INSON FAROVONLIGI – XALQ DEMOKRATIK PARTIYASI SIYOSATINING BOSH MAQSADI
O‘zbekiston aholisini bugungi kunda oziq-ovqat va kundalik ehtiyoj mollarini fiziologik me`yorlar darajasida iste`mol qilish uchun etarli daromadga ega bo‘lmagan qismining kambag‘alligi bartaraf etilmaguncha, eng muhim umummilliy manfaatlardan biri – Vatanimizning gullab yashnashiga erishish mumkin emas.
Partiya, inson va uning oilasi sog`ligi va farovonligi uchun shart bo`lgan tirikchilik uchun zarur eng kam daromad miqdori, ya`ni, eng kam iste`mol savatchasiga kiruvchi oziq-ovqat, kiyim-kechak, uy-joy, tibbiy va ijtimoiy xizmatlardan iborat turmush darajasini ta`minlovchi, jahonda umume`tirof etilgan inson huquqlarining mamlakatimizda ro‘yobga chiqarilishini, bu masaladagi bosh mo`ljal, deb hisoblaydi.
Bu vazifani hal etish uchun partiya, birinchi navbatda:
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 39-moddasining tirikchilik uchun zarur eng kam daromad miqdori to`g`risidagi qoidasini amalga oshirish mexanizmini qonunchilik vositasida belgilash;
davlat statistika hamda mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish organlari tomonidan eng kam iste`mol savatchasi, tirikchilik uchun zarur eng kam daromad miqdori, aholining haqiqiy daromadlari darajasini aniqlaydigan, O‘zbekiston sharoitlariga to‘g‘ri keladigan hozirgi zamon uslublarini ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish;
daromadi har bir oila a`zosi boshiga tirikchilik uchun zarur eng kam daromad miqdoridan past oilalar qonun bilan belgilangan tartibda ijtimoiy yordam olishi, bunday oilalarning mehnatga qobiliyatsiz a`zolari esa tirikchilik uchun zarur eng kam daromad miqdorini kafolatlovchi ijtimoiy ta`minotga ega bo‘lishi;
hukumat tomonidan ish haqi, pensiya, nafaqa va ijtimoiy yordamning boshqa turlari eng kam miqdorini tirikchilik uchun zarur eng kam daromad miqdori darajasiga etkazishga mo‘ljallangan o‘sishning o`rta muddatli davlat dasturi qabul qilinishiga erishishga harakat qiladi.
Makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar nuqtai nazaridan buning uchun, aholi jon boshiga hisoblaganda, mamlakatda ishlab chiqarilayotgan yalpi ichki mahsulotning yillikhajmini ikki barobar oshirishni ta`minlash talab etiladi. O‘zbekiston XDP, hozirgi paytda erishilgan yillik iqtisodiy o‘sish sur`atlari ikki barobar oshgan taqdirda, mamlakatda 2010 yil oxirigacha shunday darajaga erishsa bo‘ladi, deb hisoblaydi.
Partiya bu vazifalarni hal etish uchun davlatning makroiqtisodiy siyosati quyidagilarni ta`minlashi zarur, deb hisoblaydi:
uchta bir biriga bog‘liq masalani hal etishni ko‘zda tutgan agrar sohani rivojlantirishga kompleks yondashish – fermer xo‘jaliklarini muttasil rivojlantirish; ish bilan band bo‘lmagan qishloq aholisining agrar sohaga bosimini pasaytirish; qishloqda sifat bo‘yicha shahar darajasiga yaqinlashtirilgan bozor, muhandislik, kommunal va ijtimoiy infratuzilmalarni yaratish;
mehnatga qobiliyatli barcha aholining ish bilan to‘laqonli bandligini ta`minlash;
aholining zaif qatlamlarini maqsadli ijtimoiy himoyalashning samaradorligini oshirish.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi yuqorida zikr etilgan makroiqtisodiy siyosat ustuvorliklarga urg`u berish, nafaqat mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning ijtimoiy yo‘naltirilishini kuchaytiradi, balki davlat byudjetining daromad qismini ham sezilarli ravishda mustahkamlaydi, deb hisoblaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |