118-modda. Sud xarajatlarining taqsimlanishi
Sud xarajatlari ishda ishtirok etuvchi shaxslarning qanoatlantirilgan da’vo talablari miqdoriga mutanosib ravishda ularning zimmasiga yuklatiladi.
Hal qiluv qarori o‘z foydasiga chiqarilgan tarafga ish bo‘yicha qilingan barcha sud xarajatlarining o‘rni, garchi boshqa taraf davlat bojini to‘lashdan ozod etilgan bo‘lsa ham ushbu boshqa taraf hisobidan qoplanadi.
Da’vogar to‘lashdan belgilangan tartibda ozod qilingan davlat boji, agar javobgar boj to‘lashdan ozod qilinmagan bo‘lsa, qanoatlantirilgan da’vo talablari miqdoriga mutanosib ravishda javobgardan respublika budjeti daromadiga undiriladi.
Agar ish ishda ishtirok etuvchi shaxs tomonidan mazkur toifadagi nizolar uchun qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan nizoni sudgacha hal qilish (talabnoma yuborish) tartibini buzish (talabnomani javobsiz qoldirish, talab qilingan hujjatlarni jo‘natmaslik) oqibatida yuzaga kelgan bo‘lsa, sud ishning natijasidan qat’i nazar, sud xarajatlarini shu shaxsning zimmasiga yuklatishga haqli.
Da’vogarning talablari u sudga murojaat qilganidan so‘ng javobgar tomonidan ixtiyoriy ravishda qanoatlantirilsa, sud xarajatlari javobgarning zimmasiga yuklatiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Agar da’vogar tomonidan bildirilgan neustoykani undirish haqidagi talab asosli bo‘lib, biroq uning miqdori qonunchilikda belgilangan huquqdan foydalanilgan holda sud tomonidan kamaytirilgan bo‘lsa, sud xarajatlarining kamaytirilishi hisobga olinmagan holda undirilishi lozim bo‘lgan neustoyka summasidan kelib chiqqan holda, sud xarajatlari javobgarning zimmasiga yuklatilishi lozim.
(118-moddaning oltinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Davlat boji to‘lashdan ozod qilingan davlat organlari hamda boshqa shaxslar tomonidan yuridik shaxslar va fuqarolarning manfaatlarini ko‘zlab taqdim etilgan da’vo talablarini qanoatlantirish rad etilgan yoki ular qisman qanoatlantirilgan taqdirda, davlat boji manfaatlari ko‘zlanib da’vo taqdim etilgan shaxslardan da’vo talablarining qanoatlantirilishi rad etilgan qismiga mutanosib ravishda undiriladi.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning sud xarajatlarini taqsimlash to‘g‘risidagi kelishuviga ko‘ra, sud ushbu kelishuvga muvofiq hal qiluv qarorini qabul qiladi.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 18.12.2009-yildagi 204-sonli “Iqtisodiy sudlar tomonidan kelishuv bitimini tasdiqlashda protsessual qonun normalarining qo‘llanilishiga oid ayrim masalalar to‘g‘risida”gi qarorining 17-bandi.
Oldingi tahrirga qarang.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning apellatsiya, kassatsiya shikoyati berish bilan bog‘liq holda qilgan sud xarajatlari ushbu moddada bayon etilgan qoidalarga muvofiq taqsimlanadi.
(118-moddaning to‘qqizinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 12-yanvardagi O‘RQ-663-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 13.01.2021-y., 03/21/663/0013-son)
Do'stlaringiz bilan baham: |