www.ziyouz.com kutubxonasi
227
Bir vaqt ohista pishqirganday ovoz chiqardi-da, tarasha yorqin sariq yog‘du taratib olov oldi.
Palmer tizzalarini yerdan uzdi-da, cho‘nqayib o‘tirgan ko‘yi birdan ko‘tarilgan alangaga tikildi. U shu
alpozda anchagacha o‘tirdi, so‘ng o‘rnidan turdi va kaminning iliq yog‘dusida ohista yurib, hayhotday
xonaning narigi to‘ridagi barga qarab yo‘l oldi.
Paypoqda bo‘lganidan polning sovug‘i yalang oyog‘idan o‘tib ketmoqda edi. Palmer katta chorqirra
qadahga biroz viski quydi-da, olov oldiga qaytdi.
U olov qarshisiga kelib, yeyilib ketgan dub polga chordona qurib o‘tirib oldi. Viski labi va tiliga xiyol
sovuq botdi. Biroq tomog‘iga yetganida ozroq kuydirdi. Oshqozonga tushganidan keyin esa olov
yoqimli issiqlik taratgancha har tomonga chopa ketdi. U yana bir qultum yutdi va bu gal viski
dastlabki qultum hissini berolmaganidan hafsalasi pir bo‘ldi.
Endi tarasha lovullab yonar, undan oqib chiqqan mum har tomonga sachrar va mayda pufakchalar
ohista vishillab, dudli alanga lop-lop qilar edi. Palmer alanganing bir kattalashib, bir kichiklashib
turgan tillarini tomosha qilgancha tarashadan ko‘zini olmasdi.
Ular yana takrorlanarmikan? — qiziqsindi u. Matematika nuqtai nazaridan ular takrorlanishi
mumkinmikan? Vaqti kelib bu haqda Gaussdan so‘rab ko‘rish kerak. Agar, deb o‘yladi u, Gauss
umuman u bilan yana gaplashsagina so‘ray oladi.
Viskidan ho‘plaganicha va Gauss bilan tartibsiz hamda g‘alati tarzda cho‘zilib ketuvchi suhbatni
qadam-baqadam ko‘z oldiga keltirgancha tek o‘tirardi u. Uning sirli g‘oyalarida jon bordek ko‘rinardi.
Tijorat nuqtai nazaridan oqilona tuyulmoqda edi. Agar hozir, ularning haqiqiy ko‘rinishida, hech
bo‘lmaganda, ular butunlay shunday bo‘lmagan taqdirda ham bisotida loaqal bir misqolcha ijtimoiy
ong bo‘lgan har qanday bankning burchi bunday g‘oyalarni moliya bilan ta’minlash emasmi?
Gaussning hafsalasini qattiq pir qilganini u bilardi. Lekin u bundan ortig‘idan umid bog‘lashiga yo‘l
qo‘ymagandi.
Palmer stakanni oxirigacha simirdi va alanganing notekis uchlariga ma’nosiz tikilib qoldi. Ha, juvon
uni sehrlab qo‘ygandi. Issiqqa ham qaramay, ko‘zlari achishganiga ham qaramay, Palmer kiprik
qoqmayotgandi.
U o‘girildi va ulkan xonaga sinovchan razm soldi, uning to‘rdagi burchaklari endi qorong‘i tortgan
va o‘rtasigina o‘chayotgan olovdan g‘ira-shira yorishib turardi. Marhum aka va marhum otaning
orqasiga o‘tib yashirinish qo‘rqoqlikdan boshqa narsa emas, dedi u o‘zicha. Ham qo‘rqoqlik, ham
bolalarcha soddalik.
U kamin oldiga qaytdi va otashkurak bilan yirikroq cho‘g‘larni urib maydaladi. Yog‘du tezgina
o‘chdi. Ko‘mirlar qanday xira qizg‘ish tusga kirib, so‘ng birin-ketin o‘chishini u bir lahza tomosha qilib
turdi. U otashkurakni qo‘ydi va o‘sha quruq paypoqda xonadan yo‘lakka chiqdi. U zinapoyani topdi va
oyog‘i bilan zinalarni bitta-bitta paypaslab, qo‘li bilan panjaradan ushlab suyangancha qorong‘ilikda
asta yuqoriga ko‘tarila boshladi.
U sekin harakat qilardi. Agar uzun zinapoyaning har yer-har yerida maydoncha bo‘lganida, to‘xtab
nafasni rostlab olsa, so‘ng yana ko‘tarilaversa bo‘lardi. Biroq ro‘parasida, xuddi avvalgisiday, yana bir
zinapoya turganidan u tez-tez to‘xtashga majbur bo‘lmoqda edi. Uning muvozanatini saqlovchi
a’zolaridan nimadir ishdan chiqqan bo‘lishi kerak. U gavdasining o‘ng tomonga, panjara tarafga
keskin og‘ayotganini his qildi. Aftidan, tayanch nuqtani ko‘rolmay, u o‘zini to‘g‘ri tutolmayotgan edi.
Birozdan so‘ng, o‘n-o‘n ikki odimlar tashlagach, u to‘xtadi va qorong‘ida ko‘zlarini yumib turdi —
o‘ng qo‘li bilan panjarani mahkam qisib, o‘zini tutib turish uchun oyoqlarini keng yoyib olgandi.
Qo‘li panjarani badtarroq qisdi. U kafti terlaganligini his etdi. Ohista chap qo‘lini oldinga oldi-da, u
qo‘li bilan ham panjarani mahkam ushladi. Shu harakat uning muvozanatini buzdi. Manglayiga ter
chiqdi. Uning miyasi shiddat bilan ishlar, fikrlari oldinga va orqaga otilar, o‘tmish manzaralari lip-lip
qilar edi: “Men umrim bino bo‘lib bir to‘xtamga kelgan narsam — bu binoni tashlab, Nyu-Yorkka
kelishga azmu qaror qilganim bo‘ldi”. Endi bundoq o‘ylab qarasam, hatto shu azmu qarorim ham
qandaydir boshqa odamga qarshi qaratilgan ekan. U odam ham xuddi shundayin bankdagi stolida
tirik o‘tirganidek, Roz-xil qabristonidagi o‘z xilxonasida abadiy uyquda yotibdi.
Bankir (roman). Lesli Uoller
Do'stlaringiz bilan baham: |