3-MA’RUZA.MOYLI URUG’ VA MEVALARNING ANATOMIK
TUZILISHIGA KO’RA UMUMIY TAVSIFI
Reja:
1.Urug’ va meva po’stloqlari, urug’ murtagi: endosperm.
2.Urug’ni tashkil qiluvchi asosiy to’qimalarning tuzilishi.
3.Urug’ mag’zi va po’stlog’ining miqdoriy nisbati.
Mavzuga oid tayanch tushuncha va iboralar:
Urug’, meva, urug’ murtagi, endosperm, asosiy to’qimalar, ularning tuzilishi, urug’ mag’zi va po’stlog’ining miqdoriy nisbati.
Urug’lar ko’p hujayrali murakkab, har xil to’qimalardan tashkil topgan. To’qima bu hujayralar majmuasi bo’lib, o’simlik organizmida o’z funktsiyalariga ega. To’qimalar guruhlarga bo’linadi. Bir xil nomlangan to’qimalar o’zaro bog’liq sistemani tashkil qiladi. Urug’larda qobiq va modda to’plovchi to’qimalar yaxshi rivojlangan. O’rab turuvchi qobiq to’qimalari murtak va endospermni salbiy ta’sirlardan saqlaydi. Modda to’plovchi to’qimalar murtak va endospermda rivojlangan bo’lib, ozuqa to’playdi va saqlaydi.
Moyli urug’larning ayrimlari to’plangan ozuqa moddalarni murtakda, ayrimlari endospermda saqlaydi.
Murtakda yig’uvchilarga: kungaboqar, gorchitsa, soya (kungaboqar urug’ida endosperm yupqa po’st bilan o’ralgan).
Endospermda yig’uvchilar: kanakunjut, kunjut.
Ikkala turdagi yig’uvchilar: zig’ir.
Shunday qilib to’liq pishgan urug’larni endospermning rivojlanish darajasiga ko’ra 3 turga bo’lish mumkin:
1.Endospermsiz (kungaboqar)
2.Endospermli (kanakunjut)
3.To’la rivojlangan murtak va endospermli (zig’ir)
Tashqi ta’sirdan saqlovchi meva va urug’ po’stlari ular tuzilishining pishiqligidandir. Bu to’qimalar qattiq, uzunchoq shakldagi hujayralardan tashkil topgan bo’lib, jonsiz va hujayralari ichki moddalarsizdir. Po’st urug’ning unib chiqishi uchun zarur muhitni ta’minlaydi-namlik va issiqlikni o’tkazmaydi. Buning sababi urug’ qobig’i to’qimalari lipidlardan, mumlar va mumsimon moddalar kiradi. Ayrim quruq meva po’stlari po’kaksimon devorchalari bo’shlig’ida havo yoki saqichsimon moddalar bo’ladi. Pishib yetilgan davrda bunday po’st to’qimalari qotib, nihoyatda mustahkam bo’ladi. Ayrim hollarda meva po’stlari yorilsa ham urug’ po’sti saqlanib qoladi. Chunki urug’ po’sti moyli mag’izli qismi bilan bitib ketgan bo’lishi mumkin (zig’ir), lekin ko’proq ular bir-biriga tegib turadi (soya, kunjut,chigit).
Turli moyli urug’lar meva po’stlari tarkibiga kiruvchi ayrim kimyoviy moddalari bilan ham farq qiladilar. Masalan zig’ir meva po’stida shilliq moddalar bo’lsa, boshqalarida fenol va shunga o’xshash moddalar uchraydi.
Agar pishib to’kilgan urug’larning meva po’sti ochilib ketmaydigan bo’lsa, urug’ qobig’i to’qimalari murtak va endospermnikiga o’xshash ancha yumshoq bo’ladi. Aksincha agar pishib yetilgan urug’ning meva po’sti ochilib ketadigan bo’lsa, bunday moyli urug’lar urug’ qobig’i to’qimalari meva po’stinikiga o’xshash ancha mustahkam bo’ladi. Ko’p hollarda qayta ishlanayotgan moyli urug’lar quruq urug’ po’stiga ega bo’lishadi. Suvli po’stloqli urug’lar odatda qadimiy evolyutsion o’simliklarda uchraydi.
Murtak-embrion holdagi o’simlik, unda murtak holdagi o’simlikning barcha vegitativ organlari (ildiz va novdalar) bo’ladi. Ildizdan kurtakkacha o’sish zonasi-murtak poyachasidir. Murtakning asosiy to’qimalari tsilindrsimon hujayralardan tashkil topgan bo’lib, shu to’qimalar asosan texnologik jarayonlardagi maydalashga ancha chidamlidir.
Murtakdagi dastlabki barglar o’ziga xos tuzilishga ega va ular urug’palla barglar deyiladi. Murtakdagi urug’pallalar soniga ko’ra bir va ikki pallali deb ataladigan ikki sinfga bo’linadi.
Urug’pallalar ikki xil to’qimadan tashkil topgan bo’ladi: o’rab turuvchi
(tashqi va ichki epidermis) va asosiy urug’pallani o’rta qismida o’tkazuvchan va mexanik to’qimalar bo’lib ulardan yaproq tolalari paydo bo’ladi. Asosiy to’qimalar ko’p qatorli cho’zinchoq, radial joylashgan hujayralardan tashkil topgan. Murtak ichidagi kurtakcha asosan urug’ning unib chiqishiga yaqin, uchli tarafida, urug’pallalar orasida joylashgan bo’ladi.
Turli xil moyli urug’larning murtaklari asosan bir turdagi plandagi bo’lib, tashkil qiluvchilarning rivojlanish darajasi va o’lchamlari bilan farq qiladi. Asosan bu urug’pallalarga tegishli farq. Endospermasi bo’lmagan kungaboqarlarda urug’pallalar qalin etli, chunki asosiy to’plangan yоg’simon va oqsil moddalar shu yerda bo’ladi.
Chigitda urug’palla yupqa, lekin yuzasi katta, chunki urug’palla o’ralgan holda bo’ladi.
Endospermasi yaxshi rivojlangan ( kanakunjutda) urug’pallalar yupqa ikkita yaproqcha holida endosperm orasida joylashgan bo’ladi.
Endosperm-gulli o’simliklardagi qo’sh urug’lanish hodisasida muhim biologik ahamiyatga ega. Murtak qopchasidagi ikkilamchi mag’izning urug’lanishi endospermni paydo bo’lishiga sabab bo’ladi. Endosperm hayotiy faol to’qima tarzida rivojlanadi. Tez bo’linishi natijasida oziqlantiruvchi to’qimaga aylanadi. Endosperm murtakning rivojlanishida muhim ahamiyatga ega.
Endosperm to’qimasining tuzilishi asosiy murtak to’qimasiga o’xshash. Endospermsiz urug’larda bu to’qima deyarli bo’lmay, qisman urug’ qobig’i bilan bitib ketgan bir, ikki qator hujayralar qavati holida uchraydi.
Chigit endospermi urug’pallari o’ramlar orasidagi tekislovchi qatlam to’qima sifatida bo’lib, uning qalinligi qatlamlar chuqurligiga bog’liq. Zig’ir urug’i endospermining hajmi murtak hajmiga teng. Kanakunjut endospermi asosiy to’plovchi to’qima bo’lib, urug’ qobig’i ichidagi barcha bo’shliqni egallaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |