xalq dostonlaridan ham
ijodiy ta’sirlandi.
Chindan ham ertak-dostonda muhabbat va baxt tarixi emas, balki unga erishish
uchun kurash tarixi ertaknamo yo‘sinda ifodalangan. Bu kurashga jamiyatda xotin-
qizlar mavqeini tiklash motivi ham hamohang. Shu sababli asar voqealari markazida
Oygul obrazi turadi, u voqealarni harakatlantiruvchi kuchni boshqaradi. Bu g‘oya-
ertak-doston asosi bo‘lgan “Malikai Husnobod” ertagining bosh g‘oyasi.
Ko‘rinadiki, xalqning o‘zida bu g‘oya feodal munosabatlar jarayonida qadimdan
yuzaga kelgan. Ijtimoiy tengsizlik hamma zamonlarda ayollarni o‘z huquqlarini
tanishga undagan va bu xalq ijodida xilma-xil janrlardagi asarlarda, jumladan,
“Malikai Husnobod” ertagida ham aksini topgan. Oygul xalq ertaklarida hamma
zamonlarda o‘z erki, o‘z huquqi, o‘z muhabbati uchun kurashib kelgan ayollarning
umumlashma obrazi darajasiga ko‘tarilgan. U podsholar taklifini rad etar ekan,
shunchaki o‘z ijtimoiy mavqeidangina kelib chiqmaydi, balki podsholarning
zolimligi, xalqni istibdodga giriftor etganligi, ma’naviy subutsizligini ko‘zga tutib,
shunday yo‘lni tanlaydi. Shu xususiyatiga ko‘ra u asardagi talqinda hatto
138
Baxtiyordan ham faolroqdir. Rost, u podachi Baxtiyorni ijtimoiy kelib chiqishi
jihatidan o‘ziga tengligi uchungina emas, balki ham jismoniy, ham ma’naviy
barkamolligi uchun ixtiyor etdi: Chunki u:
Go‘zal edi va chinor
Qomatiga edi zor.
Ko‘kraklari butun bir
Oftobni yashirardi.
Tanlariga bir umr
O‘t lovullab turardi.
Qilichday o‘tkir edi,
Rustam kabi zo‘r edi..
Baxtiyor xuddi shu fazilati bilan Oygul qalbini zabt etgandi va shu fazilatlari
tufayli uning dilidagi orzularni ro‘yobga chiqarishga ko‘makdosh bo‘la olardi.
Chindan ham asarda shu nuqtadan e’tiboran Baxtiyor Oygul istaklarining
ijrochisiday harakat qiladi. Ular hamkorlikda Susambilda “Yangi bir dunyo qura”
boshladilar. Nihoyat: Oygul himoyasida,
Baxtiyor soyasida
Susambilda erkin, shod,
Yashar edi xaloyiq.
Uni butun odamzod
Xayol qilishga loyiq.
Insoniyat tarixi hamisha erk va adolat uchun kurashdan iborat bo‘lib kelgan,
xalq ijodiyotida ham, mumtoz adabiyotda ham bu kurash turli shakllarda, jumladan,
ozod va farovon yurt shaklida, Forobiyda esa “ideal shahar” tarzida ifodalanib
kelingani nazarda tutilsa, H. Olimjon kishilikning shu asriy g‘oyasini o‘sha
an’anaviy mantiq doirasida talqin qilganligi ravshanlashadi.
“Oygul bilan Baxtiyor” – jabrdiyda xalqning o‘z haq-huquqi, erki yo‘lidagi
kurashini ifodalasa, “Simurg‘ yoki Parizod va Bunyod”– mehnat ahlining
halolligini, so‘zi va ishida sobitliligini, mardligini, o‘z insoniy tuyg‘ularining
chinakam e’zozkori ekanligini tarannum etadi. Sirasini aytganda, bu ertak-doston
uchun manba vazifasini o‘tagan “Simurg‘ afsonasi” O‘rta Osiyo xalqlari, ayniqsa,
o‘zbek va tojik folklorida qadim zamonlardan beri mashhurdir. U “Mahiston
afsonasi” nomi bilan ham yuritilgan. Og‘izdan-og‘izga ko‘chib yurgan bu afsonani
ulug‘ Firdavsiy birinchilardan bo‘lib, yozma adabiyot mahsuliga aylantirgan.
Simurg‘ bilan bog‘liq epizod “Shohnoma” tufayli xalq ijodiyotida keng tarqalgan
“Rustam” ertagida qayta ishlanib, jozibasi yanada oshgandir. Simurg‘ bu ertakda
dunyoda bo‘ladigan voqealarni o‘z vaqtida bilib turadi: Zolning tug‘ilish muddati,
uning olamdagi voqealarni o‘n yil ilgari biladigan hukamo bo‘lishi va ming yil
yashashini shu Simurg‘ bashorat qiladi. Xalqning tabiat stixiyalari sirlarini oldindan
bilish istagi Simurg‘ obrazida ana shunday ifodalangan edi.
Simurg‘ – afsonaviy bahaybat qush. Uning yordamida ertak qahramoni eng
mushkul, hatto uddalash amrimahol bo‘lgan ishlarni bajaradi, olis masofalarni ko‘z
ochib yumguncha bosib o‘tadi. Yer ostidagi qahramon uning ko‘magida yer yuziga
chiqadi. Lekin unutmaslik lozimki, Simurg‘ har qanday qahramonga darrov
139
ko‘maklashavermaydi. U yaxshilik ko‘rgach, javob qaytaradi. Bunda an’anaviy
motiv – uning bolalariga tajovuz qilmoqchi bo‘lgan ajdar yoki ilonni o‘ldirishi
shart. Shu yaxshiligi evaziga Simurg‘ qahramonning fidoyisiga aylanadi.
Simurg‘ – antropomorfizm hodisasi mahsuli. Odam qiyofasiga kira oladigan,
odamday harakat qila oladigan va so‘zlashadigan xususiyatlari qahramonlarga
g‘oyat qo‘l keladi. U evrilish xususiyatiga ega: istasa – kesakka aylana oladi, istasa
– qanoti o‘tkir qilichga aylanib, tog‘ni kesadi. Xalq orzularining ramzi bo‘lgan bu
qush Murg‘ufarmon, Ko‘ktubulg‘on nomlari bilan ham yuritiladi. Mahmud
Qoshg‘ariy turkiy xalqlar yozma adabiyotida bu xususda ilk ma’lumot berganlardan
bo‘lsa kerak: “Ko‘ktubulg‘on – bir qushning nomi. Aytishlaricha, bu qushning ikki
qanoti po‘lat bo‘ladi va u qanoti bilan toqqa urilib, bir tomondan boshqa tomonga
o‘tadi”.
Shundan boshlab, bu afsonaviy qush turlicha g‘oyalarni talqin etishda
vositachilik qildi. Buni Ibn Sinoning “Tayr risolasi”, Fariddidin Attorning “Mantiq-
ut-tayr”, Alisher Navoiyning “Lison-ut-tayr” asarlaridagi talqinlar dalillay oladi.
H.Olimjon “Oynai jahonnamo”, “Botir oshiq” singari ertaklar sujetlaridan ham
ijodiy foydalanib, tamoman yangi mazmundagi ertak-doston yaratdi. Bunda unga
Pushkinning xalq ertaklaridagi ijtimoiy motivni kuchaytirish an’anasi yordam berdi.
A.S.Pushkin “Oltin xo‘roz”da shohning g‘ofilligidan, “Shoh Saltan”da esa, uning
ma’naviy buzuqligidan kulib, ertaklaridagi ijtimoiy motivning o‘tkirligiga erishgan
va shu usulda zulmkorlar qiyofasini fosh etgan edi. H.Olimjon ham “Oygul bilan
Baxtiyor”da shohni zulm saltanati tirgagi sifatida ko‘rsatsa, “Simurg‘ yoki Parizod
va Bunyod”da subutsizligini namoyish etadi. Shoir bu ertak-dostonida yovuzlik va
subutsizlik hukmronligidagi muhitda voyaga yetgan Parizodni asarning markaziy
obrazlaridan biri sifatida bo‘rttiradi. Shu zaylda asl afsonada go‘zallik va sevgi
timsoli bo‘lgan Mahiston o‘rnida H. Olimjon g‘oyaviy niyatiga mos toshbag‘ir
Parizod obrazi maydonga kelgan.
Parizod – xudbin va dumog‘dor xon qizi. Xon saroyidagi barcha pastkashliklar
muhitida shakllangan. Shu sababli “qalbi marmarday sovuq” bu qiz “tishidan zahar
tomgan, ishidan o‘lim yoqqan, shoxi osmonda, tirnog‘i qonda” bo‘lgan dev bilan
xufya oshno edi. Shu pastkashligi, boylikka o‘chligi va kambag‘alni nazariga
ilmaganligi tufayli Bunyodni ham seva olmasdi. U va’dada ham noshud. Bunyodni
o‘limga ro‘para qilib, aslida unga tegishga rozi bo‘lmay, shunchaki undan qutilmoq
vajidan va’da bergan edi. U shu qadar yuzsizki, devni yengib kelgan g‘olib
Bunyodga shu niyatdagina va’da berganligini tan oladi:
Cho‘ponni sevolmadim,
Hech ko‘ngil qo‘yolmadim.
G‘urbatga qorganimning,
Devga yuborganimning
Sababi shunda edi,
Ko‘nglim tugunda edi.
O‘lib ketar deb edim,
Chirib ketar deb edim.
Qancha botir bo‘lsang ham,
140
Zo‘r bahodir bo‘lsang ham,
To‘shaging xas deb bildim,
Aslingni past deb bildim,
Sevolmadim seni men,
Chunki men xon qiziman .
Xon qizi surbetlik bilan otasining xonligidan kerilarkan, o‘zini aslzoda
hisoblab, oddiy mehnatkashlar “aslini past” deb qaraydi. H.Olimjon Parizod
timsolida feodal ierarxiyasida hukmron doiralardagi dumog‘dor va subutsiz xotin-
qizlarning salbiy umumlashma namunasini yaratdi.
Bunyod – Parizodning antipodi, aslzoda emas, oddiy cho‘pon. Ishida ham,
so‘zida subuti butun. Shartning og‘ir-yengilini bilmaydi, ezgulik yo‘lida o‘limdan
qaytmaydigan bahodir. U – xalq pahlavoni. Nomining “gapiruvchiligi” ham shu
niyatning ifodasi. G‘oyat kamtar va kamsuqum inson. Oriyat va nomusni baland
tutadi. Hatto so‘zida tuturiqsiz Parizod hayosizlarcha uni tahqirlab, otasining
vaziriga tegib olganini aytganida Bunyod “o‘tda tutaqib”
Ne aytarin bilmasdan,
Tili so‘zga kelmasdan..
Parizodni, xonni ham,
Ikki nomard jonni ham
Qilichdan o‘tkazmoqqa,
O‘limga yutqizmoqqa
shaylanganida ham qasos o‘tida yonib, saroydan mardona chiqib ketadi. Parizod
shart qo‘ygani uchun yovuz devni o‘ldirganligini ta’na qilmaydi, aksincha bu,
garchi shoir biror ishorada aks ettirmasa-da, eldoshlarini yovuzlikdan qutqazgani
uchun shunday yo‘l tutadi va g‘azablansa-da, hech narsa demay chiqib ketadi.
Ammo:
Bevafo xon qizini,
Nomard xonning o‘zini,
Unutmadi hech qachon .
Xuddi shu tuyg‘u uni kelajakdagi kurashlarga chog‘lashi muqarrar. Ertak-
doston shu xildagi umidbaxsh ruh bilan yakun topadi.
Bu o‘rinda shuni ta’kidlash zarurki, butun ertak-doston davomida Simurg‘
Bunyodga birgina epizodda – devni yengishini ta’minlashidagina ko‘maklashsa-da,
aslida bu voqealar dramatizmni avj nuqtaga chiqarib, tugunni yechishga ochqich
vazifasini bajargan hal qiluvchi epizoddir. H.Olimjon shunga urg‘u berib, asariga
“Simurg‘ yoki Parizod va Bunyod” deya nom qo‘ygan. Binobarin, asar nomini
qisqartirib yoki shoirning ayrim majmualarida bo‘lganidek, “Semurg‘” tarzida
chalkashtirib yozishi noto‘g‘ridir. Negaki, afsonaviy qush nomi – Simurg‘ bo‘lib,
o‘ttiz qushni anglatadi, forscha Semurg‘ esa – uch qush ma’nosidadir. Bunda
miqdordagi farq Simurg‘ning bo‘rttirma timsolini dalillashini unutmaslik lozim.
Xullas, H.Olimjonning “Oygul bilan Baxtiyor”, “Simurg‘ yoxud Parizod va
Bunyod” ertak-dostonlarida xalq ertaklarining vorisi sifatida ish ko‘rdi, xalq
ertaklarining ijtimoiy-axloqiy mundarijasini xalqona ohang va poetik vaznda
realistik ifoda etdi. Shu sababli bu asarlar hamon sevilib o‘qilmoqda, ular asosida
141
sahna asarlari, kinofilmlar yaratilib kelinmoqda. Jumladan, “O‘zbekfilm”
tomonidan 1972-yilda yaratilgan “Simurg‘” ertak-filmi o‘zbek bolalar badiiy
filmlarining yorqin namunasiga aylanib qoldi.
Xulosa qilib aytish mumkinki, xalq ijodiyotiga xos ifoda usuli, sujet qurilishi,
kompozitsion aniqlik, obrazlilik, tilning soddaligi va boshqa unsurlardan ijodiy
foydalanish o‘zbek bolalar adabiyoti realizmini, xalqchilligini, janriy xilma-xilligi,
g‘oyaviy-badiiy ko‘lamdorligi va saviyasini ta’minlamoqda. Akademik
S.Mamajonov yozganidek: “Xalq ijodi yozuvchilar uchun xalq tarixini, kurashini,
uning maqsad va ideallarini, ruhi, ongi, psixologiyasi va xarakterini, uning boy tilini
o‘rganish manbai bo‘lmoqda; xalq bilan, hayot va zamon bilan uzviy bog‘lanishda
ma’lum ma’noda g‘oyaviy-estetik ko‘priklardan biri bo‘lib xizmat etmoqda”.
36
Shunday xizmati tufayli o‘zbek bolalar adabiyoti tobora teranlashmoqda va
hayajonbaxshligi kuchaymoqda. Binobarin, bu jarayonni chuqur va har taraflama
tadqiq qilish – o‘zbek bolalar adabiyoti kamolotining ufqlarini ochishga yo‘l
ko‘rsatishi aniq.
Do'stlaringiz bilan baham: |