105
6-bob.
NEFT VA GAZ KONLARI JINSLARINING TAVSIFI
VA ASOSIY XUSUSIYATLARI
Neft uyumlarini ishlatishning samarali tizimini
yaratish va ulardan unumli
foydalanishni tashkil etish uchun neftli jinslarning litologik-fatsial va kollektorlik
xususiyatlarini mufassal o’rganish zarur. Tog’ jinslarining tarkibi, tuzilishi va
ularning mahsuldor qatlam maydoni bo’ylab taqsimlanishini bilish quduqlarni
oqilona joylashtirish, qatlamga ta’sir etish tadbirlarini ishlab chiqish va haydash
quduqlari burg’ilanadigan joylarni asoslash imkoniyatini beradi.
Neftli jinslarni
mukammal o’rganmasdan turib neft uyumining suvlanishini, neftli qatlamning
ishlanganlik yo’sinini nazorat qilish hamda yuqori neft beraolishlik koeffisientiga
erishish mumkin bo’lmaydi.
SHu sababli neftli jinslarni o’rganish masalasiga etarli darajada e’tibor berilishi
lozim.
6.1. TOG’ JINSLARINING FATSIAL-LITOLOGIK TUZILISHI
VA KOLLEKTORLIK XUSUSIYATLARI
Neftli va gazli jinslarning litologik va fatsial tuzilishini o’rganish neft va gaz
konlarini ishlatishda, razvedka va ishlatish quduqlarini oqilona joylashtirishda va
b.larda muhim ahamiyatga ega. Ko’pdan-ko’p neft va
gaz yer osti saqlagichlari
cho’kindidan hosil bo’lgan jinslardan ― qum, qumtosh, konglomerat, ohaktosh,
dolomit va sh.k. dan tarkib topgan. Boshqa yo’l bilan hosil bo’lganlari, masalan,
magmatik va metamorfik jinslar kamdan-kam hollardagina yer osti neft saqlagichlari
bo’laoladi. yer yuzasining turli uchastkalarida fizik-geografik sharoitlarning
o’zgaruvchanligi har xil genetik tipdagi cho’kindi va fatsiyalarning to’planishiga
sabab bo’ladi.
Fatsiya
deganda bir xil sedimentatsiya sharoitida cho’kindilar hosil bo’lishi
tushuniladi. Demak, fatsiya bir xil tarkibli cho’kindi hosil bo’ladigan tabiiy fazoviy
vaqtli sistema bo’lib, ma’lum bir fizik-kimyoviy sharoitlarda tarkib topadi. Har bir
fatsiyaga fizik-kimyoviy va gidrodinamik jarayonlarning muayyan va bir xil tipi
hamda aniq fauna va florasi xos. Fatsiyani murakkab tabiiy sistema sifatida
o’rganishda topografik (topofatsiyalar), biologik (biofatsiyalar), cho’kindi
(sedifatsiyalar), gidrokimyoviy va hokazo fatsiyalarni ajratish mumkin. Masalan,
delta topofatsiyasi, dolomit loyqali sedifatsiya va shunga o’xshash fatsiyalar. Fatsiya
nomi umuman topofatsiya nomiga mos keladi.
Fatsiyalarning hosil bo’lishini fizik-geografik, fizik-kimyoviy sharoitlariga ko’ra
dengiz, kontinental va laguna turlarini ajratish mumkin. Dengiz fatsiyasi cho’kindi
jins qatlamlari orasida eng ko’p tarqalgan. Qadimiy dengizlarning qirg’oqqa
yaqin
106
zonalarida yotqazilgan cho’kindilar tarkibi turli-tuman bo’lib, ularning asosiy qismi
neft-gazga boy jinslardan iboratdir.
Barqaror tektonik va iqlimiy sharoitli oblastlar maydonida hosil bo’lgan va
genetik jihatdan o’zaro bog’liq bo’lgan fatsiyalar majmui
formatsiyani
hosil qiladi.
CHo’kindi formatsiyalarning platforma va geosinklinal turlari ajratiladi. Platforma
formatsiyalari platformada hosil bo’ladi. Tektonik harakatlar shiddatining sustligi
jinslar guruhining geologik tarkibini aks ettiradi. Dinamik barqaror bepoyon
sedimentatsiya havzalari turg’un biogen va xemogen yotqiziqlarning katta
maydonlarda to’planishiga sharoit tug’diradi. Karbonatli,
terrigen-karbonatli va
galogen formatsiyalar keng tarqalgan qadimiy platformalarda bunday sharoitlar
mavjud bo’lgan.
Dinamik faolroq yosh platformalarda terrigen formatsiya jinslari ko’p uchraydi.
Karbonat va galogen platforma formatsiyalarining hosil bo’lishida iqlim muhim rol
o’ynaydi. Magmatik, trapp, kimberlit, traxibazalt va tarkibi bir-biriga yaqin boshqa
formatsiyalarning bir xil hosilalari uchraydi.
Geosinklinal formatsiyalar geosinklinallarda hosil bo’ladi. Geosinklinal rejim
sharoiti
yuqori tezlik, tektonik harakatning tabaqalanishi va keskin farqlanishi -
vulkanik, kimyoviy, biologik yo’l bilan hosil bo’lgan tog’ jinslari tarkibining har
xilligi, to’planishining tezligi, fatsiyalarning qalinligi va rang-barangligi bilan ajralib
turadi. SHuningdek, turli intruziv magmatizmlarning yuzaga kelishi va gidrotermal
jarayonlarning rivojlanishi tog’ jinslarining shiddatli o’zgarishiga sabab bo’ladi.
Geosinklinallarning rivojlanishini erta bosqichiga kremniyli-vulkan, aspidli, andezit-
bazaltli formatsiyalar; o’rta
bosqichiga - grauvakkali, gilli, flishli, andezitli, rifli
formatsiyalar;
kechki
bosqichiga-quyi
molass,
vulkanogen-molass,
tuzli
formatsiyalar xosdir. Bu formatsiya yotqiziqlarining litologik tarkibi vertikal va
gorizontal yo’nalishlarda o’zgaruvchandir.
Cho’kindi jinslar hosil bo’lishiga ko’ra chaqiq, xemogen va organogen turlarga
bo’linadi; chaqiq jinslar bo’sh-sochiluvchan yoki zarralari o’zaro birikkan -
sementlangan bo’ladi.
Qum-alevritli jinslar zarrachalarining shakli,
silliqlanish darajasi, saralanishi
cho’kindi to’planish sharoitlariga ko’ra bir-biridan farq qiladi. SHunga ko’ra bir
rayondagi neft-gazli jinslar kvarts qumlari yoki qumtoshlaridan tuzilgan bo’lsa,
boshqa rayondagilari dala shpati mineraliga boy bo’lgan polimikt jinslardan tarkib
topgan bo’ladi.
Jinslarning kollektorlik xususiyatlari ularning g’ovakliligi va o’tkazuvchanligi
miqdori bilan baholanadi, shuningdek, u zarralar shakli va zarra fraksiyalari miqdori,
zarralarni biriktirib turuvchi sement xususiyatiga hamda gil minerallarning bor-
yo’qligiga qarab belgilanadi.
V.P.Baturin va P.P.Avdusinlar olib borgan ilmiy tadqiqotlar jinslarning
kollektorlik xususiyatlariga ularning litologik tarkibi bilan bir qatorda zarralarning
katta-kichikligi va bir xilligi ham ta’sir etishini ko’rsatdi. Bunga ko’ra kvarts
zarralardan tuzilgan qum jinslarning o’tkazuvchanligi yuqori, dala shpati zarralaridan
tuzilganlarining o’tkazuvchanligi kam, gilli slanets
va fillitlardan tarkib
107
topganlariniki juda ham kam o’tkazuvchanlikka ega. Jinslarning kollektorlik va
o’tkazuvchanlik xususiyatlariga slyuda va gil minerallar salbiy ta’sir ko’rsatadi.
Yuqori g’ovaklilik va o’tkazuvchanlikka ega bo’lgan ayrim jinslar tarkibida neft
saqlasada, kon-geologiyasi nuqtai nazaridan ularni kollektor, deb atab bo’lmaydi,
chunki ishlatish chog’ida u ichidagi neftni bermaydi. Shu sababli
neft va gaz
kollektorlari
deganda nafaqat o’zida flyuidlarni saqlaydigan, balki uyumni ishlatish
chog’ida ularni o’zidan chiqara oladigan tog’ jinslari tushuniladi.
Do'stlaringiz bilan baham: