www.ziyouz.com kutubxonasi
219
Geynts Valter Gauss emas, men bo‘laman, bildingmi?
— Shunday bo‘lishiga umid qilaman...
Palmer soatga qaradi. O’n daqiqa kechikkan edi. U o‘rnidan turdi.
— Ishingizni qo‘shimcha mablag‘larsiz ham davom ettira olasizmi?
— Boshqa ilojim yo‘q. — Gauss paltoga qo‘l cho‘zdi, ammo ko‘zlari boshqa tamonda edi. — Men bu
ishni davom ettirishga majburman. Xomashyolar haqida soxta ma’lumot to‘ldiraman, yolg‘on
gapiraman, uskunalarni o‘g‘irlayman.
— Hukumatdan shartnoma asosida pul olsangiz-chi? Jet-Texdan ketsangiz nima bo‘ladi? Hamma
ishni hukumat nazorati ostida qilaverasiz-ku!
Gauss istehzo bilan kuldi.
— Menga, o‘sha la’nati “Uoatan” raketasi deb millionlab dollarlarni sovurgan kishiga hukumat
boshqa millionlarni bermaydi. — U shlyapasini boshiga ildi. — Bugun rad etishganini eshitganimdan
keyin ko‘z oldimga siz keldingiz. Muloqotimiz qanday bo‘lishini o‘yladim. Men aqlli edim. O’zimga
ishonardim. Sizga ham ana shu ishonchni yuqtira oldim. Siz meni qanday ko‘rgan bo‘lsangiz, men
ham o‘zimni shunday ko‘rib turibman: cho‘ntagida bir chaqasi yo‘q, miyasi suyilgan, tentak qariya.
Omadsiz chol. Mayli, shunday bo‘lsin. — U ko‘r-ko‘rona ko‘cha eshigiga qarab keskin burildi.
— Gauss, — Palmer paltosini yo‘l-yo‘lakay kiyib, nemisning orqasidan Uchinchi avenyuga chiqdi. —
Gauss, bir daqiqa to‘xtang.
— Siz butunlay kechikib bo‘ldingiz, do‘stim. Vaqt — katta ne’mat. Vaqtni to‘g‘ri hisoblay olishda gap
ko‘p. — Ko‘chada g‘irillab esayotgan sovuq kuz shamoli Gaussning shlyapasini ko‘tarib yubordi. — Siz
kechikish bo‘yicha mutaxassis bilan gaplashyapsiz. Eynshteyn yahudiy bo‘lgani uchun men o‘n yilga
kechikdim. Mayli. Hali o‘n yil imkoniyatim bor. — Neon nurlari yoritib turgan qorong‘ilikda uning
jilmayishi g‘ayritabiiy chiqdi. — Shunda omadim keladi, — qo‘shimcha qildi u istehzoli ohangda. So‘ng
burilib, yo‘l bo‘ylab ketdi va birdan yon ko‘chada g‘oyib bo‘ldi...
Qirq beshinchi bob
U barning etagidagi alohida stolda yolg‘iz o‘tirardi. Palmer alang-jalang qarab, qidirib topdi va tez
oldiga keldi.
— Meni kechir, — dedi u ayolning qarshisiga o‘tirar ekan, — ammo Gaussga ko‘p narsalarni aytib
berolmay qoldim.
U barga kirganda ayol boshini ko‘tarib qaragan edi. Uni ko‘rgandan keyin ikki qo‘llab ushlab turgan
stakanga tikilgancha jim o‘tiraverdi, go‘yo yana bir qarashga madori yetmayotgandek edi.
— Hammasi joyida, — dedi u bo‘g‘iq ovozda.
— Xafa bo‘lganga o‘xshaysan.
— Hammasi joyida, — deb ta’kidladi u hamon unga qaramay.
— Ajabtovur nusxa, — dedi Palmer. — Zarur ishim bo‘lmaganda, gaplarini eshitib o‘tiravergan
bo‘lardim.
Ayol boshini sekin ko‘tardi va uning ko‘zlariga tikildi.
— Agar Gauss shu darajada aziz bo‘lsa, — dedi u tiniq ovozda, — bekor tashlab kelibsan.
— Sen undan azizroqsan...
— Ha, — tasdiqladi u. — O’zimga o‘zim achinib ketaman.
— Nimani o‘ylayotganimni qaerdan bilasan?
— Bu gaplarni qo‘y, — gapini bo‘ldi ayol. — Shuni unutmaginki, keltlardan biron narsani yashirib
bo‘lmaydi... O’zaro munosabatlarimiz haqida bir soat o‘ylab o‘tirdim. Kechikib ketganingni
ko‘rganimdan keyin yanada yomon bo‘ldim. Nihoyat, — dedi u xuddi xayol surayotgan odamdek, —
seni kelmaydi deb ishonganimdan keyin oramizdagi barcha munosabatlar o‘ldi. Shunday ko‘z oldimda,
stol ustida. Men suyaklarini yig‘ib dafn etayotganimda sen paydo bo‘lib qolding.
Bankir (roman). Lesli Uoller
Do'stlaringiz bilan baham: |