www.ziyouz.com kutubxonasi
216
yoqilg‘ida ishlaydigan eltuvchi raketa, ion dvigateli, mikro aloqa, yoqilg‘i elementlari, supermotorlar
nimadan darak beradi?.. Aytaylik, Oyga borish bir necha kunlik masofaga aylanib qoladi. Oyning
tortish kuchi kimligidan foydalanib, boshqa sayyoralarga yo‘l olamiz. — U qo‘llarini havoda silkitdi. —
Bularning hammasini amalga oshirish qo‘limizda, hammasini! Sun’iy kosmik qo‘nish maydoni uchun
behuda mablag‘ sarflash kimga kerak? Tayyor tabiiy qo‘nish maydoni — Oy turibdi-ku! Jet-Tex
ixtiyorida Oyni katta fazo platformasiga aylantirishga qaratilgan barcha ma’lumotlar mavjud.
Yulduzlarga uchish yo‘lida u dastlabki bir bosqich bo‘lib qoladi.
Ikkalasi ancha vaqt jim qolishdi. Palmer kulimsiradi:
— Shoirona. Va juda ta’sirchan.
— To‘g‘ri emasmi? — Nemis boshini silkitdi, qora ko‘zlari yaltiradi. So‘ng jim bo‘lib qoldi. Yana bir
daqiqadan keyin yuz ifodalari so‘ndi. Xo‘rsindi. Hatto katta bosim ostida yanada kichrayib qolgandek
tuyuldi. — Bularning hammasi, — dedi u so‘nik, umidsiz tovush bilan, — pul talab qiladi.
— Siz, albatta, hukumat jamg‘armalariga umid qilasizmi?
— Biz katta pul irmoqlariga qarab jon-jahdimiz bilan intilamiz, — Gaussning jag‘lari xunuk
qiyshaydi. — Yarim millionni u tomondan, yarim millionni bu tomondan olamiz. Quyosh sistemasiga
qo‘limiz yetay deb turibdi, shu ahvolda gadoga o‘xshab tilanchilik qilishga majburmiz...
— Gauss, — dedi nihoyat Palmer, — ish vaqti ham tugab qoldi. Shu yaqin atrofga borib, ichib
o‘tirib gaplashsak, nima deysiz?
Palmer savolini tugatmasdanoq nemis o‘rnidan turib ketdi.
— Ajoyib taklif, — dedi u eshikka yuzlanib. Ammo Palmer qo‘qqisdan yana to‘xtadi.
— Meni lift oldida kutib turing. Ba’zi narsalarni ko‘rib qo‘yishim kerak.
Palmer Virjiniyaning xonasiga kirib borganda u hamon mashinkasini chiqillatib o‘tirardi.
— Sen ko‘chirishing emas, tahlil qilishing zarur.
— Tuzatishlar ko‘payib ketdi, tushunish qiyin. — U boshini ko‘tardi va kutilmaganda kulib yubordi.
— Seni gerr Gauss kutayapti.
— Biz u bilan oz-moz ichmoqchimiz. Unga yordam berishning yagona chorasi shu. — U bo‘m-bo‘sh
xonaga o‘g‘rincha ko‘z yugurtirdi. — Kechqurungi mo‘ljaling qanday?
— Hech qanday rejam yo‘q, — gapini bo‘ldi ayol. — O’zing-chi?
— Telefoning kechqurun shahar bilan bog‘lanadimi? Gauss bilan xayrlashgach, senga qo‘ng‘iroq
qilaman.
— Qaysi raqamga ulab qo‘yishganini bilmayman.
— Yaxshisi, biron joyda uchrashaylik, maylimi?
— Qaerda?
U o‘ylanib qoldi.
— Seni hech kim tanimaydigan joyda. Meni ham. Uchinchi avenyudagi barda.
Ayol manzilni aytdi.
Qirq to‘rtinchi bob
Palmer Virjiniya bilan uchrashiladigan joyga yaqin bo‘lgan barni tanladi. O’n besh minut ichida
Gauss birinchi stakan viskini ichib bo‘ldi va ikkinchisiga qo‘l urdi. Ichkilik uning kayfiyatini
ko‘tarmaganini Palmer sezib turardi. U faqat o‘zini nazorat qilib turgan ichki kishanlarni uzib tashladi,
xolos. Stolda unga qarama-qarshi o‘tirgan Palmer faxrlansa arziydigan katta ishlarni qilib qo‘ygan bu
odam shu qadar baxtsiz ko‘rinishiga hayron qolmoqda edi.
— Na, — der edi Gauss, — Na, na1! Hamma narsa meni chetlab o‘tdi, alter Freund2 . Hozir
yetmish yoshdaman. Otmishdan oshib ketdim! Qismatimga yozilgan omad allaqachon meni tark
etgan. U, du kennst3 , ausgespielt4 , men bilan birga tamom bo‘ldi.
Bankir (roman). Lesli Uoller
Do'stlaringiz bilan baham: |