2-bob. Milliy malakalar tizimining maqsadi, asosiy vazifalari va bazaviy komponentlari
4. Milliy malakalar tizimining maqsadi quyidagilardan iborat:
mehnatga layoqatli aholiga ularning mehnat faolligidan to‘la foydalanish, ishchi kuchi sifatini oshirish, ishga joylashtirishga muhtoj shaxslarni xalqaro tajriba asosida kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini kengaytirish uchun sharoitlar yaratish;
mehnat bozori talablariga mos keluvchi, lavozimda o‘sish va raqobatbardoshlikni ta’minlovchi kasb malakalari va ko‘nikmalarini egallash uchun milliy malakalar ramkasining yagona platformasini shakllantirish;
fuqarolarning mehnat salohiyatidan to‘la foydalanish uchun imkoniyatlar yaratishga yo‘naltirilgan huquqiy, institutsional va infratuzilmaviy mexanizmlarni, jumladan, butun umr davomida ta’lim, malaka oshirish va qayta tayyorlashdan o‘tish ko‘rinishida shakllantirish, va shu asosda mehnat bozori va ta’lim tizimining amal qilishi va samarali o‘zaro ta’sirini ta’minlash.
5. Milliy malakalar tizimining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
butun umr davomida kasbga o‘qish, malaka oshirish va qayta o‘qishni tashkil etish va o‘tkazish, shuningdek, xodimlarning, ayniqsa ishchi kasblar bo‘yicha obro‘sini oshirish va kasb standartlarini joriy etish orqali aholi bandligiga ko‘maklashishga qaratilgan institutsional tizim va infratuzilmani shakllantirish va amal qilishini ta’minlash;
ishsizlar va band bo‘lmagan aholini kasb-hunarga o‘qitish markazlarida ishsizlar va band bo‘lmagan aholini, ayniqsa yoshlarni kasbga o‘qitish, malakasini oshirish va qayta o‘qitishni tashkil etish;
kasb standartlari asosida malakani baholash va tasdiqlash bo‘yicha infratuzilmani yaratish va amal qilishini ta’minlash;
zamonaviy standartlar asosida kompetensiyani baholash markazlari faoliyatini tashkil etish;
malaka darajasini egallash va tasdiqlashni xohlovchi barcha shaxslar uchun ixtiyoriylik tamoyillari asosida teng sharoitlarni ta’minlash;
kompetensiyalarni baholashning haqqoniy, xolis va shaffof jarayonini ta’minlash maqsadida kompetensiyalarni baholash markazlari faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish;
kompetensiyalarni baholash markazlari tomonidan qo‘llash uchun tegishli malakalar bo‘yicha baholashning zamonaviy uslublarini joriy etish;
mehnat organlari tomonidan ishsizlar va band bo‘lmagan aholini kasb-hunarga o‘qitish markazlari va boshqa ta’lim muassasalari hamda kompetensiyalarni baholash markazlari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar orqali O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan, belgilangan talablarga muvofiq, ishsizlar va band bo‘lmagan aholini kasbga o‘qitish, qayta o‘qitish va malakasini oshirish hamda fuqarolarning kasbiy malakasini baholash va tasdiqlash bo‘yicha ishlarni bajarish va xizmatlarni ko‘rsatish bo‘yicha ehtiyojlarni tizimli ravishda aniqlash, tartibga solish va, zarur hollarda, davlat buyurtmasini shakllantirish va joylashtirish;
kompetensiyalarni baholash markazlari tomonidan muayyan mutaxassislik (kasb) bo‘yicha kasbiy kompetensiya darajasini tasdiqlovchi va Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchi kasblari klassifikatoriga muvofiq malaka toifalarini (razryadlarini) berishga asos bo‘luvchi kompetensiya to‘g‘risidagi sertifikat berilishini ta’minlash;
Tasdiqlangan malakaga ega shaxslar Milliy reyestrini shakllantirish va amal qilishini ta’minlash;
o‘rta bo‘g‘in mutaxassislar va ishchilar malaka darajasini muntazam oshirish mexanizmini yuritish;
ta’lim dasturlari va resurslari shakllanishiga ta’sir etuvchi, ularni amalga oshirishda, shu jumladan o‘quv natijalarini baholash qismida foydalaniladigan, muayyan faoliyat turlari, o‘rta bo‘g‘in mutaxassislari lavozimlari, ishchi kasblari va ta’lim darajasi bo‘yicha kasb standartlarini ishlab chiqish va dolzarblashtirish tizimini shakllantirish;
kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimining muayyan faoliyat turlari bo‘yicha mehnat bozorining dolzarb talablariga mosligini baholash orqali mehnat bozorining faoliyatlar bo‘yicha tarkibi, holati va rivojlanish dinamikasi haqidagi kompleks tasavvurni shakllantirish
faoliyatning murakkablik, mas’uliyat va talab qilingan vakolatlar ko‘lami parametrlari va darajalari bo‘yicha ishlab chiqarish faoliyatining tegishli turlariga ko‘ra ishlab chiqarish jarayonlari tahlili asosida tarmoq va tarmoqlararo malaka tavsiflarini tarkiblash tizimini shakllantirish;
ishsiz fuqarolar va band bo‘lmagan aholi orasida o‘z malakasini tasdiqlashning foydasi va afzalligini tushuntirish.
6. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Milliy malakalar tizimi ishini muvofiqlashtiruvchi organ bo‘lib hisoblanadi.
7. Quyidagilar Milliy malakalar tizimi ishtirokchilari hisoblanadi:
Kasbiy malakalarni rivojlantirish respublika kengashi;
davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalari huzuridagi kasbiy bilim va ko‘nikmalarni rivojlantirish bo‘yicha tarmoq kengashlari;
Ishchi kasblarni rivojlantirish va ommalashtirish assotsiatsiyasi (keyingi o‘rinlarda — Assotsiatsiya);
ishsizlar va band bo‘lmagan aholini kasb-hunarga o‘qitish markazlari;
kompetensiyalarni baholash markazlari;
ta’lim tashkilotlari;
ta’lim sohasidagi davlat boshqaruvi organlari;
ish beruvchilar;
talabgorlar.
8. Milliy malakalar tizimi quyidagi bazaviy komponentlardan iborat:
Milliy malakalar tizimi infratuzilmasi;
institutsional komponentlar;
ishsizlar va band bo‘lmagan aholini kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish parametrlari.
Do'stlaringiz bilan baham: |