33
Uning poetik nutqida bir voqeadan ikkinchisi o‘sib chiqadi, shu zaylda har ikkala
tipdagi qaytarmachoqlarda ham bu xususiyat mushtarak fazilatga aylangan. Har
ikkala holda ham qaytarmachoq sujetini tashkil etgan har bir voqea alohida epizod
tusini oladi, biroq bu epizodlar umumiy bir motiv (g‘oya) atrofida izchil mantiqiylik
asosida birlashgan bo‘ladi. Bunda har bir epizod bir savol shaklida, izohi ham
o‘zida birin-ketin qaytarilaveriladi. Hodisaning qaytarmachoq deyilishi va alohida
janr sifatida e’tirof etilishiga ham xuddi shu xususiyatlari asos bo‘lgan. Masalan,
“Yumalandim yumoq topdim” satri bilan boshlanuvchi qaytarmachoqda lirik
qahramon yumalab yumoq topadi (1), yumaloq ichidan taroq topadi (2), taroqni
momoga beradi (3), momo unga churak (non) beradi (4), churakni cho‘ponga beradi
(5), cho‘pon unga tayoq beradi (6), tayoqni daryoga tashlaydi (7), daryo unga
ko‘pik beradi (8), ko‘pikni tutga surtadi (9), tut unga yaproq beradi (10), yaproqni
molga beradi (11), mol unga sut beradi (12), sutni pishirib turganida qaydagi quyon
uni to‘kib ketadi (13). Shuncha mehnati zoye ketadi. Ko‘rinayotirki, o‘n uchta
epizod bir-biridan o‘sib chiqqan, o‘zaro uzviy mantiqiy ketma-ketlik hosil qilgan.
Alohida-alohida voqealar qaytarilib, bir ipga marjondek tizilgan holda yaxlitlik kasb
etgan. Shu tariqa, xususiylik o‘zaro uyusha turib umumiylikka aylana borgan. Bola
uchun saboqlik xususiyati ham shunda: har bir voqea, yo hodisa o‘zicha mustaqil,
biroq bir-biri bilan bog‘liq holda namoyon bo‘ladi. Bolaga ana shu haqiqat
uqtirilmoqda.
“Kun, san nimadan kuchlisan?” qaytarmachog‘i dialog negizida qurilgan.
Unda bolalarni qiziqtirgan “Dunyoda kim kuchli?” savoliga javob narsa va
hodisalar bahsi asosida voqeadan voqeaning o‘sib chiqishi shaklida bola qiziqishi
va idrokiga mos holda bayon qilingan:
– Kun, san nimadan kuchlisan?
– Man kuchli bo‘lsam, bulut bosarmidi?
– Bulut, san nimadan kuchlisan?
– Man kuchli bo‘lsam, yomg‘ir yog‘armidi?
Ko‘rinayotirki, har bir savol o‘zidan keyingi voqeaga mantiqiy maydon hosil
qilgan, shu maydonaro voqealar tizila boradi: yomg‘ir → yerni, yer → o‘tni, o‘t →
qo‘zini, qo‘zi → bo‘rini, bo‘ri → echkini, echki → sichqonni, sichqon → qumursqa
(chumoli)ni o‘zidan kuchli deb biladi va eng e’tiborlisi shundaki, ularning har biri
o‘zlaridagi ojizlikni ham oshkora tan ola borishadi. Voqealar shu xilda mantiqiy
zanjirsimon tizim tusini ola boradi.
Antropomorfizm usuli kun, bulut, yomg‘ir,
sichqon va qumursqa singari nabotot hamda hayvonot olamiga mansub jonzotlarni
odamlar singari so‘zlash xususiyatiga ega bo‘lishlarini ta’minlagan, natijada
qaytarmachoqdagi sujet dinamikasi ta’minlangan.
Do'stlaringiz bilan baham: