O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida ta’lim sohasida samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. 2018 yil 29 avgust kuni Adliya vazirligida adliya vaziri o‘rinbosari A.Tashkulovning Xalqaro ta’lim bo‘yicha Amerika kengashlarining O‘zbekistondagi vakolatxonasining davlat ro‘yxatidan o‘tganligi haqidagi guvohnomani tantanali topshirish tadbiriga ishtirok etish uchun kelgan AQShning O‘zbekistondagi elchisi Pamela Spartlen bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Ma’lumki, 2018 yil 15-18 may kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoev AQShga rasmiy tashrif buyurdi. Tashrif chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoev AQSh prezidenti Donald Tramp bilan tor va keng doirada o‘tkazilgan muzokaralarda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investisiyaviy va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilinishi bilan birga kelgusida ikki davlatlar o‘rtasida ta’lim sohasida ham o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda munosib hissa qo‘shishga qaratilgan Xalqaro ta’lim bo‘yicha Amerika kengashlarining O‘zbekistonda tashkil etilishi ijobiy qabul qilindi. O‘z navbatida mazkur masala bo‘yicha AQSh prezidenti D.Tramp O‘zbekistonda ingliz tililini o‘qitish bo‘yicha dasturlarni amalga oshirishda AQSh tomonidan yaqindan amaliy yordam berilishi haqida ishontirgan. Ustavga muvofiq ushbu tashkilotning asosiy maqsadi:
Amerika Qo‘shma Shtatlari fuqarolari bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni va yakdillikni mustahkamlash;
Talabalar, magistrantlar va o‘qituvchilar uchun xalqaro ta’lim almashinuvlari va amaliyotlarini tashkil etish;
Amerika ta’limi dasturlari bo‘yicha tadbirkorlik, innovasion texnologiyalarga bevosita aloqadar bo‘lgan mutaxassislarni jalb etgan holda universitetlarning o‘zaro hamkorligini mustahkamlashga qaratilgan dasturlarni amalga oshirish.
P.Spartlen O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida yuqori darajada yo‘lga qo‘yilgan hamkorlikni e’tirof etib, uning mamlakatiga buyurilgan oliy darajadagi tashrif yakunlari bo‘yicha erishilgan hamma kelishuvlar so‘zsiz amalga oshirilayotganligi alohida ta’kidlab, vakolatxonaning ro‘yxatdan o‘tkazishida ko‘rsatilgan ko‘mak uchun o‘z minnatdorchiligini bildirdi. Shu bilan birga tadbir jarayonida ishtirok etgan vakolatxona ishonchli vakillari tomonidan kelgusida Vakolatxonaning faoliyati ikki tomonlama munosabatlarning mustahkamlanishiga hamda O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida ta’lim sohasida samarali huquqiy asos yaratishi ta’kidlandi.
O‘zbekiston Respublikasi ta’lim darajasi bo‘yicha dunyoning rivojlangan mamlakatlari qatoriga chiqdi. Yoshlarni jahon fani va bilimlari xazinasidan bahramand qilishga katta e’tibor berilmoqda. Respublika o‘quv yurtlarining chet ellardagi o‘quv markazlari bilan aloqalari ancha mustahkamlandi. Chet ellik o‘qituvchilar va mutaxassislarni xorijiy tilda mashg‘ulot olib borish uchun taklif qilish, shuningdek, chet el o‘quv va ilmiy markazlarida xodimlarning malaka oshirishi va talabalarning o‘qishi kengayib bormoqda. Ayni vaqtda jahonning ko‘plab mamlakatlaridan kelgan xorijiy fuqarolar O‘zbekistonda ta’lim olishmoqda.