Istiqlol davri bolalar adabiyotining o`ziga xos xususiyatlari. Mustaqillik
davri o`zbek adabiyoti hayotni o`rganish-bilishning badiiy vositasi sifatida muhim
ahamiyat kasb etadi. U zamondoshlar, jumladan, yosh avlodning ruhiy holatini
teran tadqiq etishga, fikr doirasini kengaytirishga, his va tushunchalarining
shakllanib, voqelikka to`g`ri munosabatda bo`lishga da’vat etayotir. Bugungi
adabiyot tom ma’noda hayot darsligiga aylanayotgani shu jihatdan e’tirofga
sazovor.
O`zbekiston
Respublikasining
birinchi
Prezidenti
I.A.Karimov
mustaqillikning ilk yillaridayoq jamiyat taraqqiyoti, ravnaqi uchun ma’nan va
jismonan sog`lom avlod tarbiyalash masalasini kun tartibiga qo`ydi. Zero, har bir
oqil insonning va jamiyatimizning muqaddas vazifasi, aytish mumkinki, umrining
272
ma’nosi qobil farzandlar o`stirish, ularni ham jismoniy, ham ma’naviy jihatdan
mukammal qilib tarbiyalash, kamolini ko`rish, ota-onasiga, Vataniga sadoqatli
kishilar etib voyaga yetkazishdan iboratligi haqidagi ta’kidlar bejiz emasdi.
Chindan ham mustaqillik davri bolalar adabiyotining mazmun va
mohiyatidagi tub burilish yaqqol ko`zga tashlanadi. Bunda yosh qahramonlar
xarakteri tahlili masalasiga alohida e’tibor qaratilishi, shakl va mazmun jihatdan-
da yangi tamoyillar kasb eta borgani yorqin ko`rina boshladi. Milliy bolalar
matbuoti ham mavzu material, g`oyaviy- badiiy jihatdan o`sib, bolalar ijodkorligi
namunalari ko`proq ommalashtirilayotgani ta’kidga loyiq.
Shu bilan birga yangi asr kichkintoylarining qiziqishlari, ruhiy, ma’naviy
olami, ularning ijtimoiy hayotga munosabati masalalari aks etgan asarlar tahlili
orqali o`quvchilarda axloqiy-ma’rifiy, ijtimoiy-siyosiy tarbiyani shakllantirishga
ahamiyat berilayotgani diqqatga sazovor. Binobarin, istiqlol davri o`zbek bolalar
adabiyotida jamiyat taraqqiyoti bilan bog`liq mavzu talqinlari ustuvorligi
(S.Barnoyev, E.Malikov, T.Malik asarlarida); kichkintoylar va bolalar fe’l-
atvoridagi xarakter xususiyatlarning hajviy-yumoristik, fantastik, sarguzasht
ifodasi (X.To`xtaboyev, A.Obidjon ijodida); bolalar va o`smirlarning murakkab
ruhiyat olami (psixologizm) teran aks etgan asarlar, qolaversa, tabiat va jamiyat
muammolari falsafiy talqin etilayotgan badiiy ijod namunalari (N.Fozilov,
M.A’zam, A.Obidjon, T.Adashboyev asarlari) yarq etib ko`zga tashlanadi.
Bunda asrimiz boshlaridayoq bolalar asarlarining g`oyaviy-badiiy, axloqiy-
ma’rifiy, falsafiy va psixologik jihatdan monografik tahliliga oid salmoqli
tadqiqotlar, risola hamda adabiy-tanqidiy maqolalarning vujudga kela boshlagani
muhim hodisa bo`ldi. Adabiyotshunos olimlar o`zbek bolalar adabiyoti tarixi va
muammolarini yangicha tafakkur, istiqlol mafkurasi nuqtayi nazaridan o`rganish
joizligini asoslab berdilar.
Istiqlol davri yangi bolalar adabiyotining maydonga kelishiga 80-yillarning
ikkinchi yarmi katta ta’sir ko`rsatgani bejiz emas. Ayni shu davrda bolalar
adabiyotimiz tom ma’nodagi haqiqatga tik boqadigan adabiyotga aylandi, yosh
avlodni erksevarlik tuyg`ulari ruhida tarbiyalashda ilk qadamlarini qo`ydi. Bu
ishga badiiy so`z qudrati bilan hissa qo`shib kelayotgan iste’dodli yozuvchilarning
yangi avlodi yetishib chiqqanligi e’tirofga sazovor. Ya’ni, nafaqat Anvar Obidjon,
T.Adashboyev, Miraziz A’zam, R.Tolipov, S.Barnoyev singari professional adib
va shoirlarning o`zgacha talqin hamda yo`nalishdagi ijod namunalari balki
Q.O`tayev, H.Imonberdiyev, K.Turdiyeva, Abdurahmon Akbar, Dilshod Rajab,
Rustam Nazar, Vali Ahmadjon, S.Inoyatov, Qo`zi Ismoil, Zafar Isomiddin,
Erpo`lat Baxt kabi ijodkorlarning bolalar adabiyotiga “yangi havo” olib kirishlari
bilan e’tibor qozondi.
Hamza Imonberdiyev (1954-1997) shu ma’noda o`zbek bolalar adabiyoti
rivojiga hissa qo`shgan shoirlardan. U uzoq yillar "Tong yulduzi" gazetasida,
so`ngra, 1986-yildan umrining so`nggi damlarigacha "Cho`lpon" bolalar
nashriyotida faoliyat ko`rsatgan. Uning turli yillarda nashr qilingan "Quvnoqlar
quvonchi", "Shokoladxo`rlar", "G`aroyib pufak", "Kulgi shaharchasi", "Oydagi
tomosha", "Lofchilar – aldoqchilar", "G`aroyibkent hangomalari", "Bir kunlik
273
mo’jiza" singari she’riy va nasriy to`plamlari bolalar kitobxonligida shuhrat
qozongan. Shoir she’rlarida bolalarning xarakter-xususiyati, orzu-o`ylari aks
etgan. Masalan, "Bir so`z" she’rida Loladan astoydil ranjigan, unga birgina
"shaddod" degan so`zi uchun "badbashara", "xumbosh" kabi yomon so`zlarni
eshitganidan arazlab, boshqa o`rtoq topishga ahd qilgan bola timsoli gavdalanadi.
"Urishqoqlar"da esa o`g`il bolalar ko`proq o`ynaydigan "urush-urush" o`yini
manzarasi chizib berilgan. Ayniqsa, qo`lda yog`och-avtomat bilan kalishlardan esa
granata o`rnida foydalanishlari, bir-birlarini poylab turib, "o`q" uzishlari bolalar
tilidan mardona hikoya qilinadi.
– Paq-puq, otdim, yiqil,– deb.
Dushman tan olmas:– O`qing
Qiyshiq ketdi,–nuqul deb.
Hamma bola o`yinda
"Jang" qiziydi tobora…
Faqatgina Nodir bu jangga qo`shilmay, raketa yasash bilan ovora bo`ladi.
Chunki:
– Urishqoqlar ichida
Yashab netaman,– der u.
Olis sayyoralarga
Uchib ketaman,– der u.
Buni eshitib, qolgan bolalar “o`zing bilan bizni ham ola ket”,– deb so`raydilar.
Do`stlari rozi bo`ladi:
– Chiqinglar,– deb imlaydi.
– Biz kashf etgan sayyora
Urush nima bilmaydi!
Bolalar garchi "urush-urush" o`ynasalar ham, aslida, urush nimaligini
bilmaydigan sayyorani kashf etmoqchi. Uning salbiy oqibatlarini his qila olgan
bolagina shunday fikrlaydi. Barcha bolalar tinchlikni sevishlari Nodirga ergashib
ketmoqchi bo`lgan do`stlar niyatidan anglashiladi. Binobarin, H.Imonberdiyev
yosh qahramoni tilidan, urushqoqlar o`yinini qoralaydi. Ular orasida yashashni
xohlamaydi.
Shu o`rinda shoirning "Alla" she’ridagi quyidagi misralar ham e’tiborli:
– Ana, Bo`ri kelyapti!
Uxlay qol, ovunchog`im.
Qo`y shunday deb qo`rqitib,
Uxlatar qo`zichog`in.
– Vuy, anovi ilonni!
Uxla tez, bolajonim, –
Chumchuq shunday qo`rqitib,
Uxlatar polaponin.
– Uxla, Olabo`jiyov
Ko`rsatgan qorasini. –
274
Odam shunday qo`rqitib,
Uxlatar bolasini.
Ona Burgut allalar:
– Uxla, kuchga to`lib o`s.
Ushbu tog`-tosh, osmonning
Hukmdori bo`lib o`s!
Pisand etmay xatarni
Shundanmi polaponi,
Tushlarida charx urar
To`ldirib keng samoni.
Nazarimizda, ushbu kichik she’r ulkan ma’naviy-ma’rifiy ahamiyat kasb
etadi. Zero, o`zbek bolalar adabiyoti mustaqil O`zbekistonning kelajagini
yaratuvchi yosh avlod tarbiyasiga mas’ul ekan, farzandlarimizning erksevar, mard,
komil insonlar bo`lib yetishuvi yo`lida doimo baland pardalarda yangramog`i
kerak. Toki ijodkorlarimizning har bir asari yosh kitobxon qalbida ezgulik,
insoniylikning bir niholi ildiz otishiga xizmat qilsin. Ushbu she’r, dastavval, ana
shu jihati bilan e’tiborga loyiq. Chunki, ona burgut polaponi qalbiga "ushbu tog`-
tosh, osmonning hukmdori bo`lnb o`sish"ni go`dakligidan alla bilan
singdirayotganligi sababli burgutcha hatto tushida ham keng samoni to`ldirib charx
uradi. Xuddi shuningdek, mustaqil ona yurtimizning kelajagi bo`lmish
farzandlarimiz ham bolalikdan o`zlarining shu aziz Vatan egalari, uning baxt-
saodatini, porloq kelajagini yaratuvchilar ekanliklariga komil ishonch ruhida
tarbiyalanmoqlari lozim.
Bular – masalaning ijtimoiy, ilmiy va amaliy jihatlari. Biroq muammoning
ahamiyati bulardan kam bo`lmagan badiiy-estetik jihati ham mavjud. Zero,
she’riyat bolalar uchun beg`ubor go`zallik, mehribon va talabchan murabbiydir.
She`riyatga oshno qalblar go`zallikni his qiladi, zavq oladi, bunday qalbning o`zi
ham go`zal bo`ladi. Ana shu ma’noda ushbu she’r hayotga endigina qadam qo`yib
kelayotgan yosh avlodning pok qalbini go`zallik nuri bilan munavvar qiladi, bu
beg`ubor qalblarga ezgulik urug`ini sochadi, ularni go`zal ona Vatanimizning
porloq kelajagini yaratuvchi tom ma’nodagi go`zal Insonlar qilib tarbiyalashdek
mas’uliyatli ishga o`zining xolis hissasini qo`shadi.
H.Imonberdiyev she’rlari qahramonlari haqida gap ketar ekan, ular safi rang-
barangligini qayd etish kerak. Bu qahramonlar orasida do`stining imtihondan
o`tishiga "yordam" beradigan Toshmatday "mehribon" "Vohay bola"chilar ham,
Ali-Valiga o`xshash lofchilar ham, hayotga jiddiy boqadigan, o`z o`rni, insoniy
qadr-qimmatini hamma narsadan ustun qo`yadigan, qadri uchun noteng kurashdan
ham qaytmaydigan G`anichaga o`xshashlari, biroz hazilkashroq, ozgina shirinlikka
o`chroq, ozgina o`yinqaroqroq, ozgina yalqovroq bolakaylar ham yosh
kitobxonlarga begona emas, bu "qahramon"lar qiyofasida ular darrov o`zlarini
tanib oladi.
275
Ular orasida "O`jarlar" turkumining qahramoni G`anicha va "G`alati Omon"
turkumidagi Omonni alohida tilga olish joiz. G`anining jussasi kichikligi, zaifligi
uchun ismiga kichraytiruvchi "cha" qo`shimchasi qo`shilgan. Biroq shunisi
qiziqki, qishloq bolalari zo`ravon, "qishloqning shefi" deb nom chiqargan Sanjarni
ko`rishlari bilan tumtaraqay bo`lib ketishsa, o`jar G`anicha tap tortmay turaveradi,
Sanjar uni har qancha kaltaklasa ham, suvga pishsa ham cho`miladigan joydan
ketmaydi. Chunki u cho`miladigan joy birgina zo`ravon Sanjarga emas, barcha
bolalarga tegishli deb hisoblaydi. Qo`y boqishga chiqqanlarida bolalarning
barchasi navbatma-navbat Sanjarning qo`ylarini boqishsa, ushoqqina G`anicha
Sanjarga xizmatkor bo`lishni istamaydi va o`jarligi uchun yana Sanjardan kaltak
yeydi. Hamqishloqlari har qancha "bu yo`lingdan qayt, bo`lmasa kaltak tagida
mayib bo`lib ketasan" deyishsa-da, u yo`lidan qaytmaydi, haqiqat yo`lida, insoniy
qadr-qimmat yo`lida o`zidan kuchli raqib bilan ham tinmay mushtlashaveradi:
Navbatdagi haqorat
Toshi otilgan payti,
G`anidagi jasorat
Iziga ketdi qaytib.
"Menga nima olishib,
Hech biri olmas yonim.
Nima azob solishib
Og`ritib shirin jonim.
Itligin qo`ymas anu,
Qancha yonmay, kuyinmay..."
Shu choq diliga qo`rquv
Bosib keldi quyunday.
G`ani bir dam tosh qotdi,
Borliq rangin yo`qotdi.
Oyoq-qo`li bo`shashib,
Turib qoldi karaxtday.
Qalqib ketdi, kesilib
Qulayotgan daraxtday.
Birdan hayqirdi: - Yo`q! Yo`q!
Va Sanjarga tashlandi.
Yana mushtu yana do`q,
Yana ur-sur boshlandi.
Ha, bu gal ham qochmoqni
Ep bilmadi G`anicha.
Ko`p-xo`p yedi kaltakni,
Solishdi to`yganicha.
276
Har yon ketdi raqiblar
Bir-biriga demay so`z.
Barcha bola jim boqar,
G`anichadan uzmay ko`z.
Ushbu she’rda shoir qahramoni xarakterini, fe’l-atvorini ancha jonli yaratishga
erishgan. Shuncha voqealar bo`lib o`tganida G`anichaga "o`jarligingni qo`y, kaltak
yeb mayib bo`lib ketasan" deb "maslahat" berishgagina yaragan, haqiqatning
yonini olishga botinmagan, joni ko`ziga aziz ko`ringan bolalar oxirida G`anichaga
hech so`z demay, tikilib qoladilar. Aslida ham so`zga o`rin yo`q. Chunki haqiqat
egilishi, bukilishi, haqoratlanishi mumkin, biroq sinib, yo`q bo`lib ketmaydi. Shu
boisdan ushoqqina haqiqatning oxir-oqibat g`olib chiqishi tabiiy va u aslida, katta
haqiqatga yo`l ochadi. Shu ma’noda bu she’r katta ijtimoiy-ma’rifiy ahamiyat kasb
etadi: millionlab kilometr masofadan kelayotgan bir tutam nur yo`limizni yoritgani
singari ushbu kichkinagina haqiqat ham qalblarga chiroq yoqadi. H.Imonberdiyev
esa yuqoridagi singari adabiy obrazlari bilan "bugungi bolalar adabiyotimizning
qahramoni kim bo`lishi kerak?",– degan savolga ham amaliy javob beradi.
"Lofchilar-aldoqchilar" she’rida esa mutlaqo boshqacha tabiatga ega
xushchaqchaq bolakaylar bilan uchrashasiz, ularning beg`ubor loflarini maza qilib
tinglaysiz:
Ali, Vali lofchilar –
Xushchaqchaq aldoqchilar
Rosa lofni urishar.
Ko`pikdan uy qurishar,
Maza qilib kulishar.
Ali debdi: – Vali, kel,
Rasmimga baho ber.
Qushcha chizdim ajoyib,
Ajoyibu g`aroyib.
Ana u don yeyapti,
Menga rahmat deyapti.
Vali boqsa varaqqa,
Shakl yo`q hech qanaqa.
– Aldabsan-ku, qani don?
– Qush yeb qo`ydi-da, nodon!
– Yo`qotdingmi hushingni,
Ko`rmayapman qushingni?!
–To`ygach, qushcha chirq etdi,
"Rahmat!" deb uchdi-ketdi!
Ali, Vali lofchilar –
Xushchaqchaq aldoqchilar
277
Rosa lofni urishar,
Ko`pikdan uy qurishar.
Maz-za qilib kulishar.
Ushbu satrlarni o`qish bilan har bir kishining ko`z o`ngida o`z yoshligi "yarq"
etib namoyon bo`lishi turgan gap. Chunki deyarli har bir yosh bola, aslida, ana
shunday ozgina lofchiroq, ozgina aldoqchiroq, ozgina vahimachiroq bo`lishi
turgan gap. Shu bois ham yosh bolaning beg`ubor nigohi oddiygina tol chiviqdan
chopqir duldul ot, oyoq botmas ko`lmakdan bepoyon ummon yaratadi va aslida,
olamshumul kashfiyotlar ham ana shu beg`ubor nigoh mahsulidir. Shu sababli bu
loflar–yolg`onlar ham kitobxonga zarracha malol kelmaydigan, bolakaylarning
had-hudud bilmas xayolot olami bilan oshno qiladigan g`aroyib topilmalar sifatida
Sizni beixtiyor ishontiradi, o`sha oppoq qog`ozda hozirgina don yeb yurgan
qushchaning oyoq izlarini ko`rasiz.
Shunisi qiziqki, "Lofchilar-aldoqchilar"ni o`qib, Ali bilan Valining
yolg`onlaridan xafa bo`lmaysiz, chunki ular yolg`on aytib birovni aldamaydilar,
balki xayollariga kelgan loflarni bir-birlariga aytish bilan go`yoki kim zo`rroq lof
aytishga bahslashadilar. Ularning loflari beg`ubor, bu loflarning yolg`onligini
ularning o`zi ham bilib turadi, faqat mana shu kim o`zarga aytilgan loflardan
bolakaylar o`zlaricha zavq topadilar.
"Qish tongida" she’ri tabiiy manzara talqiniga bag`ishlangani bilan diqqatga
loyiq:
Erta tursam hovuzda
Birov oyna solibdi.
Ko`m-ko`k, tiniq, zilol suv
Eng ostida qolibdi.
Oynani solgan usta
Unutgan-ov, hoynahoy.
Suv olishga ozgina
Qoldirmabdi ochiq joy.
Bola tasavvuri, tafakkuri aynan shunday fikrlashga moyil. Zotan, she’r jonli
tasvir asosida yaratilgan. Shoirning "Qo`pollik" she’rida esa kichkintoy
bolakaylarning uchqur xayoli, qahramonlik ko`rsatishga moyil tabiati ochib
beriladi. Ya’ni, qo`pollik qilib, akasidan "– Bor, ko`zimga ko`rinma, hech
keraging yo`q",– degan do`qni eshitgan ukaning ginalari, shu bilan birga,
akasining o`z yoniga kelishi uchun hatto:
Balki sharga osilib,
Uchaman oyga.
Balki minib
G`irko`kni
Jangga kiraman.
Yog`och qilichim sermab
Yovni qiraman.
Dushman bilan solishib
O`larman oxir.
278
Nima qila olardim
Akamsiz axir.
Kelib qabrim boshiga
Akam bosh egar,
Kechir meni, uka, deb
Balki yosh to`kar,–
degan xayollarga boradi. Shu payt "Uka!" deb akasi boshiga kelganda, xayollari
har yoqqa sochilib ketadi. Yosh qahramonning xufton dili charaqlab ochilib ketadi
va quyidagi qarorga keladi:
Akam bo`lsa yonimda
Quvnab ketaman.
Shunday akam turganda
O`lib netaman?!
Chindan ham she’r voqeaband sujet asosiga qurilgan. Aka-uka
munosabatlarida tabiiylik ustuvor. O`zbek oilalarida uka har doim akaga suyanadi.
Aka ham o`z navbatida ukani suyaydi, ko`nglini cho`ktirmaslikka harakat va
g`amxo`rlik qiladi. Bu hissiyot bolalikdan boshlanishi esa yuqoridagi she’rda
yorqin aks etgan.
Umuman, H.Imonberdiyev she’rlarida fikr ustuvor, g`oya dolzarb, tasvir
hayotiy. Uning qator ertak-dostonlarida esa bahodirlik, mardlik motivlari
kuylanadiki bu Sor burgutning o`z polaponini uchishga o`rgatishda baland
qoyalardan pastga otib yuborishi orqali yanada yorqinroq aks etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |