Po‘latlarni cho‘zilishga sinash va uning elastiklik modulini aniqlash. Tajribada Guk qonunini tekshirish
1.1. Ishdan maqsad Cho‘zilishda Guk qonunini tekshirish.
1.2. Ish bo‘yicha asosiy tushunchalar Sterjenga cho‘zuvchi (siquvchi) yuk statik ravishda qo‘yilsa yukning miqdori noldan berilgan qiymatgacha asta-sekin oshib boradi, sterjen ko‘ndalang kesimidagi kuchlanish proporsionallik chegarasidan kichik holda hosil bo‘layotgan absolyut uzayish (qisqarish) o‘zgarayotgan yuk miqdoriga to‘g‘ri proporsional bo‘ladi, ya’ni
(1.1)
bu ifoda Guk qonunini ifodalaydi. Bunda, P–sterjenga qo‘yilgan bo‘ylama kuch, l – sterjenning uzunligi, Fo–sterjen ko‘ndalang kesimining yuzasi, E–sterjen materialining elastiklik moduli, Δl– sterjenning absolyut uzayishi.
Cho‘zilishda Guk qonunini tekshirish uchun namunaga qo‘yiladigan yukni bir xil bosqich bilan bir necha marta oshirib, har bosqichga mos kelgan Δl absolyut uzayish o‘lchanadi.
Yukning har bir bosqichiga to‘g‘ri kelgan absolyut uzayish Δl miqdorlarining bir-biriga deyarli tengligi cho‘zilishda Guk qonuni to‘g‘ri ekanligini isbotlaydi.
Δl va P koordinata o‘qlarida cho‘zilish diagrammasini chizsak, u to‘g‘ri chiziq ko’rinishida bo‘ladi.
1.3. Tajribani o‘tkazishda ishlatiladigan mashina Tajriba ikki plunjerli, besh shkalali UG-20/2 universal gidravlik mashinada o‘tkaziladi. Bu mashina yordamida namunaga 20 tonnagacha yuk quyilishi mumkin. Mashinaning 1.1-rasmda keltirilgan soddalashtirilgan sxemasida yuk hosil qiluvchi qism (1), yukni o‘lchaydigan qism (2), diagramma chizuvchi baraban (3) va sinaladigan namuna (4) ko‘rsatilgan. Namuna qo‘zg‘almas (5) va qo‘zg‘aluvchan (6) qisqichlarga mahkamlangan.
Mashinaning yuk hosil qiluvchi qismida joylashgan gidravlik nasos (7) elektromotor yordamida mineral moyni trubka (8) orqali mashina silindriga (9) uzatib, porshen (10) ostida katta bosim hosil qiladi. Bunda porshen va unga mahkamlangan yuqoridagi (11) va pastki (12) traverslar yuqoriga ko‘tarilib namunani cho‘zadi.
Porshen ostidagi bosim trubka (13) yordamida kuch o‘lchovchi qismdagi silindrga uzatiladi. Bu silindr porsheni richaglar va mayatnik orqali yuk o‘lchovchi shkalaning strelkasi (14) bilan bog‘langan. Shuning uchun porshen harakatlanganda, strelka burilib shkalada namunaga ta’sir qilayotgan kuchning miqdorini ko‘rsatadi.
Δl va P o‘qlarda cho‘zilish diagrammasini chizish maxsus asbobda (3) bajariladi. Diagramma chizadigan qalam (15) yuk o‘lchovchi strelka bilan bog‘langan reykaga (16) o‘rnatilgan. Shuning uchun namunaga qo‘yilgan yukning miqdorini ko‘rsatuvchi strelka burilganda, reyka ham siljib qalamni P o‘qi bo‘yicha harakatga keltiradi. Qalamning Δl o‘qi bo‘ylab siljishi baraban (3) ning o‘z o‘qi atrofida aylanishi natijasida hosil bo‘ladi. Baraban bloklar orqali o‘tgan va uchiga yuk (17) osilgan shnur (18) yordamida qo‘zg‘aluvchan qisqich joylashgan travers bilan bog‘langan. Namuna cho‘zilganda qo‘zg‘aluvchan qisqich va travers bilan yuqoriga ko‘tariladi va osilgan yuk ta’siridan surilib, barabanni aylantiradi.
1.2-rasmda richagli MIL tenzometri keltirilgan. Tenzometr bazasi 100 mm. Kattalashtirish koeffitsiyenti K=500.