Qarshi mang„itlari saltanati
So‗nggi Ashtarxoniy hukmdor Abulfayzxon davrida (1711-1747) Buxoro xonligi bir
nechta mustaqil hokimliklarga bo‗linib ketadi. Xonlikka tobelikdan chiqib, mustaqillik da‘vo
qilgan bekliklarda qavm boshliqlari boshqaruvni o‗z qo‗llariga oladilar.
101
Hokimiyat talashuvlar natijasida bir-biriga dushman bo‗lgan urug‗ boshliqlari o‗zlariga
qo‗shni bo‗lgan tuman yoxud shahar va qishloqlarni atayin talon-taroj qilar, oqibatda aholi
turmushi izdan chiqar, qishloq xo‗jaligi, hunarmandchilik, savdo-sotiq, madaniyatga katta putur
yetar edi. Abulfayzxon davrida Qashqadaryoda ikki katta o‗zbek urug‗i – mang‗itlar va
kenagaslar boshliqlari o‗rtasidagi ixtilof avjiga chiqadi. Mang‗itlar vohaning quyi qismida –
Qarshi va uning tevarak-atrofida, kenagaslar esa Shahrisabz, Kitob tumanlarida joylashgan edi.
Bu urug‗ boshliqlari xon huzurida o‗z mavqelarini oshirish nuqtai nazaridan kelisha olmas edilar.
Xonlikda obro‗ e‘tibori baland urug‗ boshlig‗i katta imtiyozlarga ega bo‗lardi.
Mavqe talashuvlar xalqni jonidan bezor qiladi. Katta shaharlar nufusi tinch go‗shalarni
axtarib, o‗z makonlarini tark qiladilar. XVIII asrning 20-yillarida Samarqand butunlay huvillab
qoladi. Bunday holatni Qashqa vohasining Qarshi va Shahrisabz singari shaharlarida ham ko‗rish
mumkin edi.
Xonlik urug‗ boshliqlari o‗rtasidagi adovatni bosti-bosti qilish o‗rniga, bir tomonga yon
bosar, shu bilan qarama-qarshilikni, ataydanmi, yanada kuchaytirar edi. Jumladan, kenagaslar
boshlig‗i Ibrohimbiy Otaliq mang‗itlarga qarshi kurashda omadi yurishmaganiga sabab deb
bilgani Abulfayzxonga oxir-oqibatda oshkora dushmanlik yo‗liga o‗tadi. U Samarqandga borib,
«Chingiz avlodidan bo‗lgan» xorazmlik shahzoda (ham kuyovi) Rajabni xon deb e‘lon qiladi.
Abulfayzxon siyosatidan norizo bo‗lgan boshqa qavmlar ham Ibrohim Otaliq atrofiga
jam bo‗ladi va ular bir necha yil davomida Buxoroga qattiq xavf tug‗dirgan yurishlar qiladi. Bu
vaqtda Boxoroda bo‗lgan Pyotr I ning elchisi Beneveni aytishicha, g‗alayon ko‗targanlar gohida
poytaxtni besh oylab qamalda tutib turganlar. Garchand, Rajabxon tez orada vafot etgan bo‗lsa-
da, Buxoro yon-atrofidagi qishloqlarni talash ishlari qariyb yetti yil davom etadi. Buxoro bu
hujum va talashlardan juda xarob holda keladi. Viloyatda ocharchilik ruju qilib, kishilar qattiq
azoblarni boshdan kechiradilar. Bu paytda Abulfayzxon poytaxtida atigi ikki mahallada odamlar
yashab turgan ekan.
Xonlik poytaxtida ahvol shu darajada bo‗lganidan keyin, uning viloyatlaridagi hayot tarzi
nechog‗lik ekanligini tasavvur qilish qiyin emas. Buning ustiga, Nodirshoh Afshor o‗zi tobe
etgan shahar va qishloqlardan qo‗shin oladi. Eron lashkarlariga Qarshi hokimi Muhammad
Hakim Otaliqning o‗g‗li Muhammad Rahim ham o‗z yigitlari bilan xizmatga kirgan edi.
Muhammad Rahim keyinchalik Ashtarxoniylar sulolasini tugatib, yangi – Mang‗itlar
sulolasiga asos solgan kishi edi. Nodirshoh «tarbiyasini» olgan Muhammad Rahim to‗rt-besh
yillik xizmatdan so‗ng, Buxoroga keladi va amirul umaro mansabini egallaydi. Abulfayzxon
ko‗p o‗tmay (1747) olamdan o‗tadi. Bunda Muhammad Rahimning qo‗li bor edi. Otasi o‗rniga
nomiga xon bo‗lgan Abdulmo‗min bir yilga yetar-yetmas, 1748 yilda zindonda yo‗q qilib
yuboriladi.
102
Muhammad Rahim o‗z hokimiyatining dastlabki yillarida an‘anaga rioya qilib, soxta
xonlar qo‗yishda davom etadi. U harbiy amaliyotdan xabardor kishi sifatida butun siyosiy aql-
idrokini tutday to‗kilgan mamlakatni tiklash ishlariga safarbar qilishga qaratadi. Abulfayzxon
zamonida mayda-mayda xonlikchalarga bo‗linib, davlat ichida davlatchalar bo‗lib olgan Urgut,
O‗ratepa, Jizzax, Shahrisabz singari joylar qattiq kurashlar natijasida yana Buxoroga
bo‗ysundiriladi. Hisorni zabt etishda qattiqqo‗llik qilinadi. Bu joyda yashab kelayotgan
o‗zbekning yuz (juz) urug‗i Buxoro xonligining markaziy qismiga ko‗chirib keltiriladi. Hozirgi
vaqtda Samarqand, Buxoro, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida yashayotgan yuzlar
aslida Muhammad Rahim farmoniga muvofiq bu joylarga ko‗chirib kelingan edi. Bu bilan u
kuchli bo‗lgan yuz qavmini zaiflashtirishni ko‗zda tutgan edi va shunga erishadi ham.
Muhammad Rahimning birlashtirish uchun olib borgan kurashlarida uning Nodirshoh
qo‗shinida orttirgan tajribalari qo‗l keladi. Buning ustiga unda Erondan keltirilgan harbiy
anjomlar bo‗lib, ular ko‗p jihatdan o‗zbek beklarining ibtidoiy qurollaridan afzal edi. 1752 yilda
Qashqa vohasining yuqori qismidagi shaharlar, qal‘alar birin-ketin Muhammad Rahimga
bo‗ysunadiki, bunda ana shu qurollar, o‗rnatilgan yangi harbiy nizom ustunligi xam ish beradi.
Muhammad Rahim Buxoro xonligi xududlarini kengaytirib, o‗z mavqeini mustahkamlay
boshlagach, uning obro‗-e‘tibori ham osha boradi. 1756 yilning kuzida din peshvolari tashabbusi
bilan unga rasmiy ravishda xon unvonini berish masalasi qo‗yiladi. Muhammad Rahim bunga
xaqli xam edi. U Abulfayzning qiziga uylangan, xonlik taxti vorisligiga da‘vo qilishi mumkin
edi. Muhammad Rahim Otaliq xonlik unvonini butun xalq yig‗ini hal xilishini o‗rtaga qo‗yadi.
Shunday yig‗in chaqiriladi ham.
Yig‗inda o‗zbek urug‗larining vakillari, sayidlar, din arboblari, qozilar, qo‗shin
boshliqlari, amaldorlar, e‘tiborli fuqarolar, hunar ahli vakillari qatnashadilar. Unga yakdillik
bilan xon unvoni beriladi. Muhammad Rahimni oq kigizga o‗tqazib, xonlik masnadiga
chiqaradilar. Marosimda nufuzli urug‗ boshliqlari bilan bir qatorda, ulug‗ eshonlar, sayidlar, qozi
va hojilar qatnashadi. Ashtarxoniylar davrida bu xildagi ma‘rakada faqat to‗rt asosiy urug‗
boshliqlari ishtirok etar edi, xolos. Bu ham Muhammad Rahim asos solgan yangi sulolaning
siyosati nimaga qaratilganligini ishora qilar edi. Muhammad Rahimxon devonida
mansabdorlarning aniq belgilangan joylari bo‗lgan, xonning chap tomonidagi birinchi o‗rin
naqiblarniki bo‗lgan, o‗ng tomonidagi birinchi joy esa shayxulislomga atalgan. Devondagi
mansabga qarab joy olish an‘anasi mang‗it amirlari davrida o‗zgarib borgan. Muhammad
Rahimxon o‗z hokimiyatida ruhoniylarga qattiq tayanganligini shayxulislomga berilgan yuksak
o‗rin misolida ham ko‗rish mumkin edi.
«Turon podshohlari odatiga ko‗ra», Muhammad Rahimxon davlatning eng oliy
lavozimlarini o‗ziga sadoqatli bo‗lgan 32 o‗zbek urug‗lari vakillariga bo‗lib beradi. Bunda
103
viloyat va tuman bekligi lavozimlari ham tegishli kishilarga berilgan. Buxorodagi oliy din
arboblari ham katta martabaga noil etilgan. Saroyda avvaldan mavjud bo‗lgan unvon va amallar
qayta tiklanadi va unga xonning yaqinlari-mang‗itlar, xitoy-qipchoq va boshqa o‗zbek urug‗lari
namoyandalari qo‗yiladi. Abulfayzxon davrida iqtisodiy tanglik sababli «qisqarib ketgan
mansablar» qayta tiklanadi. Bu xonlikning o‗zini rostlay boshlaganligi, izdan chiqqan
boshqaruvning qayta jonlanganligi nishonasi edi. Xonning amakisi, taxtning bo‗lajak vorisi
Doniyolbiy parvonachilik lavozimini oladi va bir vaqtning o‗zida Karmana hokimi qilib
tayinlanadi. Qo‗ldan chiqqan viloyatlarni, shaharlarni tobe qilgan sipohiylarga alohida shaharlar,
qishloqlar, tumanlar suyurg‗ol qilib beriladi. Ulardan keladigan daromad ham tartibga solinadi.
Muhammad Rahimxon davrida oliy diniy mansablar quyidagicha edi: hoji kalon,
shayxulislom, naqib va qozi kalon hamda harbiylar qozisi – qozi askar. Hojikalon va
shayxulislomlik amallariga Jo‗ybor shayxlari vakillari quyiladi. Shu tariqa, Muhammad
Rahimxon tamomila izdan chiqqan boshqaruv arkonini mustahkamlaydi. Uning ishni boshqaruv
arkonini takomillashtiruvga qaratganligi keyinchalik mang‗itlar sulolasining umrini XX asr
birinchi choragi oxirlariga qadar uzaytirgan asosiy omil bo‗lgan edi.
Mang‗itlar hokimiyatiga asos solgan Muhammad Rahimxon 1759 yilda vafot etadi.
Muhammad Rahimxon vafotidan so‗ng hokimiyatga uning amaki ukasi Doniyolbiy Otaliq
(Doniyor) keladi. U xonlik unvonini qabul qilmagan.
Doniyolbiy Otaliq Muhammad Rahimxon boshlagan islohotlarni nihoyasiga yetkaza
olmaydi. Boshdan u hokimiyat jilovini oldirib quyadi. Amalda tizgin Davlatbiy qushbegi qo‗liga
o‗tadi. Otaliq o‗zicha biron-bir davlat ahamiyatiga molik masalani hal qila olmagan. Qushbegi
bundan foydalanib, o‗zining boyishini o‗ylagan, zulmni, haqsizlikni avjiga chiqargan.
Chor Rossiyasi Doniyolbiy hukmronligi yillarida xonlik yuragiga qo‗l solib ko‗rish
paynda bo‗ladi. Dastlab savdo-sotiq bitimi tuzish taklifi o‗rtaga qo‗yiladi. Doniyolbiy bir narsani
sezibmi, yoinki, o‗zi hal qilolmasligi oqibatidami, har holda, buni 92 o‗zbek urug‗i bilan
kengashib hal qilajagini bildiradi.
Doniyolbiy Otaliq kuchli va donishmand hukmdor emas edi. Muhammad Rahimxon
markaziy hukumatni kuchaytirish, xonlik sarhadlarini kengaytirish bobida erishgan
muvaffaqiyatlar uning davriga kelib patrat topa boshlaydi. Shahrisabz, O‗ratepa, Samarqand kabi
viloyatlar mustaqillik da‘vosini qilib, xonlikka bo‗ysunishdan bosh tortadi. Ayrim
amaldorlarning xalqni talashga o‗tib ketganligi, ichki ziddiyatlarning kuchaya borishi, urug‗
boshlqlarining mavqe talashib, o‗zaro dushmanlikni kuchaytirishi oqibatida xalkning ahvoli
borgan sari og‗irlasha boshlaydi. Buning ustiga shar‘iy bo‗lmagan yasoq, yorg‗u kabi
soliqlarning qo‗shimcha joriy etilishi fuqarolar hayoti darajasining pasayib ketishiga bois
bo‗ladi. Doniyolbiyning hokimiyatni o‗zlariga tashlab qo‗yganidan foydalangan qushbegi va
104
qozikalon xazinani o‗marishdan tashqari, oliq-soliqlar yig‗imiga ham xiyonat qiladilar, ko‗z
ko‗rib, quloq eshitmagan bedodliklarni o‗ylab chiqaradilar.
Poytaxtda vujudga kelgan bunday vaziyat Otaliqqa qarshi kuchlarning paydo bo‗lishiga
olib keladi. Doniyolbiyni ochiqdan-ochiq «zolim» deb atay boshlaydilar. Otaliqqa qarshi kuchlar
safida uning o‗g‗li, ma‘rifatli Shoh Murod (Mas‘um) ham bor edi. Doniyolbiyning hokimiyatda
bo‗lishi (1759-1785) poyoniga yetmoqda edi. Doniyolbiyning o‗n ikkita o‗g‗li bo‗lgan. Shoh
Murod o‗zining bilimi, haqgo‗yligi, adolatpeshaligi bilan elning va nihoyat, otasining nazariga
tushadi. Otasi uni valiahd qilib tayinlaydi.
Doniyolbiy vafotidan so‗ng (1785 yil), Shoh Murod Buxoro taxtini egallaydi. U ham
otasi singari xonlik unvonini qabul qilmagan. O‗zini amir deb yuritgan. Biroq V.V.Bartoldning
mulohazasiga ko‗ra, Shoh Murodning amirligi turkiy beklarning an‘anaviy amirligi ma‘nosidan
o‗zgacharoq, islomiy yo‗sinda, xalifalik mohiyatiga ega bo‗lgan – amir al-mo‗minin ma‘nosini
tashigan.
Amir Shoh Murod o‗zining o‗n besh yillik (1785-1800) saltanatida Eron podshohi
Nodirshoh bosqini tufayli Buxoro xonligi tarkibidan chiqib ketgan Amudaryo chap sohilidagi
mulklarni (Balx) qaytarishga, Marv va unga tutash yerlarni ham tobe qilishga erishadi.
XVIII asrning oxirlarida amir Shoh Murod nomi bilan bog‗lanadigan yana bir ijobiy jihat
uning izdan chiqqan sug‗orish tarmoqlarini tiklashi va kengaytirishida ko‗rinadi. Bu haqda
V.V.Bartold ham so‗zlab, «uning podshohligi davrida (1785-1800) Zarafshon, Amudaryo va
Qashqadaryodagi sug‗orish tarmoqlari tiklangan edi», deydi.
Amir Shoh Murod o‗z mamlakatini XIX asr bo‗sag‗alarida birqadar quvvatli qilishga
erishgan edi. Oliq-soliqlar obodonchilik, qishloq xo‗jaligini yuksaltirish singari muhim ishlarga
sarf qilinar edi. Sug‗orish tarmoqlarini tiklash, yangi ariqlar qazish, dambalar qurish ishlariga
aholini jalb etish – hashar amalga oshirilgan.
Markaziy Osiyo shaharlari XVIII asrda yuz bergan og‗ir tanazzuldan birdaniga o‗zini
o‗nglab, tiklanib keta olmagan. Qarshi shahrini tiklash ishlariga faqatgani amir Shoh Murod
davrida kirishiladi. Bu shahar mang‗itlar sulolasining o‗ziga tayanch ma‘volaridan hisoblanar
edi. Bu ishga XVIII asr oxirlarida, ya‘ni amir Shoh Murod o‗limidan bir oz vaqt oldin hokim
qilib yuborilgan shohzoda, valiahd Haydar jalb etiladi. Qarshi shahrining qo‗rg‗oni, masjid va
madrasalari, karvon saroylari, namozgoh masjidi shu davrda ta‘mirlanadi, shahar
obodonlashtiriladi.
Amir Haydar XIX asrning boshlanishida (1800 yilda) taxtga chiqadi. Uning hokimiyati
1826 yilga qadar davom etadi. Amir Haydar vafotidan so‗ng (1826) taxtni o‗g‗li Nasrullo
egallaydi. Amir Nasrullo 1826 yilda taxtga chiqib, o‗ttiz to‗rt yilga yaqin, ya‘ni 1860 yilga qadar
hukm suradi.
105
XVIII asr ikkinchi yarmida Buxoro xonligi Turkiston tuprog‗ida vujudga kelgan uch
davlat o‗rtasida «markaziy o‗rinni» ishg‗ol qilishiga qaramasdan, hatto, XIX asr boshlarida unda
mayda feodal mulklar o‗z mustaqilligini saqlab qolgan edi. Shulardan biri Shahrisabz bekligi edi.
Qarshi XIX asr boshlarida iqtisodiy jihatdan birqadar taraqqiy qilgan edi. Bu davrni
maxsus tadqiq etgan olim P.P.Ivanovning shahodatiga ko‗ra, Buxoro, Samarqanddan so‗ng
(Samarqand aholisi 30 ming bo‗lgan) uchinchi o‗rinda Qarshi shahri turgan.
Amir Shoh Murod va Amir Haydarlar davrida amalga oshirilgan sug‗orish inshootlari,
chiqazilgan ariqlar dehqonchilik taraqqiyotiga ma‘lum darajada omil bo‗lgan esa-da, hosil
beradigan yerlar ko‗lami o‗troq aholi ehtiyojlarini to‗la qondira olmagan. Qishloqlarda
dehqonlarning ahvoli yaxshi emas edi. Uylar yoppasiga paxsadan ko‗tarilar, kapalar, o‗tovlar
ham iste‘molda edi. Yerto‗lalarda kishilar yashab turganligi ham manbalarda qayd etiladi.
Shahar aholisidan tashqari, yer va suvi bo‗lmagan, chorvasi yo‗q qishloq kishilarining bir
qismi hunarmandchilik bilan shug‗ullangan. Bunday turmush sharoiti faqat ehtiyoj orqasidan
bo‗lib qolmasdan, Qashqa vohasidagi ko‗p asrlik an‘ana bilan ham bog‗liq edi. Masalan,
Kasbida kulolchilik taraqqiy etgan bo‗lsa, G‗ilon, Koson, G‗uzorda temirchilik, to‗qimachilik,
bo‗yoqchilik va boshqa sohalar rivojda bo‗lgan.
Qarshida Shahrisabz, Kitob, G‗uzor va Kosonda bo‗lgani singari sanoat ham oyoqqa tura
boshlaydi. Paxtani, junni, ipakni qayta ishlash korxonalari buning misoli bo‗ladi.
106
Do'stlaringiz bilan baham: |