Paronim so’zlarni o’zlashtirishdagi muammolar va ularni bartaraf etishda usullari
Til madaniyati umummadaniyatning ajralmas qismi bo’lib ,uning yuksalishida kuchli quroldir .
Til ijtimoiy hayotda muhim ro’l o’ynaydi. Shuning uchun ham har bir kishidan tilning taraqqiyot qonunlarini mukammal bilish, unga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo'lish talab etiladi. Nutq madaniyatiga e’tibor kundan –kunga ortmoqda, ammo shunga qaramay ko’pgina o’quvchilarning yozma ishlarida , hatto gazeta, jurnal va kitoblarda xato va kamchilklar uchrab turadi.Ba’zida o’quvchilar o’rtasida ,ba’zan oqituvchilar o’rtasida so’zlar imlosi va mavzular bo’yicha tortishuvlar bo’lib turadi .Bu tortishuvlar paronimlarga ham tegishlidir .Ish tajribamda o’quvchilar o’rtasida test topshiriqlarni yechayotgan vaqtda,olimpiada jarayonlarida ham tushunmovchiliklar kelib chiqadi.O’quvchilar paronimlarning mohiyatini to’gri tushunmay,bir
tovush bilan farqlansa bo’ldi deb, paronimlarlarga bog’liq bo’lmagan so’zlarni ham belgilashadi va tortishuvlar kelib chiqadi.Bu hol , ayniqsa , abutirentlar o’rtasida yanada ko’proq sodir bo’ladi. Ular shakldosh so’zlar va dubletlarni ham paronimlar misolida belgilashadi.Ushbu mulohazalar asosida shu mavzuga qo’l urishga jazm qildim.
Talaffuzi va yozilishi jihatdan yaqin , ma’no jihatdan farqli bo’lgan so’zlar tilshinoslikda paronimlar deyiladi.
Yozma yoki og’zaki nutqda paronimlarni mazmunan tushunib yetmay biri o’rniga ikkinchisini qo’llash, ularning imlosida yanglishish kabi hollar tez-tez uchrab turadi. Bunday kamchiliklarni bartaraf qilish uchun paronimlar ustida ish olib borish zarur. Paronim so’zlar 5-sinfda 1 soatgina o’rganiladi. O’quvchi paronim so’zlar haqidagi nazariy bilimga ega bo’ladi,lekin uni dublet va shakldosh so’zlardan ba’zida ajrata olmaydi.
Paronim so’zlarni boshqa so’zlardan ajratish uchun mavzuni yaxshi bilish, paronim so’zlar lug’atini o’rganish zarur bo’ladi.Lekin maktab dasturida paronim so’zlar mavzusi yuqorida ta’kidlanganidek bir soatgina ajratilgan. Bu esa o’quvchiga ,ayniqsa, abuturentga yetarli emas .
Zero, Abdulla Avloniy aytganidek,”Har bir millatning dunyoda borligini ko’rsatadurgon oynayi hayoti til va adabiyotidir. Milliy tilni yo’qotmak millatning ruhini yo’qotmakdir”.Shuning uchun ham har bir mavzuni puxta o’rganishimiz, til go’zalligini anglatmog’imiz lozimdir. Talaffuzi va yozilishi jihatdan yaqin , ma’no jihatdan farqli bo’lgan so’zlar tilshinoslikda paronimlar deyiladi.
Masalan, tuz va tut so’zlarining tarkibidagi bir tovush ( z va t) hisobiga farqli bo’lsa ham paronim bo’lolmaydi, chunki bir tovushlar artikulyatsion – akustik jihatdan bir-biridan uzoq :t- jarangsiz, til oldi portlovchi undosh tovush; z- jarangli til oldi, sirg’aluvchi undosh tovush.
Ko’rinadiki, bu tovushlar faqat artikulyatsiya o’rniga ko’ra bir-birga yaqin bo’lsa ham, ovoz va shovqunning ishtirokiga ko’ra , artikulyatsiya usuli va akustikasiga ko’ra boshqa -boshqa tovushlardir.
Paronim bo’lish uchun yondosh so’zlar faqat farqlanib boshqa xususiyatlari bilan o’xshash bo’lishi shart. Masalan, hol va xol so’zlarida h va x paydo bo’lish o’rniga ko’ra , abzal va afzal so’zlarida b va f tovushlari artikulyatsiya usuliga ko’ra farqlanadi va paronimlikni hosil qiladi.
Paronimlar turli yo’lllar bilan hosil bo’ladi:
tovush ohangdorligiga ko’ra: bot- bod ;
turli o’zakdan bir xil qo’shimcha vositasida yonilg’i –yoqilg’i ,yolqin- yorqin,to’plan -tovlan kabi.
so’z o’zlashtirish vositasida: o’zbekcha -aro> ora,fors-tojikcha –oro, o’zbekcha –burch, arabcha- burj va boshqalar.
Paronimlar talaffuzining o’xshashligi, morfem sostavining qisman yaqinligi tufayli yozuvda, nutqda adashtirilishi mumkin bo’lgan qofiyalanishda, shuningdek so’z o’yinida ishlatiladigan boshqa-boshqa so’zlardir. Masalan, afzal -abzal ,pol-fol,tub-tup.
Paronim so’zlarning ma’nosiga e’tibor beramiz.
Afzal –yaxshi, a’lo, ortiq so’zlarning ma’nodoshi.
Abzal – ot -ulovni egarlash yoki aravaga qo’shish uchun asboblarning jami.
Daho- kuchli zehn va iste’dod.
Daha- shahar tarkibidagi ma’muriy birlik .
Amr –buyruq ,farmon
Amir – o’tmishdagi davlat rahbari.
Paronimlar barcha tillarda ,jumladan, o’zbek tilining lug’at tarkibida ham ko’p uchraydi. Ayniqsa, fan va texnikaning rivojlanishi, boshqa tillardan turli yangi tushunchani bildiruvchi so’zlarning kirib kelishi natijasida o’zlashtirma so’zlar va o’zbekcha so’zlar orasida paronimlar hosil bo’ldi. Masalan, shtob – shitob,
tire-teri, tarif-ta’rif, tambur-tanbur ,bundan tashqari ,sof o’zbekcha so’zlar tarkibida paronim birliklar ko’p uchraydi.Masalan, enlik-ellik,sog’lik-sovliq, quy-qo’y kabi.
Demak, paronimlar a) sof o’zbekcha; b) boshqa tildan o’zlashtirilgan so’zlarning o’zlashma va sof o’zbekcha so’zlar talaffuzining tasodifiy o’xshashligi, yaqinligi tufayli yuzaga kelgan til hodisasidir.
Paronimlardan uslubiy vosita sifatida, ya’ni so’z o’yini tarzida ham foydalaniladi.
Afandi bir oshnasi bilan “Farhod va Shirin “ spektakliga tushgan ekan.Bir vaqt Farhod o’z do’stiga “Ey Shopur” deya murojaat qilgan ekan,shunda afandining oshnasi:-Ey do’stim, Farhodning ham shofyori bormi?-_deb so’rab qolibdi. -_Qiziqmisiz?-debdi afandi,-shunday buyuk xoqonning farzandi bo’ladi-yu , shofyori bo’lmaydimi.
Paronimlarning bir qismini jo-joy,kampaniya-kompaniya,so’nggi -so’ngi,otalik- otaliq,borlik- borliq kabi asosdosh so’zlar bo’lmagan so’zlar tashkil etadi, lekin har ikki holatda ham paronimlarning yozilishi va talaffuzdagi yaqinligi sezilib turadi.
Paronimlar orfografiya,ya’ni to’gri yozish va orfoepiya ,to’g’ri talaffuz qilish qoidalari bilan bog’liq. So’zlarning imlosini yaxshi bilmaslik natijasida paronimlar bilan bog’liq xatolar yuzaga keladi. Masalan,Ziyoda yodsirab ularga qaradi.Bu yerda yodsirab emas ,yotsirab bo’lishi kerak.
Paronimlarni boshqa leksik birliklardan, dubletlar va omonimlardan farqlash lozim.
Dubletlar ma’nosi bir-biriga teng bo’lgan,ko’pincha,tilga turli davrlarda kirib kelgan o’zlashma so’zlar hisobiga vujudga keladigan ikki yoki undan ortiq so’zlardir:jimjiloq-chinachoq, go’shanga –chimildiq,baxmal –duxoba-barxit,arqon
-arg’amchi,sandal –tancha.Bundan tashqari tilimizda bir so’zning tarixiy-an’anaviy tamoyil asosida birdan ortiq variantda yozilishi ham paronimlarga o’xshab ketadi.
Shuning uchun ham o’quvchilar test ishlash jaroyonida xato qilishadi.testni ko’rib chiqamiz.
Paronim so’zlar qatorini toping.
A) afzal-abzal B) kabutar-kaptar
C) nevara-nabira D) hammasi to’g’ri
Mana shu testni yechganda o’quvchilar ba’zida B javobni , ba’zida esa D variantni ,ya’ni hammasi to’g’ri degan javobni tanlashadi. Chunki ,kabutar-kaptar so’zlarini ham paronim so’zlar deb tushunishadi.
Paronimlarni variantdosh so’zlardan farqlash kerak.Variantdosh so’zlar bir so’zning ikki ,uch xil to’g’ri yozilish shaklidir .Masalan,adab- odob,ayqirmoq-hayqirmoq,ajdaho-ajdarho. Lekin ularda ma’no teng bo’lgani uchun paronimlar sirasiga kirmaydi:adab –odob,kaptar-kabutar, badtar-battar,podsho- podshoh, masjid-machit,arava-aroba,aso-hassa,ohista–asta, isirg’a- sirg’a kabi. Paronimlarni shakily ma’noviy hamda qo’llanilishi doirasida quyidagi ma’no guruhlarga ajratish va o’rganish yaxshi natija beradi:
-bir- ikki, ba’zan undan ortiq tovushga ko’ra qisman farqlanuvchi shakliy umumiylikning mavjudligi: tahlil –taxrir, matbuot-matlubot,taqlid-taxlit kabi;
-paronim juftliklar o’rtasidagi tovush alamshtirish va ma’no munosabatining turli xilligi arosat-asorat, arg’uvon-armug’on kabi;
-leksik ma’nolarda umumiy semantic qirralar mavjudligi:
tanglay-manglay,kift-kaft,jiyron-jayron kabi;
-leksik ma’nolari nisbatan yaqinligi o’xshashligi marhum-mahrum,mahram-maqtan kabi;
- ma’lum tomonlari bilan ma’nodosh munosabatda bo’lish:bekinmoq –biqinmoq, nihon-pinhon, kurtak-murtak;
-zidlanishdagi muayyan umumiylik hollari:e’tiroz-e’tirof , bema’ni-bama’ni, import-eksport kabi.
Paronimlar mavzusini o’tishda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish yaxshi samara beradi.
Maktab dasturida “Paronimlar “ mavzusi
5-sinfda o’tiladi.Bu mavzuni o’tishda izohli diktant, ” Venn diagrammasi”, “Tushunchalar tahlili”, “Ha va yo’q”, “Myuzenberg”,”Juftini top “kabi usullardan foydalanish mumkin.Bu kabi usullar o’quvchilarga paronimlarni o’zlashtirishda ,amaliyotda qo’llashda yordam beradi.
Paronimlarni nutqda xato qo’llash,juftliklarni qorishtirish,zid ma’nolarini yaxshi bilmaslikdan kelib chiqadi. O’qituvchi bunday xatoning oidini olish uchun mashg’ulot jarayonida shakliy –ma’noviy , bir-biriga o’xshash yoki yaqin bo’lgan paronimlar ma’nosini sharhlash, ularni so’z birikmasi va gap ichida qo’llash kabi amaliy ishlardan foydalanish nihoyatda zarur.
Toshkent viloyati Oqqo’rgon tumani
46-maktabning ona tili va adabiyot
o’qituvchisi Anorboyeva Umida
Do'stlaringiz bilan baham: |