8-bob. Kompetensiyalarni baholash markazlarini akkreditatsiyalash
1-§. Akkreditatsiyalash tartibi
101. Kompetensiyalarni baholash markazlari o‘z faoliyatlarini amalga oshirish uchun vakolatli organda ushbu Nizomga 6-ilovada belgilangan tartibda, muddatlarda va sxemada akkreditatsiyadan o‘tadilar.
102. Kompetensiyalarni baholash markazini bir nechta kasb faoliyati (kasblar) bo‘yicha akkreditatsiyalashga ruxsat beriladi.
103. Akkreditatsiyalash yoki akkreditatsiyani rad etish to‘g‘risidagi qaror vakolatli organ tomonidan Respublika kengashi taqdimnomasiga asosan qabul qilinadi.
104. Akkreditatsiyadan o‘tishga da’vo qilayotgan Kompetensiyalarni baholash markazi Respublika kengashiga:
7-ilovada keltirilgan shaklga muvofiq akkreditatsiya uchun arizani;
Kompetensiyalarni baholash markazining shtatida kompetensiyani, malaka va ko‘nikmalarni baholashga da’vo qilayotgan har bir yo‘nalish bo‘yicha va/yoki fuqarolik-huquqiy tavsifdagi shartnoma bo‘yicha oliy ma’lumotli mutaxassis(lar)ning mavjudligi haqidagi hujjatlarni;
Kompetensiyalarni baholash markazi kompetensiyani, malaka va ko‘nikmalarni baholashga da’vo qilayotgan har bir yo‘nalish bo‘yicha baholash maqsadlarini amalga oshirishga xizmat qiluvchi xo‘jalik yuritish, tezkor boshqaruv va boshqa qonuniy asoslarda mulk sifatida moddiy-texnika bazasiga ega ekanligini tasdiqlovchi hujjat(lar)ni taqdim etadi.
Akkreditatsiyani olish uchun ariza Respublika kengashi tomonidan ariza va akkreditatsiya olish uchun taqdim etiladigan zarur hujjatlar tushgan kundan boshlab 15 kun davomida ko‘rib chiqiladi.
105. Akkreditatsiyaga arizani ko‘rib chiqqanlik uchun to‘lov kuniga to‘g‘ri keluvchi bazaviy hisoblash miqdorining besh barobari miqdorida yig‘im olinadi. Yig‘im summasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.
106. Qabul qilingan qaror to‘g‘risida Respublika kengashi Kompetensiyalarni baholash markazini tegishli qaror qabul qilingandan keyin uch kun muddatda xabardor qilishi shart.
107. Vakolatli organning Kompetensiyalarni baholash markazini akkreditatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha ijobiy qarori natijasida Kompetensiyalarni baholash markaziga ushbu Nizomga 8-ilovada belgilangan namunadagi akkreditatsiya to‘g‘risida guvohnoma beriladi.
Akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnoma besh yil muddatga beriladi.
108. Vakolatli organ quyidagi hollarda yuridik shaxsni akkreditatsiyadan o‘tkazishni rad qiladi:
yuridik shaxs tomonidan talab darajasida rasmiylashtirilmagan hujjatlar taqdim qilinganda;
yuridik shaxs tomonidan taqdim qilingan hujjatlarda haqqoniy bo‘lmagan yoki noto‘g‘ri ma’lumotlarning mavjudligi;
yuridik shaxsning ushbu Nizomda ko‘zda tutilgan talablar va shartlarga to‘g‘ri kelmasligi.
Akkreditatsiyalashni rad qilish haqidagi qaror asoslangan bo‘lishi kerak va rad qilish sabablarini hamda yuridik shaxsga ko‘rsatilgan kamchiliklarni tuzatishi va hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish uchun taqdim etish muddatini ko‘rsatgan holda xat shaklida yuboriladi.
109. Akkreditatsiyalashni rad qilish haqidagi qarorda ko‘rsatilgan muddat kamchiliklarni tuzatish uchun zarur bo‘lgan muddatga to‘g‘ri kelishi kerak.
110. Akkreditatsiyalash rad qilinganda arizani ko‘rib chiqish uchun to‘langan yig‘im qaytarilmaydi.
111. Hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish vakolatli organ tomonidan yuridik shaxsning barcha zarur bo‘lgan hujjatlari bilan birga berilgan arizasi qabul qilgan kundan boshlab besh kun davomida ko‘rib chiqiladi. Yuridik shaxsning arizasini takroriy ko‘rib chiqish uchun yig‘im undirilmaydi.
Takroriy ko‘rib chiqish bo‘yicha akkreditatsiya rad qilinganda yuridik shaxsdan akkreditatsiya uchun berilgan har bir keyingi arizalarini ko‘rib chiqish uchun ushbu Nizomda belgilangan tartibda to‘lov undiriladi.
Yuridik shaxsning arizasi takroriy ko‘rib chiqilganda akkreditatsiya rad qilinganligi haqida muqaddam ko‘rsatilmagan asoslardan tashqari yangi asoslar bo‘yicha akkreditatsiyani rad qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
112. Akkreditatsiyani rad qilish uchun asos bo‘lgan sabablarni barataraf etish uchun ajratilgan vaqtdan keyin berilgan yuridik shaxsning akkreditatsiya to‘g‘risidagi arizasi yangidan berilgan deb hisoblanadi.
113. Vakolatli organ qaroridan norozi bo‘lganda Kompetensiyalarni baholash markazi akkreditatsiyani rad etish to‘g‘risidagi qaror hamda vakolatli organ mansabdor shaxsining harakatlari (harakatsizligi) haqida qonunchilikda belgilangan tartibda shikoyat qilishga haqli.
Do'stlaringiz bilan baham: |