www.ziyouz.com kutubxonasi
231
ammo bu nimani anglatishi hozircha unga ma’lum emasdi. Nutqning avvalida ular ancha do‘stona
kayfiyatda edilar. Nutqini tugatganida esa hammalari pinhoniy shubhaparastga aylangan edilar.
Keyin hujumga o‘tish harakati boshlandi. Endi ular aftidan, to kayfiyatlari aniqlanmaguncha kutib
turishga ahd qilgan edilar. Birlarining yuzida hech qanday ifoda yo‘q, o‘y-fikrlari allaqayoqlarda kezib
yurardi. Palmer keyingi savol nima bo‘lganini aniqlab olishga yordam berar, deb umid qildi.
— Mister Palmer! — Semiz ham, oriq ham emas oppoq sochi Makarturchasiga olingan mittigina
kishi o‘tirgan joyida betoqat tipirchilardi. — Sizningcha, sanoat sohalariga xizmat qiluvchi mana bu,
deylik, litsenziyalar bo‘yicha amal qilayotgan korxonalarning bevosita kelajagi qanday?
Palmer bosh irg‘ab qo‘ydi va yaxshi kayfiyat tabassumini saqlab qolishga harakat qildi. U ular
kayfiyatidagi o‘zgarishni angladi. Endi ularning qiziqishi yaqqolroq ko‘rina boshlagandi, mavhum
emasdi. Bo‘lajak bizneschilar sifatida ular muayyan ishchan imkoniyatlardan manfaatdor edilar.
Palmer bu imkoniyatlarni qisqacha tasvirlab berdi va yana bir qancha mana shunday savollardan
keyin yig‘ilish raisi o‘rnidan turdi va unga tashakkur aytdi. — Garchand omonat banklari haqidagi
maqola biz uchun ham unchalik ravshan bo‘lmasa-da, baribir ma’ruzangiz g‘oyatda maroqli bo‘ldi
desam, ko‘pchilikning fikrini ifoda qilgan bo‘lur edi. Mening tushunishimcha, siz o‘z bankingizda oldi-
qochdi suhbatlardan ko‘ra ko‘proq ma’lum muhokamalar olib borish tarafdorisiz.
Palmer ta’zim qilib qo‘ydi.
Berns og‘ir xo‘rsindi:
— Vudi, qoqvosh. Men senga bankir rolini qanday o‘ynashni o‘rgatmayman. Sen menga siyosatdon
rolini qanday o‘ynashni o‘rgatma. Bu nusxalarni o‘z tomonimga og‘dirib oldim deb o‘ylayapsanmi?
— Bilmadim. Lekin men ularni o‘ylashga majbur qildim.
— Biznes haqida, ammo siyosat haqida emas. — Berns sigareta tutatdi. Qop-qorong‘i mashinada
chaqmoqtosh alangasi uning ko‘zlarida mayda sariq uchqunlar bo‘lib aks etdi. — Biznes — bu mantiq
va sen juda mantiqli nutq qilding. Siyosat — bu majburiyat, u har doim ham mantiqqa
asoslanavermaydi. Bordi-yu, bu shunday bo‘lganida edi, bordi-yu, nomzodlar va saylovchilar mantiq
qoidalariga rioya qilganlarida edi, har qanday saylovning natijasi oldindan ma’lum bo‘lar edi.
— Gap mana bu siyosiy arboblarning ijtimoiy mavqei haqida ketmayotibdi, Mak. Bu ularning
biznesi, boyishning xususiy biznesi.
— Sen yangisan, — javob berdi Berns, — va har qanday yangi kabi butun uyinni miridan-sirigacha
tushunaman deb o‘zingga ishonasan. Siyosatda men o‘q yegan chumchuqman, azizim, ammo men
ham barcha qoidalarni bilmayman.
— Unda qanday ish olib borayapsan?
— Bugungi oqshomni olaylik, — tushuntirdi Berns. — Juda ma’qul misol. Sen u yerda nima
gapirgan bo‘lma, ular senga nima gapirishgan bo‘lmasin, sen hammaning oldiga poxol solayotganing
hidini burnim sezib turgandi...
Mashina Qirq ikkinchi ko‘cha yonidagi shohrohdan burildi va bor tezligi bilan birinchi avenyu
bo‘ylab Bernsning uyi tomon uchib ketdi. Chap tomonda BMT binosi lip etib ko‘rindi-yu g‘oyib bo‘ldi.
— Sen goho o‘zingni o‘zing aldayotganday tuyulib ketadi menga, — davom etdi Palmer ko‘chaga
qaragancha. — Besh daqiqa burun siyosat har doim ham mantiqli bo‘lavermaydi, degan eding.
Menimcha, sen o‘zing ham uncha mantiqli emassan.
Berns yelka qisdi:
— Ayb bizda.
Palmer ular allaqachon Elliginchi ko‘cha atrofida ekanliklarini ko‘rdi. Hozir ular o‘ngga buriladilar-
da, Berns turadigan o‘n sakkiz qavatli bino oldida to‘xtashadi.
Darbon mashina eshigini ochdi va dastakdan ushlab, Berns tomon cho‘zildi.
— Salom, mister Berns, ser.
Berns mashinadan tushdi-da, bir daqiqa darvoza oldida turdi.
— U esimga tushdi. Nasroniy Barni Baruk emasmidi?
— Sof oriycha protestant nasl, — javob berdi Palmer.
Bankir (roman). Lesli Uoller
Do'stlaringiz bilan baham: |