O‘zbekistonning xalqaro reytinglarda tutgan o‘rni
Asrorbek Xusniddin o‘g‘li Parpiyev
asrorbekparpiyev03@gmail.com
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti
Annotatsiya:
Ushbu maqolada O‘zbekiston Respublikasining xalqaro
reytinglarda tutgan o‘rni batafsil yoritilgan bo‘lib, hozirgi kunda ushbu reytinglardagi
ko‘rsatkichlarni yanada yaxshilash uchun mamlakatimizda olib borilayotgan ishlar
atroflicha tahlil qilingan.
Kalit so‘zlar:
BMT, elchi, Tashqi ishlar vazirligi, xalqaro reyting va indekslar,
MDH, so‘z erkinligi, YUNIDO, AQSh Davlat departamenti
Uzbekistan's place in international rankings
Asrorbek Husniddin oglu Parpiyev
asrorbekparpiyev03@gmail.com
University of World Economy and Diplomacy
Abstract:
This article describes in detail the role of the Republic of Uzbekistan
in international rankings, and provides a detailed analysis of the work currently being
done in our country to further improve the performance of these rankings.
Keywords:
UN, Ambassador, Ministry of Foreign Affairs, International Ratings
and Indexes, CIS, Freedom of Speech, UNIDO, US State Department
Bugungi kunda insoniyat taraqqiyoti va barcha sohalarda kechayotgan
globallashuv, sifat va tarkibiy o‘zgarishlar xalqaro hamkorlik va xalq diplomatiyasini
yangi bosqichga ko‘tarishga, har bir suveren mamlakatni ushbu holatlarga yangi nigoh
bilan qarashga, ular bilan birga olg‘a qadam tashlashga undamoqda.
Ma’lumki, har bir davlatning jahon miqyosida tutgan mavqei xalqaro reyting va
ko‘rsatkichlardagi o‘rni bilan belgilanadi. Chunki, xalqaro reyting va indekslar har bir
davlatning ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli va rivojlanish jarayoni, aholining turmush darajasi,
inson huquqlari muhofazasi, tadbirkorlar va xorijiy investorlar uchun qulay shart-
sharoitning mavjudligi, raqobatbardoshlik va barqaror iqtisodiy o‘sish kabi muhim
jihatlarni o‘zida yaqqol namoyon qila oladigan “ko‘zgu”dir. Shuning uchun ham
O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgandan so‘ng xalqaro reyting va
ko‘rsatkichlarda o‘ziga munosib o‘ringa ega bo‘lish va mavqeini yanada rivojlantirish
maqsadida faol tashqi siyosat olib borishni boshlagan. Xalqaro tashkilotlar va xorijiy
"Science and Education" Scientific Journal / ISSN 2181-0842
February 2022 / Volume 3 Issue 2
www.openscience.uz
1502
mamlakatlar bilan hamkorlik qilish orqali jahonda yuqori reytinglarga ega bo‘lish
davomida tizimda uchragan ba’zi kamchiliklar tufayli mamlakatimizda bir muddat
tashqi aloqalar sezilarli darajada sustlashib qoldi. Bu esa, albatta, xalqaro indekslardagi
o‘rnimizga ta’sir o‘tkazmay qolmadi.
Biroq, 2016-yilning so‘nggi choragida prezident etib saylangan Shavkat
Mirziyoyev bu holatni chuqur anglagan xolda turli sohalar qatori tashqi siyosat tizimini
ham tanqidiy qayta ko‘rib chiqish va uning faoliyatini kuchaytirish, mamlakatning
xalqaro maydondagi imidji va investitsiyaviy jozibadorligini yanada mustahkamlash,
davlat tashkilotlarida xalqaro reyting va indekslar bilan ishlashning yangi
mexanizmlarini joriy qilish ustuvor vazifa ekanligiga alohida e’tibor qaratdi. Jumladan,
siyosiy-huquqiy va iqtisodiy xalqaro reytinglarda O‘zbekiston Respublikasining
o‘rnini yaxshilash va bu borada mas’ul davlat organlariga yuklatilgan ustuvor
vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini kuchaytirish maqsadida
davlatimiz rahbarining 2019-yil 7-martdagi PF-5687-sonli “Xalqaro reyting va
indekslarda O‘zbekiston Respublikasining o‘rnini yaxshilashga oid chora-tadbirlarni
tizimlashtirish’’ to‘g’risidagi farmoni imzolandi. Bu qaror asosida Ustuvor xalqaro
reyting va indekslar bilan ishlashni muvofiqlashtirish bo‘yicha maxsus komissiya
tuzildi. Bundan tashqari 2020-yil 2-iyunda qabul qilingan “O‘zbekiston
Respublikasining xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yaxshilash hamda davlat
organlari va tashkilotlarida ular bilan tizimli ishlashning yangi mexanizmini joriy
qilish to‘g‘risida” gi farmoni mamlakatimizda bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan
islohotlarni yangi bosqichga ko‘tarishda muhim dasturilamal bo‘lib hizmat qildi.
Mazkur farmonga muvofiq, xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha
respublika kengashi tuzilib, sohada parlament nazorati o‘rnatildi.
Bugungi kunda hayotning har bir jabhasida yangilik va bunyodkorlik ishlari jadal
sur’atlarda davom etmoqda. Tabiiyki, bunday o‘zgarishlar natijasi nafaqat xalqimiz
hayotida, balki nufuzli xalqaro reyting va indekslarda ham o‘z ifodasini topayapti.
Hamda xalqaro maydondagi qat’iy sa’y-harakatlarimiz natijasida yurtimizning nufuzi
va obro‘-e’tibori tobora yuksalib, dunyo mamlakatlari orasida o‘z o‘rniga ega
bo‘lmoqda. Jumladan,
mamlakatimiz o‘z tarixida birinchi marta BMTning Inson
huquqlari bo‘yicha kengashiga a’zo etib saylandi. Yaqinda AQSh Davlat departamenti
tomonidan O‘zbekiston diniy erkinlik sohasidagi “maxsus kuzatuvdagi davlatlar”
ro‘yxatidan chiqarilgani keng ko‘lamli demokratik islohotlarimizning e’tirofi bo‘lgan
bo‘lsa, faol iqtisodiy islohotlarimiz natijasida yaqinda BMT ning Sanoatni
rivojlantirish tashkiloti (YUNIDO) ning “Raqobatbardosh sanoat unumdorligi indeksi”
bo‘yicha hisobotida mamlakatimiz ilk marotaba aks etti va 152 ta davlat orasida 92-
o‘rinni, MDH ga a’zo davlatlar orasida 5-o‘rinni, Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida
esa 2-o‘rinni egalladi. Xususan, iqtisodiyotda davlatning rolini kamaytirish,
makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan bosqichma-bosqich islohotlar
"Science and Education" Scientific Journal / ISSN 2181-0842
February 2022 / Volume 3 Issue 2
www.openscience.uz
1503
2020-yilda Jahon bankining “Biznes yuritish” indeksida 76-o‘rindan 69-o‘ringa
ko‘tarilishimizga, “Transparency International”ning korrupsiyani qabul qilish hamda
“World Justice Project”ning Qonun ustuvorligi indekslarida yurtimizning o‘rni
yaxshilanishiga olib keldi. So‘nggi to‘rt yil mobaynida mamlakatimiz Meros
jamg‘armasining “Iqtisodiy erkinlik” indeksida 52 pog‘onaga, Jahon bankining
“Logistika samaradorligi” indeksida 19 pog‘onaga, “Biznes yuritish” indeksida 18
pog‘onaga ko‘tarildi.
Shu bilan birga, bu yo‘nalishda hali qilinishi kerak bo‘lgan muammo va vazifalar
talaygina. Chunki, Xalqaro reyting va indekslardagi mamlakatimiz o‘rnining
yaxshilanishi ko‘p jihatdan qabul qilayotgan qonunlarimizning joylardagi ijrosiga
bog‘liq. Shu bilan birga, ayrim rahbarlar reytinglar bilan ishlashga yetarlicha e’tibor
qaratmayotganligi va xalqaro tashkilotlar tomonidan o‘tkazilayotgan so‘rovlarda
aksariyat islohotlar o‘z aksini topmayotganligi oqibatida ustuvor xalqaro reyting va
indekslarda O‘zbekiston Respublikasi quyi pog‘onalarda qolmoqda. Asosan, siyosiy-
huquqiy reyting va indekslarda mamlakatimiz o‘rinlari nisbatan quyi pog‘onalarda.
Masalan, So‘z erkinligi va hisobdorlik indeksida 191-o‘rinda, Normativ sifat indeksida
184-o‘rinda, Korrupsiyani nazorat qilish indeksida 183-o‘rinda, Qonun ustuvorligi
indeksida 182-o‘rinda, Jahon matbuot erkinligi indeksida 156-o‘rinda turibmiz. Biroq
shuncha
ishlarga
qaramay,
indekslardagi
ko‘rsatkichlar
bu
borada
hali
kamchiliklarimiz borligini ko‘rsatib turibdi.
Alohida ta’kidlash lozimki, biron-bir davlatning xalqaro reyting va indekslarda
tutgan o‘rni ko‘p jihatdan o‘sha mamlakatning olib boradigan tashqi siyosatiga ham
bog‘liq. Chunki, mustaqillikni mustahkamlash, mamlakatning xavfsizligi, barqarorligi
va taraqqiyoti ko‘p jihatdan xorijiy davlatlar bilan olib boriladigan faol tashqi siyosatga
bog‘liq. Shuning uchun elchilarimiz bu holatga alohida e’tibor qaratib, xalqaro reyting
va indekslardagi o‘rnimizni yaxshilash uchun amaliy ishlar qilishi zarur. Xususan,
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2018-yilning 11-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston
Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va mamlakatimizning xorijdagi elchixonalari
faoliyatiga bag‘ishlagan nutqida: “Sizlar (Elchilar) O‘zbekiston ochiq, amaliy va
o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanini xorijiy mamlakatlarning
keng jamoatchiligiga yetkazish bo‘yicha muntazam ish olib borishingiz zarur” deb
ta’kidlab o‘tgan. Chunki diplomatlarimiz davlatimizning tashqi siyosatini samarali
amalga oshirish uchun to‘liq mas’ul va javobgardir.
Lekin, yuqorida sanab o‘tilgan muammo va kamchiliklar, albatta, e’tiborsiz
qoldirilgani yo‘q. Joylardagi qarorlar ijrosini ta’minlash va nazorat qilish maqsadida
davlatimiz rahbarining farmoni asosida tashkil etilgan kengash tarkibiga mahalliy
hokimlarning kiritilgani fikrimizning yaqqol isbotidir. Bundan tashqari, yurtimizda
so‘z erkinligi hamda ommaviy axborot vositalarining cheklov va to‘siqlarsiz faoliyat
yuritishi, media bozorida teng sharoit yaratish va ularning faoliyatini yanada
"Science and Education" Scientific Journal / ISSN 2181-0842
February 2022 / Volume 3 Issue 2
www.openscience.uz
1504
rivojlantirish maqsadida Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish
jamoat fondi tashkil etildi. Bularning barchasi inson qadrini ulug‘lashga, odamlarning
hayotdan rozi va mamnun bo‘lib yashashini ta’minlashga xizmat qilishi bilan yanada
muhim mazmun kasb etadi.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, hozirgi kunda jamiyatimizda amalga
oshirilayotgan islohotlarning bosh vazifasi xalqimizni rozi qilishdek ezgu maqsadga
yo‘naltirilmoqda. Barcha islohotlar, sa’y-harakatlar, qabul qilinayotgan qonun hamda
qarorlar zamirida ham ushbu ezgu maqsad yotibdi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Ma’lumki, aholi yuritilayotgan siyosatdan qanchalik rozi bo‘lsa, turli reyting va
indekslardagi o‘rnimiz o‘z-o‘zidan oshib boraveradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |